Shifokorga nisbatan qo'pollik qilgan Bubanyaning licenziyasi qo'mita yig'ilishiga qadar qaytarib olinadi - O'zPFL

Sherzod Nurmatov
20 may 2024, 12:30
Superliga 8-turidan o'rin olgan "Andijon" – "Metallurg" uchrashuviga qo'shib berilgan daqiqalarda "Bobur Arena" bilan bog'liq ko'ngilsiz holat ro'y berdi.

Muxlislar tomonidan maydonga uloqtirilgan jismlardan biri "Metallurg" shifokorining boshiga tegib, uni jarohatladi (VIDEO).

"Bobur Arena"ga tashrif buyurayotgan andijonlik ishqibozlar o'z faolligi va ajoyib harakatlari bilan ajralib turgan bo'lsa-da, ayrim kishilarning mana shunday hatti-harakatlari futbol go'zalligiga putur etkazayotgani achinarli holat. Afsuski, klub va sektorlarda joylashgan faollarning bunday harakatlarga qarshi kurashi samara berayotgani yo'q. Muxlislar harakati Tartib-intizom qo'mitasi tomonidan ko'rib chiqiladi. 

Shuningdek, "Metallurg" shifokori jarohat olgan vaziyatda Andijon futbolchisi Vladimir Bubanya o'zini professional futbolchiga xos tarzda tuta bilmadi. Jamoa yetakchisi sifatida u muxlislarni tinchlantirish o'rniga jarohatlangan shifokorga nisbatan qo'pol harakatlarni amalga oshirdi. Liga futbolchining bu kabi harakatiga toqat qilmaydi. Futbolchilar salomatligi uchun mas'ul shaxsga nisbatan hatti-harakati uchun Bubanyaga Liga tomonidan berilgan licenziya vaqtinchalik qaytarib olinadi. Tartib-intizom qo'mitasining qaroridan keyingina mazkur masala tartibga solinadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz