Vinisius yaxshi o'ynamayotganini tan olmoqda, ammo...

Aslanov Jasurbek
22 dek 2025
"Real" vingeri Vinisius Junior ko'ngildagidek o'ynamayotganini tushunib turibdi, ammo unga haddan tashqari ko'p e'tibor qaratilyapti deb ham hisoblaydi.

"Madrid" muxlislari 17 o'yindan beri gol ura olmayotgan Braziliya terma jamoasining 25 yoshli futbolchisini La Liga doirasidagi "Sevilya"ga qarshi o'yinda (2:0) almashtirilganidan so'ng, maydonni tark etayotgan paytda hushtakbozlik bilan kutib olishdi. O'yinchi Instagramdan "qaymoqranglilar" libosidagi suratini o'chirib tashladi va ko'p nuqta qoldirdi. "Real" murabbiyi Xabi Alonso: "Muxlislar o'z fikrini bildirish huquqiga ega", – deb bayonot berdi.

"The Athletic" nashrining jamoadagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Vinisius klub ichida yaxshi o'ynamayotganini tan olgan, ammo shu bilan birga braziliyalik futbolchi jamoaning ishlari yurishmayotganda, umumiy futbolchilar orasidan aynan uni ajratib ko'rsatishayotganini his qilmoqda.

"Real" "Barselona" bilan o'yinda almashtirilganiga o'ta hissiyot bilan munosabat bildirganidan so'ng vingerga nisbatan intizomiy chora ko'rmaslikka qaror qildi, biroq klubdagi manbalar Vinisiusning xulq-atvoridan hafsalasi pir bo'lganini bildirib, buni tajribali o'yinchidan kutiladigan harakatga zid qo'yishdi.

Daniel Karvaxal va Federiko Valverde yo'qligida hujumchi shanba kuni "Santyago Bernabeu"dagi o'yinda sardorlik qildi. O'yin boshida kameralar uning muxlislar hushtakbozligidan noliganini muhrlab qo'ydi. "Biz nima qildik? Men nima qildim? Bu o'yinning birinchi daqiqasi-ku... Lanat!", – dedi Vinisius.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Athletic