“Vodiy futboli”. Kapadze bilan Ismoilov bugun Qo'qonga boradi

Tolibjon Qosimov
31 may 2015, 15:29
Vodiy futboliga oid yangiliklar bilan tanishtirib borishda davom etamiz.
“Andijon”: Bir kunlik dam

Kecha jamoamiz o'z maydonida vodiy derbisida “Neftchi”ga qarshi maydonga tushib yirik hisobda imkoniyatni boy berdi.

Bekoboddagi bahsda yirik mag'lubiyatdan keyin jamoa o'ziga kela olmagan ko'rinadi, farg'onaliklarga ham imkoniyatni boy berdi. Natijada “Andijon” o'z maydonida chempionatdagi dastlabki mag'lubiyatini qabul qilib oldi. O'yindan so'ng odatdagidek futbolchilarga bir kunlik dam berildi. Endi dushanbadan jamoamiz yana qarorgohga yig'ilib tayyorgarlikni boshlaydi.


“Navbahor”: Kecha Qo'qonda o'yinoldi mashg'ulot o'tkazildi


Navbatdagi vodiy derbisiga lochinlarning ham tayyorgarligi past emas. Jamoa kecha Qo'qon shahriga yetib kelgan va mehmonxonaga joylashib, astoydil hozirlik ko'rmoqda deyish mumkin. Baxtiyor Ashurmatov boshqaruvidagi jamoa a'zolari kecha yoshlar ligasidan o'rin olgan “Qo'qon-1912” – “Navbahor” (1:1) uchrashuvidan so'ng “Markaziy” stadionda o'yinoldi mashg'ulotini o'tkazdi.

Tarkibdagi yo'qotishlarga to'xtaladigan bo'lsak, jamoa sardori Dilshod Jabborov o'tgan uchrashuvda qizil kartochka olib maydonni tark etishi natijasida bugungi bahsni o'tkazib yuborishga majbur. Shuningdek, A'zam Aliev ham diskvalifikaciya tufayli mazkur uchrashuvni muxlislar qatorida kuzatadi.


“Neftchi”: Kapadze bilan Ismoilov bugun Qo'qonga boradi

Kecha vodiy derbisida “Andijon” ustidan qozonilgan yirik g'alabadan so'ng bugun asosiy tarkib a'zolariga dam berildi. “Neftchi” futbol klubida bir necha yillardan buyon taminotchi xodim sifatida mexnat qilib kelayotgan Abduvali Yuldashevning bugungi nikoh to'yida “Neftchi” FK a'zolari ham ishtirok etadi. Abduvaliga butun jamoa baxt tilaydi.

Shuningdek, bugun Qo'qonda kechadigan “Qo'qon-1912” – “Navbahor” uchrashuvini bevosita stadionda kuzatish maqsadida “Neftchi” FK raisi Tohir Kapadze bilan bosh murabbiy Murod Ismoilov uchrashuvga tashrif buyuradi.


“Qo'qon-1912”: Bugun yana bir vodiy derbisi
Muxlislarni bugun Qo'qondagi “Markaziy” stadionda yana bir vodiy derbisi kutib turibdi.

“Qo'qon-1912” oliy liganing 11-turidan o'rin olgan “Navbahor”ga qarshi bahsini o'tkazadi. Mazkur o'yinga tayyorgarlik avjida. Bugun boshqa viloyatdan ham derbini qo'rgani muxlislar va mutaxassislar tashrif buyurishi kutilmoqda. “Qo'qon-1912” va “Navbahor”ning umumiy 19-to'qnashuvida kimning qo'li baland keladi? Buni o'yin ko'rsatib beradi. Sizni esa qiziqarli kechishi kutilayotgan uchrashuvga taklif etib qolamiz. Eslatib o'tamiz o'yin soat 17:00da start oladi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia