OAVga e'tibor qanday bo'lishi kerak?

Tolibjon Qosimov
25 okt 2013, 15:50
BAAda bo'lib o'tayotgan jahon chempionati men ishtirok etgan xalqaro musobaqalarning to'rtinchisi bo'ldi.

OCHL va terma jamoalarimizning xorijdagi o'yinlarini hisobga olmaganda, debyutimni Qatar yashil maydonlarida bo'lib o'tgan Osiyo Kubogida boshlaganman. Keyin BAAda yoshlar o'rtasidagi qita chempionati va yaqinda bo'lib o'tgan Turkiyadagi JCH. Jahon miqyosidagi musobaqalarda tashkiliy qo'mita asosan ikki jihatga katta e'tibor qaratadi. Biri jamoalarning yaxshi sharoitda musobaqada ishtirok etishi bo'lsa, ikkichisi OAVga yaratiladigan sharoit. Ularning birinchisi musobaqaga asl sababchi bo'lsa, OAV tekin reklama! 

Menimcha, faqatgina O'zbekiston futbolida OAV o'z o'rniga ega emas. Bunga etarlicha sabablar bor. Avvalo bizning futbol rahbarlarimiz, futbol deganda faqat maydonda yuguradigan futbolchi pul ishlashi lozim degan tushunchadan xolis bo'lishlari kerak. Futbolga milliardlab pul tikmang, OAVga e'tiborsiz bo'lsangiz sizning ishingizdan hech kim qoniqish xosil qilmaydi, yutuqlaringiz ko'p bo'lsa-da faqat kamchilikni ko'rishadi.

E'tibor deganda bepul safarlarni nazarda tutganim yo'q, tekin safardan hech kim lazzat topmaydi. Chunki siz qaysidir klub yoki terma jamoa bilan chet elga borasiz. Sharmandali mag'lubiyatni ham, omad yetishmadi yoki keyingi o'yinda albatta biz g'alaba qozonamiz, “yashasin u, yashasin bu” deb talqin qilishga majbur bo'lasiz. Shuning uchun eng past saviyadagi turar joyda tursangiz ham, o'zingiznikidan qo'ymasin. E'tibor esa o'zgacha bo'lishi kerak. Demak, tushuntirishga harakat qilaman, agar buni birorta rahbar o'qisa.

Keling, Qatardan boshlaylik. Qatarda bir kunda ikkita o'yin bo'lardi. Shahar markazida katta media markaz. Shaharni 4ta chekkasida kuniga har 15 daqiqada, media markazga, o'yin bo'ladigan ikkita stadionga OAVga mo'ljallangan avtobus xizmati yo'lga qo'yilgan. Istang media markazga boring, istang stadionlarning biriga. Deylik, siz media markaziga bordingiz. U yerda endi xuddi shunday oraliqda ikkita stadionga avtobus bor. Biz nima qilar edik. Mehmonxonadan media markazga borib ishlardik. Chunki u yerdagi sharoitni bir so'z bilan yoza olmayman. Soat 16:00da "Al Garafa" stadionida uchrashuv, stadionga borardik. O'yin tugaganidan keyin stadiondan mehmonxonaga, keyin ikkinchi o'yin bo'lib o'tadigan stadionga va istaganlarga media markaz tomon yuradigan avtobus OAV xizmatida bo'lardi. Maqsad bitta, jurnalist biron-bir qiyinchiliksiz faqat va faqat bo'lib o'tayotgan musobaqani yoritsin. Tushlik va kechki ovqat tashkilotchilar hisobidan. O'yin vaqtida ham istaganingizcha engil tamadi. Qorin to'qida uyga ketmasdan, sovumay turib maqolangizni yozib oling. Bizda qanday? O'yin tugaydi, stadionlarda projektorlar "paq" etib o'chadi. “Wi Fi” yo'q. Qorningiz ochib ketgan, kechirasiz OAVni ovqatga o'ch deb o'ylamang. Ular ham hamma qatori tushlik qiladi, lekin o'yin tugaganidan keyin yana ancha vaqt xizmat qilishi kerak, sharoit esa yo'q. Hatto bulochka sotib ololmaysiz, hammasi tamom bo'lib bo'lgan. Majbursiz uyga ketasiz, uyga borib avval ovqat eysiz, bola-chaqangiz bo'lsa bir pas o'ynaysiz. Orada TVni yoqasiz, qarasangiz Po'lat aka Alandar kim bilandir jiddiy ishni hal qilyaptilar. Majbursiz, qiziqasiz, 5 yildan beri tugamaydi, "o'lsin bu serial" deb oxirigacha ko'rib qo'yasiz. Bu paytga kelib o'yinda nima bo'ldi-yu, murabbiyning matbuot anjumanidagi gaplaridan miyaning bir chekkasida qolib ketgan material bilan cheklanasiz. Inson chalg'iydi va ish unumdorligi pasayib ketadi. Shuning uchun har bir musobaqada OAVga juda katta sharoit va qulayliklar yaratib berilyapti. Bu hali hammasi emas, uyga kelganingizdan keyin agar gazetada ishlasangiz qo'ng'iroq bo'ladi. "Alo, maqola qachon keladi?". To'g'risini aytsam, bugungi kunga kelib jurnalistlar stadionga maqola yozish yoki pul ishlash uchun emas, “o'tdan-bo'tdan” gaplashib o'tirish uchun kelyaptilar. Chunki stadionga kelib-ketish va boshqa ishlaringiz uchun etarlicha haq olmaysiz. Aynan mana shu omillar evaziga bizning OAVda deyarli o'sish yo'q. OAV qachon rivojlanadi, qachongki O'FF va PFL unga e'tibor bersa, tashkilot (gazeta, sayt, radio va tv) qachon rivojlanadi, qachongki rahbarlar jurnalistlarga sharoit yaratib bersa, yilda bir xorijda bo'lib o'tadigan musobaqalarda ishtirok etishini taminlasa. Faoliyatimdan kelib chiqib aytaman, buning katta foydasi bor. Har safar biror bir erga borsam o'zim uchun nimadir olaman va saytda amalga oshirishga harakat qilaman. Aslida xodimni xorijga yuborish katta xarajat talab qilmaydi. Oliy liga saviyasi va OAVga bo'lgan e'tibordan kelib chiqib, ichki hududda jurnalistlarimiz o'zlari uchun hech nima olmaydilar. Shuning uchun nima qilib bo'lsa ham xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga intilaman.

