Rohatijon
02 avg 12:03
Yangiliklar


Rohatijon
Bu salqin ichimlik tog'lardan olib kelingan toza qor va eritilgan shakardan qilingan shirin suvdan tayyorlanadi. Qor va shirin suvning tabiiy uyg'unligi inson ko'nglini jaziramadan xalos etib, tetiklik baxsh etadi.
Bugun Samarqandda mana shunday zavq bag'ishlaydigan "rohatijon" futbol uchrashuvi ham bor. Vadim Abramov boshchiligidagi "Dinamo" o'z maydonida "Navbahor"ni qabul qiladi. Ikki jamoa ham bu mavsumda muxlislarbop, hujumkor va chiroyli o'yin namoyish etayotganini hech kim inkor qila olmaydi. Agarda inkor qilsa demak bu yil futbol ko'rmagan bo'ladi.
Abramov Samarqandda futbolni qayta jonlantirayotgan bo'lsa, Lushchan yulduzlarsiz ham jamoaviy o'yin orqali yuqori maqsadlar sari intilish mumkinligini amalda isbotlamoqda.
"Navbahor" oxirida otni qamchiladi, "Dinamo"da harajatli harakat
FIFA va O'FA tomonidan joriy etilgan taqiqlar sababli yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkaza olmagan "Navbahor" transfer oynasining so'nggi kunlarida qarzdorliklarni bartaraf etib, jamoani to'ldirishga muvaffaq bo'ldi. Asosiy figuralar Jamshid Boltaboev, Muhammadali G'iyosov, Julio Sezar bo'ldi.
Tark etganlar:
Po'latxo'ja Xoldorxonov ("Sho'rtan")
Alisher Odilov ("Neftchi")
Sergey Karpovich ("ML Vitebsk", Belarus)
Shahzod Toirov (OKMK)
Jahongir Tursunov ("Neftchi Qo'chqor Ota", Qirg'iziston)
Jamoaga qo'shilganlar:
Julio Sezar ("Utai Tani", Tailand)
Muhammadali G'iyosov ("Neftchi")
Jamshid Boltaboev ("Neftchi")
Muslimbek Habibullaev ("Oqtepa")
Jaloliddin Sodiqov ("Olimpik")
Mustafo Abdumannopov
"Dinamo"ning yozgi transfer faoliyati esa harajat bilan bog'liq bo'ldi. Jumladan, "Paxtakor"dan Ulug'bek Hoshimov 400 million so'mga xarid qilindi, Mahmud Mahamadjonov ijarasi uchun 80 million so'm to'landi. "Surxon"dan hujumchi Jahongir Abdusalomov transfer asosida jamoaga qo'shildi. Yarim himoya chizig'ini esa Dmitriy Pletnyov kuchayishi kutilyapti. Tark etgan futbolchilar asosan zaxira o'yinchilari bo'lgani uchun katta yo'qotish yuz bermadi.
Vadim Abramov Samarqandda Braziliyani quryaptimi?
Abramovdan yozgi transferlar davomida, asosan, himoya chizig'ini mustahkamlash kutilgandi. Ammo u markaziy himoyachi sifatida Marko Stanoevichdan foydalanishni maqul ko'rdi. Shunga qaramay, jamoa birinchi davrani kutilganidan yaxshiroq natija bilan yakunladi.
"Tezkor studiya"da takidlanganidek, Abramov Samarqandda "braziliyacha" o'ynaydigan "Dinamo"ni shakllantirmoqda. Jamoaning o'yin uslubi futbol shinavandalariga maqul kelmoqda. Axir stadionga kelgan tomoshabin jamoasi va futboldan mamnun bo'lib chiqishi kerak. Bu — chiroyli kombinaciyalar, to'p nazorati va doimiy harakat asosida qurilgan hujumkor futbol.
Qizig'i shundaki, Karlenovich markaziy himoyachi jalb qilmadi. Marko Stanoevichni ayrim o'yinlarda shu poziciyada o'ynashiga to'g'ri kelyapti. Bu holatni Abramov jamoalarda ko'p guvohi bo'lganmiz. Jamoa birinchi davrani kutilganidan yuqori natijalar bilan yakunladi. Muxlislar esa futboldan rozi bo'lib stadiondan qaytyapti.
Kimda qanday taqvim?
"Dinamo" jamoasining avgust oyi uchun o'yinlari:
02.08.2025. "Dinamo" – "Navbahor"
06.08.2025. "Mashal" – "Dinamo"
11.08.2025. "Dinamo" – "Paxtakor"
16.08.2025. "Dinamo" – OKMK
20.08.2025. "So'g'diyona" – "Dinamo"
25.08.2025. "Dinamo" – "Sho'rtan" (O'zbekiston Kubogi)
"Navbahor" jamoasining avgust oyi uchun o'yinlari:
02.08.2025. "Dinamo" – "Navbahor"
06.08.2025. "Navbahor" – "So'g'diyona"
12.08.2025. "Andijon" – "Navbahor"
16.08.2025. "Navbahor" – "Neftchi"
20.08.2025. "Sho'rtan" – "Navbahor"
25.08.2025. "So'g'diyona" – "Navbahor" (O'zbekiston Kubogi)
Bu o'yin nafaqat ochkolar, balki jamoalarning tanaffusdan qanday qaytganini ko'rsatib beradigan muhim bahs bo'ladi. Va eng asosiysi, Samarqandda "rohatijon" ichgan tomoshabinlar tabiiy zavq ila futbol lazzatini ham tatib ko'rishadi. Umid qilamanki, ikki jamoa bugungi fikrlarimga zid futbol ko'rsatishmaydi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
Навбахордан хар йили яхши натижа кутилади лекин тўғриси бу йил Динамони совринли ўринлар учун курашиши ва бундай чиройли ўйин кўрсатишини кўпчилик кутмаганди. Диномони хам юқори ўринлар учун жанг олиб бораётганлиги Суперлига ўйинлари янада қизиқарли ўтишига сабаб бўлмоқда.. Хар икки жамоага хам омад тилайман ва натижа қандай бўлмасин улар охиригача курашишига ишонаман.