Superliga. Ikkita qizil kartochka ko'rsatilgan o'yinda "Qo'qon-1912" "Bunyodkor"ni mag'lub etdi

3 may 2026, 19:55
Superliganing 11-turi doirasidagi "Qo'qon-1912" - "Bunyodkor" o'yini yakunlandi.

Superliga. 11-tur

"Qo'qon-1912" – "Bunyodkor" 1:0

Bosh hakam: Ravshan Abduvohidov

Yordamchi hakamlar: Amir Galeev, Danil Yacenko

Zaxira hakami: Akmal Rahimov

VAR: G'ayrat Jo'raev

AVAR: Maksim Nexochin

Nazoratchi: Oleg Dachev

Komissar: Bekzod Aripov

⚽️Gol: 1:0 – 36, Muhammadanas Hasanov (Alisher Salimov)

“Qo'qon-1912”: 13.Azizxon Isaqov, 5.Jasurbek Ëqubov, 6.Alisher Salimov, 8.Shota Gvazva, 9.Javohir Husanov (21.G'ulom-Haydar G'ulomov, 75), 10.Shoxruh Gadoev (69.Egor Kondratyuk, 75), 11.Silvanus Nimeli, 19.Shahzod Akramov, 20.Iqboljon Malikjonov, 44.Andro Giorgadze, 99.Muhammadanas Hasanov

Zaxira: 1.Rustam Nartajiev, 4.Asliddin Toshtemirov, 15.Zafar Hakimov, 17.Farhodjon Sohibjonov, 18.Muhriddin Pazildinov, 22.Toma Tabatadze, 30.Ibrohimjon Muxtorov

“Bunyodkor”: 16.Federiko Botti, 4.Najmiddin Normurodov, 6.Boburbek Yuldashev, 9.Matiya Krivokapich, 15.Marko Bugarin (28.Samandarjon Mavlonqulov, 46), 17.Muzaffar Olimjonov (7.Shahboz Umarov, 46), 18.Narimonjon Ahmadjonov, 21.Nosirjon Abdusalomov, 23.Asadbek Rahimjonov (8.Dmitriy Pletnev, 70), 66.Azizbek To'lqunbekov, 77.Bilolxon Toshmirzaev (11.Sardor Abdunabiev, 35)

Zaxira: 1.Abdumavlon Abduljalilov, 3.Sardor Rahmonov, 10.Amir To'raqulov, 27.Islom Anvarov, 88.Mirkamol Annamatov

Ogohlantirishlar: Nosirjon Abdusalomov (40), Matiya Krivokapich (86), Dmitriy Pletnev (90+1), Iqboljon Malikjonov (90+2)

🟥Chetlatishlar: Jasurbek Ëqubov (21), Nosirjon Abdusalomov (48, ikkinchi ogohlantirish)

UCHRASHUV YAKUNLANDI!

Bosh hakamning final hushtagi yangradi. "Qo'qon–1912" hamda "Bunyodkor" jamoalari o'rtasidagi shiddatli va keskin kurashlarga boy bahs o'z nihoyasiga etdi. Ikkinchi bo'limda mezbonlar o'z ustunliklarini saqlab qolish va hisobni oshirish uchun bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi.

"Bunyodkor" futbolchilari so'nggi soniyalargacha muvozanatni tiklashga intilishgan bo'lsa–da, "Qo'qon–1912" himoya chizig'i va darvozabonining ishonchli o'yini mezbonlarga muhim g'alabani taqdim etdi. Biz bilan birga bo'lganingiz uchun tashakkur!

90+2–daqiqa. "Qo'qon–1912" vakili Iqboljon Malikjonov hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Maydonda ehtiroslar junbushga kelmoqda.

90+1–daqiqa. Uchrashuvning so'nggi daqiqalarida keskinlik ortib bormoqda. "Bunyodkor" a'zosi Dmitriy Pletnev raqibning xavfli qarshi hujumini to'xtatib qolish maqsadida Toma Tabatadzeni yiqitdi. Bosh hakam ushbu fol uchun Pletnevga sariq kartochka ko'rsatdi.

90–daqiqa. Uchrashuvning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Ikkinchi bo'limdagi to'xtalishlar, ko'plab o'zgarishlar va maydondagi bahsli vaziyatlarni inobatga olgan bosh hakam asosiy vaqtga 4 daqiqa qo'shib berdi.

Dramatik vaziyatlarga boy bo'layotgan bahsning so'nggi soniyalari boshlandi. "Bunyodkor" bor kuchi bilan oldinga intilmoqda, "Qo'qon–1912" esa g'alabali hisobni saqlab qolish uchun himoyalanmoqda.

89–daqiqa. XAVFLI VAZIYAT! "Qo'qon-1912" hisobdagi farqni oshirish uchun yana bir ajoyib imkoniyatni qo'ldan boy berdi. Muhammadanas Hasanov chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga zargarona uzatmani amalga oshirdi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Egor Kondratyuk qulay vaziyatda bosh bilan zarba yo'lladi, biroq uning urinishiga ozgina aniqlik yetishmadi – to'p darvoza ustuni yuqorisidan o'tib ketdi. Mezbonlar bosimni susaytirishmayapti.

88–daqiqa. Mezbonlarning zaxiradan maydonga tushgan vakili G'ulom–Haydar G'ulomov raqib darvozasi tomon kuchli zarba yo'lladi. Biroq to'p darvoza to'sinidan balandlab, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. "Qo'qon-1912" futbolchilari asosiy vaqt tugashi arafasida ham hujum qilishdan to'xtashmayapti.

86–daqiqa. "Bunyodkor" hujumchisi Matiya Krivokapich hakam qaroriga keskin etiroz bildirgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi. Uchrashuv yakuniga oz qolgan bir vaqtda mehmonlar safida asabiylik kuchayib bormoqda.

82–daqiqa. "Bunyodkor" vakillari raqib darvozasi yaqinida jarima zarbasini amalga oshirishdi. Biroq Umarov yo'llagan zarbadan so'ng to'p to'g'ri "Qo'qon-1912" posboni Azizxon Isaqovning qo'llariga borib tushdi. Mezbonlar darvozaboni xavfni osonlik bilan bartaraf etdi.

80–daqiqa. "Qo'qon-1912" tarkibida navbatdagi o'zgarish: Silvanus Nimeli maydonni tark etdi, uning o'rniga Toma Tabatadze bahsga qo'shildi. Mezbonlar murabbiyi hujum chizig'ini tajribali hujumchi bilan kuchaytirib, qolgan daqiqalarda raqib himoyasini bosimda ushlab turishni ko'zlamoqda.

78–daqiqa. "Bunyodkor" tarkibida navbatdagi o'zgarish: Boburbek Yuldashev o'z o'rnini Sardor Rahmonovga bo'shatib berdi. Mehmonlar murabbiyi himoya chizig'ida yangi kuchni maydonga tushirdi.

78–daqiqa. XAVFLI VAZIYAT! "Qo'qon-1912" hujumchisi Silvanus Nimeli darvozabon bilan yakkama–yakka vaziyatga chiqib bordi. U Federiko Bottining ustidan to'pni ohista tashlab qo'yishga ("parashyut" uslubida) harakat qildi, biroq yo'llangan zarba noaniq chiqdi. Mezbonlar hisobni yiriklashtirish uchun eng qulay imkoniyatlardan birini boy berishdi.

75–daqiqa. "Qo'qon-1912" tarkibida ikkita o'zgarish: maydonni jamoa sardori Shoxruh Gadoev hamda Javohir Husanovtark etishdi. Ularning o'rniga Egor Kondratyuk va G'ulom–Haydar G'ulomov bahsga qo'shilishdi. Mezbonlar murabbiyi o'yin so'nggida tarkibni yangilab, ustunlikni saqlab qolishga harakat qilmoqda.

73–daqiqa. "Bunyodkor" hujumchisi Matiya Krivokarich jarima maydonchasi ichida xavfli zarba yo'lladi. "Qo'qon-1912" himoyachisi Andro Giorgadze fidoyilik ko'rsatib, zarba yo'liga oyog'ini qo'ydi va to'pni to'sib qoldi. Mehmonlarning yana bir hujumi himoyachining ishonchli harakati tufayli bartaraf etildi.

72–daqiqa. "Bunyodkor" vakili Azizbek To'lqunbekov raqib darvozasi tomon zarba yo'lladi. Biroq uning urinishiga aniqlik yetishmadi – to'p darvoza yuqorisidan o'tib ketdi. Mehmonlar hujumlarni to'xtatishmayapti.

70–daqiqa. "Bunyodkor" jamoasida navbatdagi o'zgarish: Asadbek Rahimjonov o'z o'rnini Dmitriy Pletnevga bo'shatib berdi. Mehmonlar qolgan vaqt ichida muvozanatni tiklash uchun yangi kuchlarni jangga tashlamoqda.

68–daqiqa. Maydon egalari jarima maydonchasi ichida bahsli vaziyat yuzaga keldi. "Bunyodkor" vakili Shaxboz Umarov Iqboljon Malikjonov bilan to'qnashuvdan so'ng yiqildi. Mehmonlarning penalti so'rab qilgan murojaatlariga qaramay, bosh hakam qoida buzilmagan deb hisobladi va o'yinni to'xtatmadi.