Mavzuni davom ettiramiz, Qatarda bo'lib o'tgan Osiyo chempionati bilan oliy ligamizni solishtirib qo'yganim uchun avvalo uzr. Bu musobaqada qatnashgan OAV xodimlarining aytishicha, bunaqasi JCH tarixida bo'lmagan. Avstraliyada ham bunday tashkilotchilikni kutmasligimizni aytganlar bo'ldi.

Kuni kecha O'FF matbuot bo'limi boshlig'i Sanjar Rizaev bilan ancha gaplashib o'tirdik. Ikkimiz bir musobaqada qatnashayotganimiz bois, o'zimizda ham OAVga bo'lgan e'tiborni shu darajada oshirish borasida fikrlar almashdik. Agar bizda ham OAVga bo'lgan sharoitlar yaratilsa, media tribunalarda bugungidek muxlislar emas, haqiqiy jurnalistlar o'tirishadi, yo'q o'tirishmaydi. Bugungi kunda ular o'tirishibdi, ishlashadi. Bu katta harajat talab qilmaydi. Argentina - Avstriya o'yiniga tushdim. Bo'lmasam men uchun hech qanday ahamiyat kasb etmaydigan o'yin, lekin men shuni bilaman, o'yin kech tugasa ham o'zim uchun u yerda qulay sharoitga egaman. Bizda ham oliy liga o'yinlariga kelayotgan jurnalist shunday o'y bilan stadionga borishi kerak. Yoki MTJ o'yinlarini olaylik, zo'r jamoa kelsa media tribuna chiptalari uchun ur-to'polon bo'ladi. Vaxolangki, ularning 90%ni oliy ligada ko'rmaysiz. Son ko'payadi-yu, 3 kun o'tganidan keyin yana o'sha 5-6 kishi. Hozir u ham yo'q. Futbolimiz rahbarlari OAVga e'tibor berishmas ekan, o'sishimiz juda qiyin bo'ladi. Oddiy misol, Qatarga 8 nafar jurnalist bilan tashrif buyurganmiz, murabbiy va futbolchilarimiz o'zlarini xuddi uylaridek xis qilishgan. Hattoki Hasan ali otaning o'zbekcha savolidan keyin Abramovning ko'zidan yosh chiqqanligini barchamiz ko'rganmiz. Koreyaga borganimda bir hamkasbim nechta OAV xodimi kelgani bilan qiziqdi. Sonini aytsam, “xm” deb qo'ydi. Sababini so'rasam, ular mamlakat futboli saviyasini, keladigan jurnalistlarning soniga qarab baho berar ekanlar. Sharoit bor joyda rivojlanish bo'ladi, bu hammaga ma'lum, bizda ham sharoitlar yo'q emas, lekin ular faqat futbolchi, murabbiy va hakamlarga. Xayriyatki, yaqindan boshlab bolalarga ham berila boshlandi. O'zbek futbolining eng oxirgi planida turgan OAV, birinchi planga chiqishi kerak. Buning uchun O'FF tashkilotlarga, tashkilotlar esa o'z jurnalistlariga katta e'tibor qaratishlari darkor.

Koreya FFda OAV uchun yaratilgan sharoitni ko'rib ochig'i havasim kelgan. Federatsiya binosida istalgan vaqt uchun maxsus media xona bor. Siz federatsiyadan biron-bir kishi bilan suhbatlashdingiz va u yerdan ketmagan holda o'z ishingizni bajarib olasiz. Bizning PFL xonasiga kiring, sizga birontasi joy bersa o'zi ketguningizcha turishga majbur bo'ladi. XXI asrda 2-3ta stadiondagina internet bor.

Nodirxo'ja Yuldashev


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia