Legionerlar: Ahmedov 90 daqiqa o'ynadi, Denisov esa zaxirada qoldirildi

Narzulla Saydullayev
16 sen 2013, 15:18
Horij chempionatlarida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasining bir nechta a'zolari haftaning dam olish kunlari o'z klublari safida rasmiy o'yinlarda maydonga tushishdi.
ROSSIYA
14 sentyabr kuni sentyabr kuni Rossiya premer-ligasida 8-tur o'yinlariga start berildi. Mahachqalaning Anji klubi sharafini himoya qilayotgan Odil Ahmedov mazkur turda safarda Tomga qarshi o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va to'liq 90 daqiqa harakat qildi. Uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etildi.

Moskvaning Lokomotiv klubi safida o'ynayotgan Vitaliy Denisov, mazkur turda o'z maydonida Kuban klubiga qarshi o'yinda jamoasi qaydnomasidan o'rin olgan bo'lsa-da, maydonga tushirilmadi.

QOZOG'ISTON
1 sentyabr kuni Qozog'iston premer-ligasida 26-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Pavlodarning Irtish klubi hujumchisi Ulug'bek Baqoev safarda Ostona klubiga qarshi o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va 71-daqiqada almashtirildi. O'yin Ostonaning 4:2 hisobidagi g'alabasi bilan yakuniga etdi.

Aktobe safida harakat qilgan O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilar - Temur Kapadze hamda Aleksandr Geyrnixlar safarda Shaxter klubiga qarshi kechgan o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Aktobening 1:0 hisobida yakuniga etgan o'yinda Geynrix 90 daqiqa harakat qilgan bo'lsa, Kapadze uchrashuvning 82 daqiqasida almashtirildi.

XITOY
14 sentyabr kuni Xitoy superligasida 25-tur o'yinlariga start berilgan. Changchun Yatay klubida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Anzur Ismoilov safarda Guichjou klubiga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi va 90 daqiqa o'ynadi.

Jiangsu safida to'p surayotgan Kamoliddin Tojiev 23-tur uchrashuvida safarda Guijou tarkibida maydonga tushdi va 90 daqiqa o'ynadi.

Beyjing Guoan klubi safida o'ynayotgan o'zbekistonlik himoyachi Egor Krimec jarohat tufayli 3 hafta muddatga safdan chiqqan.

Liaoning Vofin klubi safida o'ynayotgan yana bir o'zbekistonlik himoyachi Shavkat Mullajonov 25-tur uchrashuvida safarda Vuxang Zoll klubiga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushib, to'liq 90 daqiqa harakat qilgan.

JANUBIY KOREYA
Janubiy Koreya K ligasi ikkinchi davra o'yinlariga 21 sentyabr kuni start beriladi.

OZARBAYJON
12 sentyabr kuni Ozarbayjon premer-ligasida ham 6 tur o'yinlariga start berildi. O'zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Bahodir Nasimov ushbu tur o'yinida zahirada qoldirildi.

BAA
14 sentyabr kuni BAA chempionatiga start berildi. Dubayning Ash Shabob klubi yarim himoyachisi Aziz Haydarov 1-tur o'yinida Al Ayn klubiga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushdi va to'liq 90 daqiqa o'ynadi. Uchrashuvda Ash Shabob 3:1 hisobida g'alaba qozondi.

QATAR
15 sentyabr kuni Qatar Yulduzlar Ligasida yangi mavsumga start berildi. Yangi mavsumdan boshlab Qatar Ligasi ishtirokchisi Al Muaydar klubi sharafini himoya qilayotgan Fozil Musaev 1-tur uchrashuvida jarohati tufayli maydonga tusha olmadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com