
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Guliston” klubining ijrochi direktori Hasanboy Egamberdievga murojaat qildik.
- Baxtiyor Ashurmatov “Sho'rtan” bilan o'yindan so'ng, ishdan ketishini ma'lum qilgandi. Rahbariyat bosh murabbiyning iste'foga chiqish haqidagi arizasini qabul qildimi?
- Yo'q. Bilasizmi Ashurmatov bu yil murabbiy sifatida oliy ligada debyut mavsumini o'tkazmoqda. To'g'ri, unda tajriba kamroq bo'lishi mumkindir. Lekin Baxtiyor ham inson ham murabbiy sifatida juda yaxshi odam. Bu yil dastlabki mavsumi bo'lishiga qaramay, o'zini ko'rsata oldi. Oxirgi turlarda jamoamiz qayd etayotgan natijalar yaxshi kechmayotgan bo'lsada, uning ishidan to'liq qoniqmoqdamiz deyishim mumkin. “Sho'rtan”dan uchralgan mag'lubiyat bosh murabbiyga ruhan qattiq zarba bo'ldi. Shu bois Baxtiyor ketishini aytib o'tgan. Lekin uchrashuvdan so'ng, u bilan gaplashdik va 2-3 kun hordiq chiqarib, o'zini ruhan tiklab olishini aytdik.
- Ayni paytda mashg'ulotlarni kim olib bormoqda?
- Bosh murabbiyning yordamchisi Zohid Nurmatov boshchiligida mashg'ulot o'tkazilmoqda. Ashurmatov bugun jamoa qarorgohiga yetib keladi va “Navbahor” bilan o'yinga tayyorgarlikni kuchaytiramiz.
- Bosh murabbiyning klub bilan tuzgan shartnomasi qachongacha amalda bo'ladi?
- Yil oxiriga qadar bitim imzolaganmiz. Shu bois Ashurmatov hozir hech qaerga kyetmaydi va mavsum so'nggiga qadar o'z ishini davom ettiradi.
- “Guliston” birinchi davra kashfiyotiga aylangandi. Ammo mavsumning ikkinchi qismida jamoani tanib bo'lmayapti. Bunga nima sabab?
- Hammasi baribir moliviy sharoitga borib taqaladi. To'g'ri, homiylarimiz aytilgan summani berib turishibdi. Lekin oz-ozdan. Davralar oralig'ida bir nechta yetakchi o'yinchilar ham kyetib qolishdi. Shuningdek jarohatlar muammosi ham qiynab qo'ymoqda.
- Jamoaning bosh xomiysi kim?
- Sirdaryo issiqlik elektro stanciyasi OAJ.
- “Guliston” ketma-ket ochko yo'qotishlardan keyin autsayderlar qatoriga tushib qoldi. Jamoaning oliy ligada qolish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Buning uchun imkoniyatlarimiz yaxshi. 80x20. Chunki qolgan o'yinlarning to'rttasini o'z maydonimizda o'tkazamiz. Umid qilamanki, bo'lajak bahslarda yigitlarimiz kerakli ochkolarni jamg'arib, elita qolish vazifasini uddalaydi.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.
-