JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Angliya

2 iyun 2014, 18:30
Jahon chempionati "D" guruhi favoritlaridan biri Angliya terma jamoasi haqida to'xtalib o'tamiz.

Angliya futbol vatani hisoblanadi. Angliya terma jamoasi haqida fikr yuritadigan bo'lsak, avvalo shuni aytish mumkinki, Angliya futbol assotsiatsiyasi eng birinchilardan bo'lib tashkil topgan. Ular 1905 yilda FIFAga va 1954 yili esa UEFAga a'zo bo'lishgan. 



Angliya terma jamoasi o'zining ilk rasmiy o'yinini 1872 yilda Shotlandiyaga qarshi o'tkazgan. 


Angliya o'z tarixida bir marotaba Jahon chempioni degan nomga sazovor bo'lgan. Ular 1966 yilda Alf Ramsey qo'l ostida Jahon kuboigini qo'lga kiritishgan. Finalda o'z maydonlarida kechgan bahsda Germaniya termasini qo'shimcha taymlarda mag'lub etishni uddasidan chiqishgan.



Angliyaliklar shu paytga qadar hali birorta marta Yevropa chempioni bo'la olishmagan. Ular bu borada Jahon chempioniligi qo'lga kiritib, o'z mintaqasida g'oliblikni qo'lga kiritolmagan yagona jamoa bo'lib turishibdi.

Angliya ancha yillardan buyon katta musobaqalarda g'oliblikni qo'lga kirita olmay kelmoqda. Eng so'nggi muvaffaqiyatli natija bu o'sha 1966 yildagi Jahon chempionati hisoblanadi.



Angliya har doim favoritlar safida tilga olinib kelinadi, lekin amalda esa bu nomni oqlay olishmay kelishmoqda.
So'nggi yillardagi natijalariga e'tibor qaratadigan bo'lsak, jamoa 2002 va 2006 yildagi mundiallarda chorak finalgacha. 2010 yilda JARda bo'lib o'tgan Jahon chempionatida esa 1/8 final bosqichigacha borgan. Umuman olganda, Angliya 1966 yildagi muvaffaqiyatdan so'ng hali biror marta yarim finalga qadar ham yetib kela olmagan.
Alf Ramsey bosh murabbiy bo'lib ishlaganidan so'ng, yana bir qator kuchli mutaxassislar Angliya terma jamoasini boshqarishgan. Ser Bobbi Robson, Grem Teylor, Terri Veneybls, Sven-Yoran Eriksson, Stiv Maklaren, Fabio Kapello kabi murabbiylar Angliyani yuqori pog'onaga chiqarish uchun mehnat qilishgan. Lekin ularningharakat va urinishlari zoe ketgan.



Angliya terma jamoasiga 2012 yilda Roy Xojson bosh murabbiy etib tayinlandi. Ushbu mutaxassis qo'li ostida jamoa uzoq kutilgan natijalarni qo'lga kiritilishi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda jamoada bir qator o'zgarishlar yuz berdi. Kichik avlodlar almashuvi kuzatilmoqda. Roy Xojson mundialga Eshli Koulni olib ketishni istamadi. Shuningdek jamoaning yakuniy tarkibidan Jon Terriga ham joy  topilmadi. Angliyani yetakchi sifatida Runi, Jerard, Lempard kabi futbolchilar mundialda maydonga olib tushishadi. Angliya tarkibidagi Lyuk Shou, Lallana, Xenderson, Chemberleyn, Sterling, Starrij kabi futbolchilar mundial kashfiyotlaridan biri bo'lishi kutilmoqda.



Angliya o'rin olgan "D" guruhi ancha qiziqarli kechishi kutilmoqda. Guruh g'olibligi birdagina uchchala terma jamoa kurash olib borishadi. Urugvay, Italiya va Angliya so'zsiz guruh yetakchilari. Kosta-Rika esa mo'jiza tufayli keyingi bosqichga yo'l olishi mumkin.

Angliya shu kungacha 13 marotaba mundialda ishtirok etgan va jami 59 o'yinda maydonga tushgan. Angliya 26 o'yinda g'alaba qozongan, 19 bahsda durang qayd etilgan va 14 uchrashuvda imkoniyatni boy bergan. To'plar nisbati: 77-51.




Angliya terma jamoasi haqida:

Tashkil topgan yil:
1863

Mintaqasi: Yevropa

Bosh murabbiy: Roy Xojson

Jamoa sardori
: Stiven Jerard

Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi
: Piter Shilton (125 o'yin)

Eng yaxshi to'purar: Bobbi Charlton (49 gol)

FIFA reytingidagi o'rni: 11

Ilk o'yini: Shotlandiya - Angliya 0:0 (1872 yil)

Eng yirik g'alabasi: Irlandiya - Angliya 0:13 (1882 yil)

Eng yirik mag'lubiyati: Vengriya - Angliya 7:1 (1954 yil)

Erishgan yutuqlari:
Jahon chempioni: (1966)


Shahboz Beg'amov


Manba: championat.asia