

– Iordaniya terma jamoasi o'tgan yili Osiyo Kubogi finaliga yo'llanma oldi va Jahon chempionatiga chiqdi. Sizningcha, bu holat jamoaning ushbu tarkib bilan Osiyo Kubogida ishtirok etishi uchun ijobiy omil bo'ladimi?
– Albatta, Osiyo Kubogi finaliga chiqish va Jahon chempionatiga yo'llanma olish Iordaniya terma jamoasiga ko'proq tajriba orttirish imkonini berdi. Jamoa Osiyo futbolida o'z kuchi va mavqeiga ega bo'ldi. Shu sababli ular navbatdagi Osiyo Kubogida e'tibor markazida bo'ladigan va favorit hisoblangan jamoalardan biri bo'ladi. Musobaqa haqida yaxshiroq gaplashish uchun vaqtimiz bor, chunki oldinda Jahon chempionatidagi muhim tajriba kutib turibdi. Buning davomida turli xil futbol uslublariga qarshi o'ynash va tajriba orttirish imkoniga ega bo'lamiz. Shu orqali navbatdagi Osiyo Kubogiga yaxshiroq tayyorgarlik ko'ramiz va kuchli tarkibni shakllantiramiz. Toki o'zimizni yaxshi tarafdan ko'rsataylik, nega endi yana finalga yetib bormasligimiz va Iordaniya futboli sharafini yana bir bor himoya qilmasligimiz kerak?!
– Guruhda shogirdlaringiz O'zbekiston, Bahrayn va KXDR bilan bellashadi. Sizningcha, bu guruh Iordaniya terma jamoasi uchun qanchalik qiyin bo'ladi?
– Raqobat har doim kuchli. Barcha guruhlar kuchli. Eng muhimi – raqiblarni va ishtirokchilarni hurmat qilish, so'ngra har bir o'yinga e'tibor qaratish va unga tayyorgarlik ko'rish. Keyingi bosqichga chiqish uchun imkon qadar ko'proq ochko to'plash kerak. Har bir terma jamoaning o'z texnik salohiyati va tajribasi bor. Zamonaviy futbolda jamoalar o'rtasidagi farqlar juda kichik va qisqarib ketgan. Barcha o'yinlar qiyin o'tadi, oson o'yinning o'zi yo'q.
– Iordaniya terma jamoasining so'nggi uch yildagi natijalari a'lo darajada bo'ldi. Sizningcha, jamoaga xuddi shunday o'yin ko'rsatish va shu yo'nalishda davom etish uchun bosim bo'ladimi?
– So'nggi paytlarda biz o'zimiz ishtirok etgan barcha turnirlarda favorit jamoalardan biriga aylandik. Binobarin, biz bu omilga o'rganib qoldik va unga nisbatan immunitetimiz paydo bo'ldi. Umid qilamanki, biz tayyor bo'lamiz va muxlislarimiz hamda bizni kuzatib borayotganlarning orzu-umidlarini oqlaymiz, inshaalloh. Lekin eng muhimi – raqiblarni hurmat qilish va o'yinlarga tayyor bo'lish. Shuning uchun, har bir o'yin va har bir bosqichdan so'ng bizning tayyorgarligimiz va samaradorligimiz yaqqol namoyon bo'ladi. Umid qilamanki, yakunda muxlislarimizni xursand qilamiz.



