Timur Kapadze: "Himoyada yuzaga kelgan xato evaziga gol o'tkazib yubordik"

Sherzod Nurmatov
24 avg 2021, 21:52
Pro liganing 16-turidan o'rin olgan "Aral Samali" - "Olimpik" (1:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Qiyin o'yin bo'ldi. "Aral Samali" jamoasi ham bugungi o'yinga astoydil tayyorgarlik ko'rgani ko'rinib turibdi. Sun'iy maydonda futbol o'ynash baribir qiyin. Yaxshi o'ynayotgandik, himoyada yuzaga kelgan xato evaziga gol o'tkazib yubordik. O'yinning so'nggi qismi keskin va qiziqarli ruhda o'tdi. Bugun ikki ochko yo'qotdik, deb o'ylayman, chunki birinchi bo'limda ko'plab vaziyatlardan foydalana olmadik. "Aral Samali"ga keyingi o'yinlarda omad tilayman.

Kimdir xato qilmasa, gol bo'lmaydi. Himoyachimiz xatosi evaziga gol o'tkazib yubordik. Xato va kamchiliklar ustida ishlaymiz, maqsadimiz sari harakat qilishda davom etamiz.

"Aral Samali" jamoasi yaxshi shakllanmoqda ekan, o'zgarishlar ko'p. Bu yerda futbolni yaxshi ko'radigan muxlislar soni ko'plab topiladi, lekin maydon baribir belgilangan standart darajasida emas. Birinchidan, sun'iy maydon, bundan tashqari, bir oz kichikroq. Lekin futbol o'ynasa bo'ladi.

Farg'onaning "Neftchi" klubiga hujumchi sifatida kelganimda jamoa safida bir qator tajribali futbolchilar bor edi. Xususan, qoraqalpoq futbolidan Nematullo Quttiboev ham o'ynagan. Yodimda bor, u kishi bizga vaziyatlarni gol bilan yakunlash bo'yicha ko'p narsalarni o'rgatgan. Bundan tashqari, jamoada aka-uka Do'rmonovlar, Sergey Lebedev, Aleksandr Pisarev, Andrey Fyodorov kabi nomdor futbolchilar bor edi, ulardan ko'p jihatlarni o'rganganmiz", – dedi "Olimpik" bosh murabbiyi.



O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia