Islom Ahmedov: "Durang ham yomon emas, lekin g'alaba uchun kelgandik"

20 noya 2026, 01:48
Superliganing 28-turi doirasidagi "Surxon" - "Andijon" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida andijonliklar bosh murabbiyi Islom Ahmedov fikrlarini bildirdi.

- O'yin og'ir kechishini bilardik. Sababi, ikkala jamoa ham deyarli bir xil o'rinda edi. Shuning uchun teng kurashlar bo'lishini bilardik. Surxon jamoasining to'pni yaxshi nazorat qilishini bilgan holda tayyorgarlik ko'rdik. Baribir xohlaysizmi-yo'qmi, bunday paytda o'yin taqdirini birgina gol ham hal qiladi. Bugun ehtiyotkorlik bilan harakatlandik. Ikkala jamoada ham yaxshi vaziyatlar bo'ldi. Lekin foydalana olmadik, yakunda durang qayd etildi. Futbolchilarimiz borini berib mehnat qilishdi, ularga katta rahmat. Andijondan kelib, bizni qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga ham minnatdorlik bildiraman.

- O'yin oxirlarida Islom To'xtaxo'jaev maydondan chetlatildi. Shuni hisobga olganda, natijadan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
- Ehtiyotkorlik bilan harakatlandik, shunga qaramay, ko'plab vaziyatlar yarata oldik. Faqat yakunlovchi nuqtani qo'yishda oqsayapmiz. Mag'lubiyatdan ko'ra durang ham yomon emas. Lekin g'alaba uchun kelgandik. Shu bois qoniqish hosil qildim, deb ayta olmayman. Ikkala jamoani ham mag'lubiyat qoniqtirmasdi, shu bois faqat g'alaba uchun tushgandik.

- Navbatdagi uchrashuv O'zbekiston Kubogi yarim finali hisoblanadi. Lokomotivga qarshi o'yinga tayyorgarlik rejasi qanday olib boriladi?
- Xudo xohlasa, bir kun dam beramiz. Keyin to'planib, mashg'ulotlarga kirishamiz. Lokomotiv bilan yaqinda ham o'ynadik va o'yinlarni tahlil qilib, yarim finalga astoydil tayyorgarlik ko'ramiz.

O'xshash yangiliklar

Manba: "Андижон" матбуот хизмати