

Elita yo'llanmasi uchun kurash har bir turda yanada kuchayib borayotgan bir paytda, turnir jadvalidagi qiziqarli tendenciyalar va shaxsiy rekordlar futbol jamoatchiligi e'tiborini tortmoqda. Xususan, Nukusning "Aral" jamoasi joriy mavsumda hakamlar tomonidan belgilanayotgan 11 metrlik jarima zarbalari bo'yicha mutlaq peshqadamga aylandi.
Nukusliklar penaltidan qanday foydalanmoqda?
Mavsum davomida "Aral" foydasiga hakamlar tomonidan naq 8 marotaba penalti belgilandi. Jamoa bu standart imkoniyatlaridan yuqori samaradorlik bilan foydalanmoqda - 8 ta imkoniyatning 7 tasi gol bilan yakunlangan bo'lsa, faqatgina bitta holatda gol urish nasib etmadi.
Qalmabag'ambetov - Proliganing bosh penaltichisi
"Aral" hujum chizig'ining yetakchisi Ruslan Qalmabag'ambetov joriy mavsumda nafaqat 18 ta gol bilan to'purarlar poygasini ishonchli boshqarib bormoqda, balki eng ko'p penaltidan gol urgan futbolchi sifatida ham tarix yozmoqda. Hujumchining hisobidagi 18 ta golning naq 7 tasi aynan 11 metrlik nuqtadan kiritilgan. Bu uning nafaqat o'yindan vaziyatlardan foydalanish mahoratini, balki hal qiluvchi muhim vaziyatlarda psixologik barqarorligi yuqori ekanini ham ko'rsatadi.

Taqibchilar va boshqa raqamlar
Penaltilar bo'yicha ikkinchi o'rinni Bekobodning "Metallurg" jamoasi egallab turibdi. Bekobodliklar joriy mavsumda 6 ta penaltidan 5 tasini golga aylantirishga muvaffaq bo'ldi. Ushbu gollarga Azim Ahmedov (3 ta), Navro'zbek Iminjonov (1 ta) va Marko Milichkovich (1 ta) mualliflik qilishdi. Qizig'i shundaki, "Metallurg"ning yagona amalga oshirilmagan penaltisini ham Azim Ahmedov ijro etgan edi.
O'z navbatida, o'z darvozasiga eng ko'p penalti belgilangan jamoalar antirekordi "Paxtakor-Farm"ga tegishli. Yosh "sherlar" darvozasiga joriy mavsumda 5 ta penalti belgilanib, ularning 4 tasi golga aylantirilgan.
Bundan tashqari yana bir fakt shuki, “Lochin” va “Paxtakor-Farm” jamoalari hozircha Proliga bahslarida 11 metrlik nuqtaga yaqinlashishmadi.
Proligada hayajon va kurashlar qizg'in davom etmoqda. Mavsum oxiriga qadar bu raqamlar yana o'zgarishi, yangi rekordlar qayd etilishi va qaysi jamoalar Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritishi muxlislarda katta qiziqish uyg'otmoqda.



