"Qo'qon-1912": Mashg'ulotlar boshlandi, tarkibda hozircha o'zgarishlar yo'q

Narzulla Saydullayev
22 dek 2016, 07:36
"Qo'qon-1912" futbolchilari 20 dekabr kunidan boshlab Qo'qondagi “Markaziy” stadionda mashg'ulotlarni o'tkazmoqdalar.

Mashg'ulotlarda murabbiylar asosan futbolchilarning jismoniy holatlarini yaxshilashga e'tibor qaratmoqdalar. Hozircha jamoa tarkibida o'zgarishlar kuzatilgani yo'q.  Biroq murabbiylar shtabi tarkibni kuchaytirish maqsadida bir qator futbolchilar bilan muzokaralar olib bormoqdalar. 3 yanvardan boshlanadigan 2-yig'in mobaynida tarkibda o'zgarishlar bo'lishi ko'zda tutilgan. Serbiyalik legionerlar Darko Gojkovich hamda Nikola Valentichlar hozirda o'z yurtlarida bo'lib turishibdi. Yangi yildan keyingi yig'inlarda  ular ham taklif qilingan.

Shuningdek bosh murabbiy bir qator yoshlarga ham etibor qaratmoqdalar. O'rinbosarlar tarkibida o'ynagan ayrim futbolchilar ham hozirda asosiy tarkib futbolchilari safiga jalb qilingan.

O'tgan mavsumni ikkinchi yarmida “Paxtakor” jamoasidan ijaraga olingan yarim himoyachi Javohir Sidiqov , ijara muddati tugaganligi sababli toshkentliklar safida mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda. Sidiqovni kelgusi mavsumda ham jamoaga olib kelish uchun “Paxtakor” jamoasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda. Barchasi ijobiy yakunlansa Javohir Sidiqov ham yangi yildan keyingi yig'inlarda jamoa safiga kelib qo'shiladi.

Quyida kechgagi mashg'ulotdan olingan fotosuratlar bilan tanishing:


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kokand1912.uz