Futzal. Nodir Eliboev: “Terma jamoamizga biroz omad yetishmayapti”

Tolibjon Qosimov
1 mar 2014, 12:30
Futzal bo'yicha Qozog'iston chempionatida ishtirok etuvchi Janaozenning “OzenMunayGaz” jamoasi tarkibida harakat qilayotgan Nodir Eliboev ayni paytda Toshkentda.
Biz esa bundan unumli foydalanib futzalchimizni suhbatga chorladik.

-   Futzalga qanday kirib kelgansiz?
-   Katta futbolda Birinchi liga vakili hisoblangan “Shayxontoxur” jamoasida to'p tepib yurardim. 2005 yili bir do'stim mini futbol bo'yicha turnir bor deb qoldi. O'yin kechga yaqin o'tkazilgani uchun rozi bo'ldim va bordim. U paytlari boshqa sohada ishlardim va kunduz kuni vaqtim yo'q edi. Borsam, mini futbol bo'yicha O'zbekiston kubogi baxslari ekan. O'ynadim, bazi murabbiylar o'yinimni kuzatishdi va “Stroitel-Zarafshon” jamoasidan chaqiruv oldim. Shunday qilib, 2005 yili “Stroitel-Zarafshon” klubida faoliyatimni boshladim, bu jamoada 2 yil to'p tepdim.



-   Yoshlikda katta futbol bilan shug'ullanganmisiz? U paytlari futzal maktablari bo'lmagan.
-   “Paxtakor” jamoasi qoshida 1982 yillar guruhida Sayfiddin Ermatov qo'l ostida mashg'ulot o'tkazganman.

-   Nima sababdan katta futboldagi faoliyatingizga erta yakun yasagansiz?
-   Buni sabablari ko'p, asosiy sababi to'ng'ich farzand bo'lganim uchun oilamga yordam berishim kerak edi. Shuning uchun 15 yoshimdan ishlab, pul topishga e'tiborimni qaratganman. Keyin, ishdan bo'sh vaqtlarimda boya aytib o'tganimdek “Shayxontoxur” jamoasi uchun o'ynab yurganman. Lekin, u yerda faqatgina o'yinlarga borardim. Chunki, ishdan vaqt ajrata olmas edim.

-   “Stroitel-Zarafshon”da birinchi murabbiyingiz kim bo'lgan?
-   U yerda Aleksandr Koralev dastlabki murabbiyim bo'lgan. Bu inson bilan 3 yil birga ishladik. Keyin bir yil “Paxtachi” jamoasida o'ynadim.

-   “Paxtachi”ning faoliyati haqida nima deya olasiz?
-   “Paxtachi” Toshkent jamoasi bo'lgan. Afsuski, bor yo'g'i bir yil professional sifatida O'zbekiston chempionatida qatnashib, keyin tarqalib ketgan.
Undan so'ng, yana “Stroitel-Zarafshon”ga qaytdim va 2009 yili O'zbekiston chempioni bo'ldik.



2010, 2011 yillarda esa “Bunyodkor” safida harakat qildim. Keyin “Ardus”ga o'tib, u yerda yana O'zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo'lganmiz. O'sha paytda “Ardus”da Aleksandr Petrov bosh murabbiy edi. Undan so'ng, “Lokomotiv” jamoasida bir yil o'ynadim va u yerda ham chempion bo'ldik. “Temiryo'lchilar”dan keyin Rustam Umarov va Shuxrat Tojiboev bilan birga Qozog'istonning “OzenMunayGaz” jamoasiga o'tdik va hozirgi kunga qadar shu jamoa tarkibida to'p tepib kelayapmiz.

-   Jamoa bilan birga emas, balki Toshkentda ekanligingizni sababi nima?
-   Chunki, sog'lig'im bilan bog'liq muammolar bor, lekin jarohat emas. Davolanish uchun Toshkentga keldim.
Qozog'istonda chempionat oxirlab qoldi, 8-9 mart kunlari tur o'yinlari bor. Ana shu turdagi ikki o'yinda “OzenMunayGaz” 4 ochko jamg'ara olsa, to'rtinchi o'rin bilan pley-offga yo'l oladi. Aks holda, biz to'p tepayotgan jamoa uchun mavsum yakunlanadi. Qozog'istonda reglament shunday, dastlabki to'rt o'rinni band etgan jamoalar pley-off bosqichida o'zaro ikkitadan o'yin o'tkazib chempionlikni hal qilsalar, to'rttalikka kira olmagan jamoalar uchun esa mavsum nihoyasiga etadi. Kubok bahslarida esa “Qayrat” g'olib bo'ldi, “Tulpar” ikkinchi, biz (“OzenMunayGaz”) esa uchinchi bo'ldik.

-   “Tulpar” va “Qayrat” jamoalarining futzal maktablari haqida nima deya olasiz?
-   “Qayrat”ning maktabi endigina rivojlanib borayotgan bo'lsa, “Tulpar” jamoasining futzal maktabi uzoq yillardan buyon faoliyat olib boradi. U yerdan juda ko'plab kuchli futzalchilar yetishib chiqadi. “Tulpar” maktabi juda ham kuchli hisoblanadi, asosiy jamoaning o'zagini o'zlarining o'yinchilari tashkil etadi. To'g'ri, legionerlari ham bor, lekin jamoa xorijdan kelgan o'yinchilarga tayanib o'ynamaydi, urg'u o'zlarining tarbiyalanuvchilariga qaratiladi. Hattoki, “Qayrat” tarkibida ham “Tulpar”ni maktabidan chiqqan yigitlar bor. Qozog'istondagi boshqa jamoalarda esa futzal maktablari yo'q.
“OzenMunayGaz” endigina ikkinchi yil professional jamoa sifatida chempionatda qatnashib kelmoqda.
Qozog'istonda “Qayrat” va “Tulpar” boshqalardan kuchliroq. Shuning uchun ham chempionlik uchun asosiy raqobat shu ikki jamoa o'rtasida kechadi.

-   Qozog'istonda braziliyalik legionerlar bilan o'ynayapsizlar. Ulardan qaysidir jihatlarni o'zlashtirib, keyinchalik o'zimizda qo'llash mumkin deb o'ylaysizmi?
-   O'zbekiston va Qozog'iston chempionatlarining orasida katta farq yo'q, lekin ular legionerlar hisobiga saviya jihatdan kuchayib bormoqda. Potenciali yuqori bo'lgan xorijlik futzalchilarni jalb qilishmoqda. “Qayrat”ga qarab, qolgan jamoalar ham harakat qilishmoqda. Bizni jamoada ham ikkita braziliyalik bor, “SKA-Yug”da murabbiyi bilan beshta braziliyalik bor. Lekin, bizni yigitlar ularni orasida yo'q bo'lib qolmayapti, aksincha, ulardan ham yaxshiroq o'ynashga harakat qilishmoqda.
Bundan tashqari, u yerda jamoada nechta legioner bo'lishidan qatiy nazar bitta o'yinda faqat to'rtta xorijlik o'yinchi ishtirok etishi mumkin xolos. Qolganlari, shunchaki tomoshabin bo'lishadi.

Balki, bizda ham keyinchalik legionerlarni olib kelish yo'lga qo'yilar, ularda esa bu narsa ancha yaxshi rivojlangan.

-   Braziliyalik legionerni olib kelish uchun anchagina mablag' sarflashga to'g'ri keladi. Futzal jamoalarimiz legionerlar uchun katta mablag'dan voz kechishmasa kerak.
-   To'g'ri, futzalda katta futboldagichalik summalar aylanmaydi. Bu yil balki futzal klublari o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasida qatnashadigan “Lokomotiv” legioner olib kelar. Hech bo'lmaganda osiyolik bo'lsa ham, Eron yoki Yaponiyadan.

Boshqa tomondan qaraganda, bizda asosan mahalliy o'yinchilarga e'tibor qaratiladi. U yerda esa ikkita braziliyalik Qozog'iston fuqaroligini oldi va ular hozir legioner hisoblanmaydi, chempionatda mahalliy o'yinchi maqomida ishtirok etadi. O'z-o'zidan terma jamoada ham asli braziliyalik bo'lgan o'yinchilar o'ynashadi. Ozarboyjon, Rossiya kabi terma jamoalarda ham fuqarolik olgan xorijlik futbolchilar o'ynashmoqda.

-   Bizdagi va Qozog'istondagi futzalning farqli jihatlari nimada?
-   Bizning futbolda asosiy e'tibor texnikaga qaratiladi, shuning uchun ham aql bilan o'ynaydigan futzalchilar ko'p bizda. Kuchli terma jamoalar bilan o'ynaganimizda ko'ramizki bizning o'yinchilar nisbatan jussasi kichik va ixcham, lekin texnikasi yuqori. Qozog'istonda esa ko'proq jismoniy holat muhim rol o'ynaydi.



-   Terma jamoaga ilk bor qachon chaqirishgan?
-   2005 yilda rossiyalik Ivanov murabbiy bo'lgan paytda ilk bor terma jamoaga chaqirishgan. Lekin, termadan doimiy ravishda chaqiruv olmasdim, faqatgina 2009 yildan boshlab doimiy tarzda terma jamoada o'ynab kelayapman.

Serjio Sapo terma jamoaga bosh murabbiy bo'lib kelgach, tarkibni tubdan o'zgartirib yubordi. Termaning asosi tubdan yangilandi. Bir qator yosh o'yinchilarni jalb qildi. Sapodan so'ng Mario Mendez murabbiy bo'ldi, unga Bahodir aka Ahmedov yordamchi bo'ldilar. Hozir esa bizga Bahodir Ahmedov o'zlari murabbiylik qilmoqdalar.

Umuman olganda, Sapo va Mendez futzalimizga juda ko'p yangi jihatlarni olib kirdi. Hatto, hozirgacha ham ularning uslubini mukammal o'rganib olganimizcha yo'q.

Osiyoda hozir hamma jamoalar o'sib bormoqda. Hatto, avvallari autsayder bo'lib yuradigan Vetnam ham hozir yaxshi darajaga chiqib olgan.

-   Qozog'istonga qachon ketishni mo'ljallagansiz?
-   Sog'lig'im bilan bog'liq muammolar sabab hozir mashg'ulotlarda ham qatnasha olmayman. Shuning uchun Toshkentda qolib davolanyapman. Shifokorlar kamida 2 hafta kerakligini aytishdi, ungacha esa u yerda chempionat tugab qolishi ham mumkin. Agar jamoa to'rttalikka kira olmasa. “OzenMunayGaz” bilan shartnomam aprel oyigacha tuzilgan, agar shartnomani uzaytirmasak, unda O'zbekiston klublarida faoliyatimni davom ettiraman.

-   So'nggi savol, Qozog'istondagi futzalchilarning oylik maoshi qancha?
-   U yerda ham, xuddi bizdagidek o'zini ko'rsata olgan, terma jamoaga nomzod o'yinchilar yaxshi pul topishadi. Lekin, asosiy urg'u legionerlarga qaratilganligi tufayli mahalliy va xorijlik futzalchilarning maoshlarini solishtirib bo'lmaydi.

Tolibjon Qosimov suhbatlashdi

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia