

Koronavirus pandemiyasi tufayli chorak va yarim final o'yinlari bitta uchrashuvdan iborat bo'ladi hamda Portugaliyaning Lissabon shahrida bo'lib o'tadi. Final ham aynan shu yerda o'tkaziladi.
"Atalanta" bu mavsum Yevropa chempionlar ligasida debyut qilmoqda. Klub 29 yil deganda evrokuboklar chorak finaliga chiqishga erishdi. PSJ esa oxirgi 8 mavsumda beshinchi bor YCHL chorak finaliga yetib keldi. Biroq parijliklar 1995 yildan buyon yarim finalga chiqa olishmayapti. Bu mavsum barcha musobaqalarni hisobga olganda "Atalanta" 47ta o'yinda 115ta gol urdi, PSJ esa 46ta uchrashuvda 131ta to'p kiritdi.
"Atalanta" yaqinda yakunlangan Italiya A seriyasida 3-o'rinni egalladi. Jamoa chempionatda 98ta gol urdi va bu borada rekord o'rnatdi. YCHL guruh bosqichini esa uchta mag'lubiyat bilan boshlagandi. Keyingi uchta o'yinda 7 ochko to'plagan Jan Pero Gasperini shogirdlari keyingi bosqichga chiqishdi. Nimchorak finalda Ispaniyaning "Valensiya" klubi osonlik bilan (4:1, 4:3) dog'da qoldirildi.
PSJ esa Fransiya chempionati muddatdan avval tugatilgani bois uzoq muddat rasmiy o'yinlarsiz qolib ketdi. Yoz fasli o'rtasida Fransiya kubogi so'ngra Fransiya liga kubogini qo'lga kiritdi. Chempionlar ligasi guruh bosqichida parijliklar 6ta o'yinda 17ta gol urishdi va 16 ochko to'plashdi. Chorak final yo'lida Dortmundning "Borussiya"siga safarda yutqazib qo'ygan (1:2) PSJ o'z maydonida 2:0 hisobida g'alaba qozondi.
Bugun "Atalanta"ga asosiy darvozabon Perluidji Gollini jarohat tufayli yordam bera olmaydi. Jamoaning bu mavsum YCHLdagi to'purari Yosip Ilichich (5ta gol) shaxsiy sabablarga ko'ra maydonga tusha olmaydi.
PSJda ham yo'qotishlar bor. Kilian Mbappening maydonga tushishi so'roq ostida, biroq u ham jamoa bilan birga Portugaliyaga kelgan. Anxel Di Mariya diskvalifikaciya qilingan, Verratti va Kyurzavada jarohat bor.

"Atalanta" - PSJ
12 avgust. Lissabon. "Eshtadiu da Luj" stadioni. 23:59.
Bosh hakam - Entoni Teylor (Angliya).
Translyatsiya - "Futbol TV", "Match-TV, MATCH! Futbol 1".
TAXMINIY TARKIBLAR:
"Atalanta": Sportello; Palomino, Toloy, Djimshiti; Xatebur, de Roon, Froyler, Gosens; A. Gomes, Malinovskiy; Sapata
O'ynamaydi: Gollini (jarohat), Ilichich (shaxsiy sabab)
PSJ: Navas; Kerer, Tyago Silva, Kimpembe, Bernat; Errera, Markinos, Geye; Sarabiya, Ikardi, Neymar
O'ynamaydi: Di Mariya (diskvalifikaciya), Verratti (jarohat), Kyurzava (jarohat)
So'roq ostida: Mbappe (jarohat)
Muallif taxmini: "Atalanta"ga yo'qotishlar pand berishi mumkin, PSJ tajriba evaziga yarim finalga chiqadi.

Narzulla tayyorladi



