

"Aral" jamoasi bu mavsumda Proligada yetakchilikni o'z qo'liga olgan. Bunda, albatta, Ruslan Qalmag'ambetovning ham hissasi katta bo'lyapti. U bu mavsum chempionat doirasida o'z hisobiga 14 ta gol yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi. Biz bu borada Ruslanning fikrlari bilan qiziqdik.
- Futbolchi katta jamoaga kelguniga qadar ko'p yo'llardan o'tadi. Sizda bu bosqichgacha qanday qiyinchiliklar bo'lgan?
- Har bir futbolchining ortida mashaqqatli yo'l bo'ladi. Men ham yoshligimdan beri shu yo'lni tanlab, futbol o'ynab kelyapman. Har bir sportchida o'ziga yarasha qiyinchiliklar bo'ladi, deb o'ylayman.
- Qoraqalpog'iston futbolidagi ijobiy o'zgarishlar, “Aral”ning Superligaga intilayotgani o'sishingizga qanchalik ta’sir qilyapti?
- Albatta, bu juda katta motivaciya beradi. Qoraqalpog'iston futboli rivojlanayotgani barcha futbolchilar uchun yaxshi imkoniyat. “Aral”ning oldiga qo'yilgan katta maqsad bizdan yanada ko'proq mehnat va mas'uliyat talab qiladi.
- Sizning salohiyatingizni birinchi bo'lib ko'rib, to'g'ri yo'l ko'rsatgan murabbiy kim?
- Ilk murabbiyim - Jalg'asov Serik. Unga katta rahmat aytaman. Va, albatta, bugungi kundagi bosh murabbiyimiz Nematilla Qutiboevga ham minnatdorchilik bildiraman. Hozirgi paytda u menga to'g'ri yo'l ko'rsatib kelmoqda.
- Bu yilgi faoliyatingizdagi o'sish va burilishga nima sabab bo'lyapti? Murabbiy ishonchimi yoki jamoadoshlar?
- Bu, avvalo, murabbiylarning menga bildirgan ishonchi, jamoadoshlarimning qo'llab-quvvatlashi va, albatta, o'zimning oldimga qo'ygan maqsadlarim sari intilishim mahsuli, deb o'ylayman.
- Vaziyatni his qilishingiz, golni sezishingiz nimaning mahsuli?
- Bu, avvalo, o'zimga bo'lgan ishonchning yuqorilab borayotganidan, deb o'ylayman. Har bir goldan keyin o'zimga bo'lgan ishonchim ortyapti.
- Nematilla Qutiboev bilan ishlash jarayonida qaysi maslahati sizni o'zgartirdi?
- Ustozning eng muhim maslahati: "Maydonda doimo o'zingga ishonib harakat qil va oldinga o'yna", degan gaplari bo'lgan. Bu borada ko'p maslahatlar berganlar.
- Raqib himoyachilarining sizga bosim o'tkazishi va agressiv o'ynashiga qanday javob qaytaryapsiz? Taktik va ruhiy jihatdan.
- Bu - futbolning bir qismi. Men xotirjamlikni saqlashga harakat qilaman. Emociyaga berilmasdan, jamoam uchun eng to'g'ri qarorni qabul qilishga intilaman.
- Maydonga kuchli bo'lib chiqish, omadsizlikdan keyin tiklanish uchun qanday omillarga tayanasiz?
- Har bir omadsizlikdan xulosa chiqaraman. Oilamning duosi va qo'llab-quvvatlashi, murabbiylarning ishonchi hamda Allohga tavakkal qilish menga kuch beradi.
- Ruslan Qalmag'ambetov maydon tashqarisida qanday inson?
- Maydon tashqarisida oddiy, xotirjam insonman. Bo'sh vaqtimni oilam bilan o'tkazishni yaxshi ko'raman. Doimo o'zimni rivojlantirishga harakat qilaman.
- Jahon futbolidan qaysi futbolchining uslubi, harakati va xislatlarini o'zingiz uchun ideal va kumir deb bilasiz?
- Menga Krishtianu Ronalduning mehnatsevarligi, intizomi va g'alabaga bo'lgan chanqoqligi yoqadi. Uning professionalligi har bir futbolchi uchun namuna, deb o'ylayman.
Bekzod Suvonqulov suhbatlashdi



