

Ular Italiya policiyasi va mahalliy hukumatning xatti-harakatlariga shunday javob qaytarishdi.
Vaziyat qanday edi?
Eslatib o'tamiz, YCHLning 1/8 finaliga yo'llanma beruvchi hal qiluvchi bahs bugun Bergamo shahrida bo'lib o'tadi. Dastlabki o'yinda dortmundliklar 2:0 hisobida g'alaba qozonishgan edi. Biroq javob o'yini oldidan muxlislar jiddiy to'siqlarga duch kelishdi:
Seshanba kuni Italiya policiyasi "Borussiya" muxlislari joylashgan mehmonxonalarda reydlar o'tkazdi;
Ayrim nemis fanatlarining Italiyaga kirishi umuman taqiqlandi;
"Atalanta" klubi "xavfsizlik nuqtayi nazaridan" bazi nemis muxlislar guruhlariga chipta sotishni cheklab qo'ydi.
"Og'ir yurak bilan boykot e'lon qilamiz"
"Südtribune" muxlislar alyansi ushbu nohaqliklarga qarshi keskin bayonot bilan chiqdi:
"Federal policiya Germaniya aeroportlarida asossiz sabablarga ko'ra bugungi o'yinga kirishi taqiqlangan 300 nafar ultrasni qo'lga olish maqsadida tintuvlar o'tkazmoqda. Bu taqiqlar sud orqali bekor qilingan va to'xtatib qo'yilgan bo'lishiga qaramay, ular shunday qilishyapti.
"Borussiya" muxlislari evrokuboklardagi 16 yillik uzluksiz ishtiroki davomida biror marta bunday holatga duch kelishmagan. Barcha sud qarorlari bizning foydamizga hal qilingan bo'lsa-da, muxlislar o'yinga kirish uchun turli yuridik jarayonlardan o'tishga majbur qilinmoqda.
Shunday vaziyatda, og'ir yurak bilan jamoani mehmondagi o'yinda qo'llab-quvvatlamasligimizni e'lon qilishga majburmiz. Shu bilan birgalikda, bunday choralar odatiy holga aylanib qolmasligi uchun biz Fanhilfe Dortmund bilan birgalikda apellyaciya beramiz".
Ko'rinishidan, bugun "Borussiya" Bergamodagi qaynoq stadionda muxlislarining yordamisiz, katta bosim ostida harakat qilishiga to'g'ri keladi.



