Babayan bilan Qosimov nimani xohlayapti?

Jo'ja sanaladigan faslda eshitishga o'rganib qolgan mavzumiz yana "bolaladi".

Mavsum hal qiluvchi pallaga kirishi bilan chempionatdagi jamoalar sonini ko'paytirish g'oyasi takror tug'ilaveradi (o'tgan yil oxirida yozilgan maqola → Futbolni o'ldirmanglar!). Cho'kayotgan odam xasga yopishganidek, raqobatda yutqazib qo'yganlar ligadagi o'rnini turli yo'llar bilan saqlashga urinadi. Kimdir "tank"larini faollashtirsa, kim OAV orqali jamoatchilik yordamini olmoqchi bo'ladi. Masalan, shu chempionatda muxlislari yozgan xat tufayli elitada qolgan jamoa bor...

Bu safargi tashabbus g'alati eshitilsa ham, chempionlik uchun kurashayotgan "Navbahor" ustozidan chiqdi. Uni futbolimiz afsonasi qo'llab-quvvatlagan. Babayan yoki Qosimovga shu mavzuda savol berilsa, futbol rivoji, yigitlarning jismoniy holatini kuchaytirish to'g'risidagi ta’sirli javoblar yangrashi aniq.

Xolis qaralsa, bunaqa tashabbusdan grandlarning maqsadi juda sodda bo'ladi: jamoalarning 16taga yetishi kuchsiz raqiblar va g'alabali o'yinlar sonini ko'paytiradi (bu yanada ko'proq "premiya" vav qo'shimcha 12 ochko degani). Shu xolos.

Nisbatan qiyin vaziyatda turgan Vadim Abramov esa o'zgarishdan milliy jamoa yutishini aytibdi. Quloqqa yoqadigan, ayni paytda ta’sirli javob. 

Ammo terma jamoadan shaxsiy manfaatlari yo'lida, o'z mijozlarini xalqaro maydonda reklama qilish vositasi sifatida foydalangan mutaxassislarni ko'rganimiz uchun aytamiz: Abramov e'tiborini ko'proq "Dinamo"ga qaratgani maqul. Hozircha samarqandliklar tarkibida Katanets jamoasi uchun bitta ham nomzod yo'q. Shu tufayli chempionatning asosiy autsayderi tomonidan aytiladigan istalgan gap bahonaga aylanib ketadi.

Aslida Karlenovichning mavzu bo'yicha fikrlari ko'pchilik uchun qiziq. Chunki mazkur qadamning termamiz uchun foydali bo'lishini aytayotgan mutaxassis o'z vaqtida (2008 yil) Oliy Ligada klublar sonini kamaytirish tashabbusi bilan chiqqan edi.

2017 yil Abramov boshchiligida quyi ligaga yo'l olgan "Neftchi" sport principlariga zid ravishda keyingi mavsumni elitada boshlagani yodimizda. 1 yildan keyin "Surxon" va "Dinamo" ham shu tarzda Superligaga chiqib qoldi. Oliy hakam esa adolatsiz qarorlar hech kimga foyda keltirmasligini qisqa muddatda isbotlab berdi.

Sport principining buzilishi har qaysi holatda bizning zararimizga ishlaydi. Ko'pchilik Pro ligadagi raqobatga putur yetishi haqida gapiryapti. Tanganing 2-tomoni ham bor. Pastdan kuchsiz jamoaning chiqishi Superligada maqsadsiz klub, navbatchi o'yinlar sonini ko'paytirishdan boshqasi emas. Bu hozirgi "Xorazm" yoki "Yangier" darajasidagi klublar 2024 yil elitada paydo bo'lishini anglatadi. Pro ligada zo'rg'a yurgan jamoa Superligaga moliyaviy jihatdan moslasholmasligi aniq. Iqtisodiy muammolar bor joyda totalizator va noqonuniy kelishuvlar gullashiga 31 yillik tariximiz guvohlik beradi. 

Shunday ekan, xayolga kelgan fikrni tilga chiqarishdan oldin yaxshilab sintezlaylik. Liganing imidji siz xohlayotgan ochkolardan ancha qimmatroq.

Muallifning telegramdagi kanali → FR| futbol ANALIZI


Manba: championat.asia