

"Lacio" - "Inter"
Sarri bu safar ham himoya markazida Romanoli-Patrik juftligidan foydalansa kerak. Shuningdek, Pedro va Cakanyani ham ilk daqiqalardan maydonda ko'rishimiz mumkin. Felipe Anderson va Luis Alberto esa o'yinni o'rindiqda boshlaydi. "Inter" o'tgan tur yaxshi o'yin o'tkazdi, shu sababli, Inzagi rotaciyaga qo'l urmasa kerak. Boshqa tomondan murabbiy Genrix Mxitaryandan tashqari hamma sog', safdaligidan xursand bo'lsa ajab emas.

O'tgan safar "Inter" o'z uyida 2-1 hisobida zafar quchgan, hozir esa Simone Inzagi murabbiylik faoliyatini boshlagan shaharda muvaffaqiyatga erishishi principial ahamiyatga ega. Mutaxassislar ham "neradzurri" imkoniyatlarini yuqoriroq baholashmoqda.
"Yuventus" - "Roma"
Allegri jarohatlanganlar sonidan hayratda. Lazaretdagilardan hech kim bu o'yinga qaytib ulgurmaydi. Asosiy tarkibda Bonuchchini ko'rsak kerak. Bremer Ruganidan ko'ra, aynan tajribali Leonardo bilan o'zini yaxshiroq his qildi. Tarkib borasidagi yana bir savol Kuadradoning joylashishi bo'ladi. Uchrashuvga bo'lgan qiziqishni orttiradigan yana bir muhim fakt bu Paulo Dibalaning Turinga qaytishi. U asosiy tarkibda o'yinni boshlasa kerak va o'zini ko'rsatishga astoydil harakat qiladi. Biroq Nikolo Zanolo, xuddi Veynaldum kabi, jarohat sabab bahsni o'tkazib yuboradi.

Jamoalarning oxirgi to'qnashuvi ancha shiddatli kechgan, "Yuventus" safarda 4-3 hisobida g'alabani tantana qilgan. "Keksa sinora" hozir ham favorit hisoblanadi, ammo mavsum startidagi o'yinlardan kelib chiqsak, "Roma" yaxshiroq holatdadek.
"Milan" - "Bolonya"
Hujumchi Jiru va o'tgan uchrashuvda o'zini yaxshi tomondan ko'rsatgan jamoaning yangi a'zosi De Kattelare asosiy tarkibda tushish ehtimoli yuqori. Maydon markazini esa Benasser va Tonalli egallaydi. Mixaylovich esa diskvalifikaciya sabab jamoaga yordam bera olmaydigan Orsolinini kim bilan alishtirish haqida bosh qotirishi zarur. Katta ehtimol uning o'rnini Sansone emas, Berrou egallaydi. Qolgan nuqtalarda esa syurprizlar kutilmayapti. Serbiyalik mutaxassis rotaciyani u qadar xush ko'rmasligi sir emas.

Avvalgi safar jamoalar shu qadar ehtiyotkor futbol ko'rsatganki, tomoshabinlar gol ko'rmagan hamda bahs juda zerikarli o'tgan. Hozir esa "Milan" yaqqol favorit sifatida ko'rilmoqda. "Bolonya"ga u qadar ishonishmayapti, bu biroz hayron qoldirmoqda. Ha, jamoa Orsolinisiz qiynaladi, ammo jamoa to'g'ri himoyalanib, raqibga bo'sh zonalar qoldirmasligi mumkin.
"Verona" - "Atalanta"
Mezbonlar sardori Faraoni bu safar jamoadoshlariga yordam bera olmasligi mumkin va bu "Verona" uchun jiddiy yo'qotish. Sababi aynan Faraoni mavsum startida faolligi bilan ajralib turgandi. Bu vaziyatda Pikkoliga imkoniyat taqdim etiladi va ushbu holat hujumlarga biroz agressiya qo'shsa ajab emas. Asosiy e'tibor esa 2 o'yinda 2ta gol urgan Toma Anrida. Malinovskiy va Gasperini o'rtasidagi kelishmovchilik hal bo'ldi shekilli. Shunday ekan, "Milan" darvozasiga gol urgan yarim himoyachi ilk daqiqalardan maydonga tushiriladi. Jimsiti esa jarohat tufayli safdan chiqdi. Uning yo'qligini Skalvini bildirmaslikka harakat qiladi.

Jamoalarning o'zaro uchrashuvlarining oxirgisida "Verona" Bergamoda 2-1 hisobida zafar quchgan. Lekin bu safar "Atalanta" o'sha o'yin alamini ham olishga urinadi. "Mastiflar" mavsumni u qadar ishonchli boshlay olishmadi, "bergamasklar" esa bir qator futbolchilar ketganiga qaramay, tomoshabop o'yin ko'rsatishmoqda.
"Fiorentina" - "Napoli"
"Fialkalar" Niderlandiyadagi uchrashuvdan keyin unchalik kuchga to'lgan holatda bo'lmaydilar. Shunday ekan, balki tarkibda o'zgarishlarga qo'l urish talab qilinar?! Hujumda zarurat tug'ilsa, Yovich o'rnini Kabral egallashi mumkin. Chempionat startining eng yorqin jamoasi haqida gapiradigan bo'lsak, Luchano Spalleti esa hozircha barchasi rejasidagidek ketayotganiga xursan bo'lsa bo'ladi. "Napoli"ning ishlari "besh" va yangi futbolchilar zaxiradagina o'z imkoniyatlarini kutishlariga to'g'ri keladi. A Seriya to'purari bo'lib turgan Xvichaga e'tibor boshqacharoq bo'lsa kerak.

Jamoalarning o'tgan safar bo'lib o'tgan qiziqarli dueli "Fiorentina"ning 3-2 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan. Bu safar esa "Napoli" mehmondaligiga qaramay, favorit hisobanadi. Jamoa hujumda o'ta samarali harakat qilmoqda, shu bilan birga "fialkalar"ning evrokubokdagi o'yinini unutmaslik zarur.
Sergey Rumyancev



