Temurxo'ja Abduxoliqov: "Xorvatiya va Chiliga muxlislik qilyapman"

Narzulla Saydullayev
21 iyun 2014, 18:01
Braziliyada davom etayotgan JCH-2014da bugun yana 3 ta uchrashuv o'tkaziladi.
Markaziy o'yinlardan biri Nigeriya hamda Bosniya va Gercegoviniya terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadi. Shuningdek, Germaniya  Gana o'yini ham muxlislarni befarq qoldirmaydi. Argentina va Eron terma jamoalari o'yinida favorit aniq. Lekin kechagi Italiya  Kosta-Rika o'yinidan so'ng taxmin qilishga ham qo'rqib qoldik. Ammo Messi jamoadoshlarining bu uchrashuvda g'alaba qozonishlariga forslar to'sqinlik qila olmasalar kerak.

Biz bugungi o'yinlar oldidan Xorvatiyaning Xayduk klubida to'p tepayotgan futbolchimiz Temurxo'ja Abduxoliqovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Temurxo'ja, JCH-2014 o'yinlarini ko'rib boryapsizmi?

- Albatta, syurprizlarga boy o'tayotgan mundialning har bir o'yinini ko'rib boryapman. Oldindan taxmin yoki bashorat qilishning imkoni bo'lmayapti.

- Ispaniya va Angliya terma jamoalarining guruhdan ham chiqa olmagani haqida qanday fikrdasiz?
- Ispaniya o'yinida pasayish bor. Braziliyadagi Ispaniya bundan 4 yil avval JARdagi jamoadan keskin farq qiladi. Hozirgi Ispaniyada g'alabaga bo'lgan ishtiyoq kamroq. Meni Gollandiya va Chili terma jamoalarining g'alabaga chanqoqligi hayron qoldirmoqda. Angliyaga kelsak, bu terma jamoaning o'yinida nisbatan o'sish bor. Shaxsan menga inglizlarning o'yini maqul keldi. Faqat ularga omad yetishmadi, deb o'ylayman. Shaxsiy fikrim, Angliya Italiya va Urugvayga qaraganda hujumkor o'yin namoyish etdi. Ozgina omad bo'lganida, Angliya terma jamoasi hozir bunday ahvolga tushib qolmasdi.

- Shaxsan o'ziz qaysi jamoaga muxlislik qilyapsiz?
- Chili va Xorvatiyaga. Niko Kovach shogirdlariga muxlislik qilishimni izohlashim shart bo'lmasa kerak (kuladi). Chili esa juda chiroyli o'yin ko'rsatmoqda. Bu terma jamoaning mundialdan avvalgi o'rtoqlik o'yinlarini ham ko'rgandim. O'sha paytdayoq Aleksis Sanches shogirdlarining o'yiniga qiziqib qolgandim.

- Bugun Argentina  Eron, Germaniya  Gana hamda Nigeriya  Bosniya va Gertsegovina o'yinlari bo'lib o'tadi. Shunchaki, hisobni taxmin qilib ko'ring.

- Taxmin qila olmayman. Chunki, bashorat vap taxminlar deyarli o'zini oqlamayapti. Nigeriya  Bosniya o'yinida yevropaliklarga muxlislik qilaman. Argentina  Eron bahsida osiyoliklarning ochko olishini istardim. Shunday bo'lgan taqdirda, keyingi JCHlarda Osiyoga ko'proq o'rin ajratilishi mumkin. Germaniya  Gana uchrashuvida esa Yoaxim Lev shogirdlariga ishqibozlik qilaman.

- Sizningcha, chempionlik uchun eng asosiy ikki da'vogar jamoa qaysi?

- Guruh bosqichi yakunlanmasdan bu savolga javob berish mushkul. Menimcha, hali sensaciyalar tugagani yo'q.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia