“Nasaf”ning bo'lajak raqibi “Li Man” haqida nimalarni bilish muhim?

Aslanov Jasurbek
19 okt 2021
20 oktyabr kuni “Nasaf” OFK kubogi Interzonal final bahsida Gongkong vakili “Li Man”ga qarshi to'p tepadi.

Xo'sh, “ajdarlar”ning bo'lajak raqibi borasida nimalarni bilish muhim hisoblanadi.

Klub qachon tashkil topgan?

Gonkongning o'rtamiyona jamoalaridan biri bo'lgan “Li Man” 2017 yilda tashkil topgan. Dastavval klub “Li Man Reynjers” nomi ostida faoliyatini boshlagan. Klub katta biznesmenlar tufayli tashkil topgani bois Gongkong oliy ligasida to'p tepish uchun 1 million Gongkong pulini federatsiyaga to'lagan holda, o'z ishtirokini taminlagan. Biroq dastlabki mavsumda jamoa arang chempionatda o'z joyini saqlab qolgan, yani 8-o'rinni egallagan. Keyin klub investorlari bosh murabbiy lavozimiga yaxshi mutaxasis olib kelgan, legionerlar taklif qilingan. Shunga qaramay, jamoa natijalarida o'zgarish kuzatilmagan.

O'tgan mavsumda esa jamoa chempionatda 4-o'rinni qo'lga kiritdi. Licenziyalash talabani to'liq bajargan holda xalqaro maydonda to'p tepish imkoniyatini qo'lga kiritgan. 

Bugungi kunda jamoa o'z o'yinlarini 3500 kishiga mo'jallangan “Tseung Kvan Sport kompleksida o'tkazadi. 

Birinchi sovrin

“Li Man” 2018 yilda o'z tarixidagi birinchi sovringa ega chiqqan. Gongkong Sapling kubogida zafar quchgan. Bir yil o'tib esa mamlakat Superkubogi sohibiga aylangan. Mamlakat chempionatida “Istern”, “Kitche” kabi jamoalar yetakchi hisoblanadi. “Li Man” esa moliyaviy tomonlama baquvvat hisoblanadi. 

OFK kubogi-2021dagi ishtiroki

“Li Man” birinchi bor xalqaro maydonda, yani, OFK kubogida ishtirok etmoqda. Klub guruh bosqich bahslarini o'z mamlakatida o'tkazdi. “J” guruhida “Istern” (Gonkong”), “Atletik 220” (Mo'g'uliston) va “Taynan Siti” (Xitoy Taypeyi) jamoalariga qarshi  bahs yuritdi. “Li Man” guruhdagi uchchala o'yinda ham g'alaba qozonib, guruhni peshqadam sifatida tamomladi. 

Tarkibi haqida

Klub 4 nafar legionerni OFK kubogi uchun ro'yxatdan o'tkazgan. Jumladan, Janubiy Koreya, Argentina, Braziliya va Ispaniyadan kelgan futbolchilar jamoa sharafini himoya qilmoqda. Shuningdek, klubda terma jamoaga nomzod bir nechta futbolchilar borligini aytish lozim. Shuningdek, mahalliylashtirilgan futbolchilar ham ko'p. Xususan, jamoa sardori Fernanjo Resio asli ispaniyalik bo'lib, Gongkong fuqaroligini olgan. Bugungi kunda Resio mamlakat terma jamoasida ham faoliyatini davom ettiradi. Bundan tashqari, Diego Eli ham braziliyalik bo'lib, keyinchalik ushbu yurt fuqaroligini qabul qilgan. Endilikda Gongkong terma jamoasiga chaqirilmoqda. 

Ma'lumot uchun

“Li Man” jamoasi

Tashkil topgan yili: 2017 yil

Stadioni: Tseung Kvan Sport kompleksi (3500)

Prezidenti: Norman Li

Bosh murabbiy: Chan Xiu Min

Sardori: Fernando Resio.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia