Jamshid Boltaboev: Orzuim - Manchester Yunayted safida to'p surish

Narzulla Saydullayev
27 okt 2013, 21:07
O'zbekiston o'smirlar terma jamoasining istedodli futbolchilaridan biri, yarim himoyachi Jamshid Boltaboev Xorvatiyaga qarshi o'yinda g'alaba to'pi muallifi bo'lgan edi.
28 oktyabr kuni Gondurasga qarshi nimchorak final o'yini oldidan iqtidorli yarim himoyachi FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi.

Quyida, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi a'zosining FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusini to'lig'icha havola etamiz.

- Jahon chempionatida gol urdingiz. Ushbu gol esa, jamoangizga g'alaba keltirdi. Goldan keyin nimalarni his qildingiz?
 - Jahon chempionatida gol urishni har bir futbolchi istaydi. Gol urgandan keyingi hissiyotlarimni so'z bilan ifodalash qiyin. Kiritgan goldan ham ko'ra ko'proq terma jamoamiz g'alaba qozongani uchun hursandman.

- Nimchorak finaldagi raqib - Gonduras haqida fikringiz.
 - Gonduras jismonan kuchli va o'z taktika va qarashlariga ega jamoa. Ularga qarshi esa, o'zimizning taktikamiz bor. Ularga qarshi bahsda, o'z taktika va o'yinimizni qo'llab g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz.

- Gonduras tarkibida sizda alohida taassurot qoldirgan futbolchi bormi?
 - Gonduras tarkibida 9-raqamda to'p suradigan hujumchining o'yini menda iliq taassurot qoldirdi. Raqib safidagi eng havfli futbolchilardan biri.

- Terma jamoa futbolchisi sifatida aytingchi, jamoangiz turnirda qanchalik muvaffaqiyatga erisha oladi?
 - Har bir jamoaning o'z oldiga qo'ygan maqsadi bor. Bizning maqsadimiz esa - final.

- Aynan Gondurasga qarshi muhim bahsda maydonga tusha olmaysiz?
 - Ikkita sariq kartochka olib navbatdagi uchrashuvni o'tkazib yuborayotganim uchun jamoadoshlarim oldida o'zimni biroz noqulay his qilmoqdaman. O'yinni chetdan kuzatishga majburman.

- Avval ham shunday holatga tushganmisiz? Muhim o'yin oldidan sariq kartochka olib, o'yinni chetdan kuzatishga majbur bo'lganingizni eslay olasizmi?
 - Yo'q. Bunday holatga birinchi bor duch kelishim. Avval bunday vaziyatga tushmagan edim.

- Nima uchun Jamshid Boltaboev aynan futbolni tanlagan, boshqa soxani emas?
 - Sport insonni chiniqtiradi. Ham jismoniy, ham ruhiy jixatdan o'zingi tetik his qilasan. Dastlab, futbolga Muzaffar ismli akam qadam tashlagan. Men esa uning ortidan ergashganman. Birinchi sabab sifatida aynan akamni ko'rsatishim mumkin. Keyinchalik akam futboldan ketdi. Men esa hamon to'p tepmoqdaman.

- Har bir futbolchining o'z oldiga qo'ygan maqsadi, orzulari bor. Qaysi jamoalarda o'ynashni, qaysi futbolchilarga o'xshashni orzu qilasiz?
 - O'zbekistonda Paxtakor safida Osiyo miqyosida barcha sovrinlarni qo'lga kiritishni istayman. Orzuim esa - Manchester Yunaytedda to'p surish.

- Paxtakor va O'zbekiston terma jamoasida qaysi o'yinchilarni o'z ampluasida kuchli futbolchi deb ayta olasiz. Siz o'ynashni orzu qiladigan Manchester Yunayted safidagi futbolchilardan kimlarni alohida ko'rsata olasiz?
- Paxtakor safida Vladimir Kozak, Boyan Miladinovich, Kaxi Maxaradze kabi futbolchilarni alohida qayd etgan bo'lar edim. Manchester Yunaytedda esa, Maykl Kerrik, Ueyn Runilarga havas qilaman.

- O'z amluangizda jahondagi eng kuchli futbolchi deb kimni hisoblaysiz?
 - Xavi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com