65–daqiqa. XAVFLI VAZIYAT! Javohir Husanov jamoadoshi Muhammadanas Hasanovning goliga o'xshash uslubda zarba yo'lladi. U jarima maydonchasi ichidan to'pni uzoq burchakka erlatib yo'naltirdi, biroq zarbaga ozgina aniqlik yetishmadi – to'p darvoza ustunining yonginasidan o'tib ketdi. Mezbonlar bosimni oshirishda davom etmoqda.

57–daqiqa. "Qo'qon-1912" sardori Shohruh Gadoev raqib jarima maydonchasi ichida qulay imkoniyatga ega bo'ldi. Uning yaqin masofadan yo'llagan zarbasi darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi. Mezbonlar hisobdagi farqni oshirish uchun yaratilgan navbatdagi xavfli vaziyatdan foydalana olishmadi.

53–daqiqa. "Qo'qon-1912" vakili Shahzod Akramov raqib jarima maydonchasi ichida mahorat ko'rsatdi. U bir himoyachini chiroyli aldab o'tib, darvozaga zarba yo'lladi. Biroq mehmonlar posboni Federiko Botti yana bir bor o'z o'rnida ekanligini isbotlab, xavfli zarbani qaytardi. Mezbonlar hisobdagi farqni oshirishga juda yaqin edilar.

51–daqiqa. "Bunyodkor"ning zaxiradan maydonga tushgan a'zosi Shahboz Umarov uzoq masofadan o'z omadini sinab ko'rdi. Uning yo'llagan zarbasi maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Mehmonlar muvozanatni tiklash uchun imkoniyat qidirishda davom etmoqda.

🟥48–daqiqa. Maydonda son jihatdan muvozanat tiklandi! "Bunyodkor" futbolchisi Nosirjon Abdusalomov ikkinchi bor sariq kartochka bilan jazolandi va maydondan chetlatildi.

40–daqiqada ilk ogohlantirishini olgan Abdusalomov navbatdagi qo'polligi uchun ikkinchi sariq va avtomatik ravishda qizil kartochkaga loyiq ko'rildi. Endi har ikki jamoa maydonda 10 nafardan bo'lib harakat qilishadi.

46–daqiqa. "Bunyodkor" tarkibida ikkita o'zgarish! Ikkinchi bo'lim boshida mehmonlar murabbiyi tarkibni yangilashga qaror qildi: jamoa sardori Marko Bugarin o'rniga Samandarjon Mavlonqulov, Muzaffar Olimjonov o'rniga esa Shaxboz Umarov maydonga tushdi. "Qaldirg'ochlar" hujum chizig'ini kuchaytirib, vaziyatni o'nglashga intilishmoqda.

46–daqiqa. Ikkinchi bo'lim boshlandi! Jamoalar yana maydonda. Bir kishi kam bo'lib o'ynayotgan bo'lsa–da, hisobda oldinda borayotgan "Qo'qon-1912" ustunlikni saqlab qolishga, "Bunyodkor" esa vaziyatni o'nglashga harakat qiladi. Navbatdagi 45 daqiqalikka start berildi.

TANAFFUS. Uchrashuvning birinchi bo'limi yakunlandi. Bosh hakam Ravshan Abduvohidov jamoalarni tanaffusga taklif etdi.

21–daqiqada bir kishi kam bo'lib qolgan "Qo'qon-1912" jamoasi Muhammadanas Hasanovning 36–daqiqadagi goli evaziga hozircha hisobda oldinda bormoqda. "Bunyodkor" vakillari son jihatdan ustunlikka ega bo'lsalar–da, hozircha bundan foydalana olishmadi.

"Qo'qon-1912" – "Bunyodkor" 1:0

45–daqiqa. Birinchi bo'limning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Uchrashuvdagi to'xtalishlar va VAR ko'rigi uchun bosh hakam tomonidan 4 daqiqa vaqt qo'shib berildi. Bir kishi kam bo'lib qolgan "Qo'qon-1912" futbolchilari bo'lim so'nggini ehtiyotkorlik bilan o'tkazishga harakat qilishmoqda.

45–daqiqa. "Bunyodkor" sardori Marko Bugarin raqib darvozasi tomon olis masofadan kuchli zarba yo'lladi. "Qo'qon-1912" posboni Azizxon Isaqov esa hushyorlikni yo'qotmasdan, to'pni ishonchli tarzda qaytarib yubordi.

40–daqiqa. "Bunyodkor" futbolchisi Nosirjon Abdusalomov maydon markazida Muhammadanas Hasanovning tezkor yurishini qo'pollik ishlatib to'xtatib qolgani uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Gol muallifi mehmonlar himoyachilariga anchagina muammo tug'dirmoqda.

⚽️36–daqiqa. GOOOOOOOOLLL!!! "Qo'qon-1912" bir kishi kam bo'lib qolganiga qaramay, hisobni ochmoqda!

Muhammadanas Hasanov o'ng qanotdan raqib jarima maydonchasi ichiga shiddat bilan yorib kirdi va to'pni darvozaning uzoq burchagiga zargarona tarzda aylantirib joylab qo'ydi. Federiko Botti qanchalik harakat qilmasin, to'pga eta olmadi. Maydon egalari kamchilikda bo'lishlariga qaramay, oldinga chiqib olishdi!

"Qo'qon-1912" – "Bunyodkor" 1:0

35–daqiqa. "Bunyodkor" tarkibida ilk o'zgarish: Bilolxon Toshmirzaev maydonni tark etdi, uning o'rniga Sardor Abdunabiev bahsga qo'shildi. Mehmonlar murabbiyi hisobda ortda qolayotgan va raqib bir kishi kam bo'lib qolgan vaziyatda hujumni kuchaytirishga qaror qildi.

29–daqiqa. "Qo'qon-1912" sardori Shoxruh Gadoev raqib jarima maydonchasi ichida raqib bilan to'qnashib yiqildi, biroq hakam o'yinni davom ettirish ishorasini berdi. To'p maydon tashqarisiga chiqib ketgach, o'yinda pauza yuzaga keldi. Ayni damda VAR hakamlari vaziyatni sinchiklab tekshirishmoqda. Penalti belgilanishi mumkin.

🟥 21–daqiqa. VAR ko'rigidan so'ng bosh hakam o'z qarorini o'zgartirdi! Jasurbek Ëqubovga ko'rsatilgan sariq kartochka bekor qilindi va uning o'rniga to'g'ridan–to'g'ri qizil kartochka ko'rsatildi. "Qo'qon-1912" himoyachisi "so'nggi umid foli" sifatida qo'l bilan o'ynagani uchun maydondan chetlatildi. Mezbonlar endi bir kishi kam bo'lib o'yinni davom ettirishadi.

20–daqiqa. Bosh hakam Ravshan Abduvohidov VAR monitori yoniga chaqirildi va vaziyatni shaxsan ko'zdan kechirmoqda. Takroriy lavhalarda Jasurbek Yoqubov to'pni atayin qo'li bilan to'sgandek taassurot uyg'otmoqda. Agar himoyachi to'pni to'xtatib qolmaganida, "Bunyodkor" hujumchisi Matiya Krivokarich darvozabon bilan birga–bir vaziyatga chiqib ketardi. Hakam "so'nggi umid foli" bo'yicha yakuniy qarorni qabul qilishi kutilmoqda.

18–daqiqa. Maydon egalari darvozasi yaqinida keskin vaziyat! "Qo'qon-1912" himoyachisi Jasurbek Ëqubov jarima maydonchasi chizig'i yonida to'pni qo'li bilan o'ynagani uchun sariq kartochkaga loyiq ko'rildi. "Bunyodkor" vakillari esa hakamga etiroz bildirib, bu vaziyat uchun qizil kartochka so'rashmoqda.

14–daqiqa. XAVFLI VAZIYAT! "Qo'qon-1912" jamoasidan Shohruh Gadoev chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga to'pni uzatib berdi. U yerda Javohir Husanov bosh bilan darvozaga xavfli zarba yo'lladi, biroq "Bunyodkor" posboni Federiko Botti mahorat ko'rsatib, to'pni qaytarib yubordi! Mezbonlar hisobni ochishga juda yaqin kelishgandi.

8–daqiqa. "Qo'qon-1912" hujumchisi Silvanus Nimeli raqib jarima maydonchasi ichiga yorib kirdi. U darvozabon bilan birga–bir vaziyatga chiqib ketishi mumkin bo'lgan bir paytda, "Bunyodkor" himoyachisi Boburbek Yuldashev juda faol va ishonchli harakat qilib, to'pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi va xavfni bartaraf etdi.

6–daqiqa. "Qo'qon-1912" vakillari burchak to'pini amalga oshirishdi. Jarima maydonchasiga havolatib etkazilgan to'p hech kimga tegmasdan maydonni tark etdi. Mezbonlarning standart vaziyati besamar ketdi.

3–daqiqa. "Bunyodkor" futbolchilari burchak to'pini o'yinga kiritishdi. To'p jarima maydonchasi ichiga etkazib berildi, biroq Najmiddin Normurodov qulay vaziyatda zarba berishda xatolikka yo'l qo'ydi.

1–daqiqa. O'yin boshlandi! Bosh hakam Ravshan Abduvohidov hushtagini chalib, 11–turning qiziqarli uchrashuvlaridan biriga start berdi. Bugun maydon egalari "Qo'qon-1912" jamoasi ananaviy to'q ko'k, mehmonlar – "Bunyodkor" vakillari esa oq rangli liboslarda harakat qilishadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia