Serbiyalik mutaxassis Zavisha Miloslavlevich O'FF prezidenti bilan uchrashdi

Tolibjon Qosimov
18 dek 2017, 16:24
Ayni paytda serbiyalik mutaxassis Zavisha Miloslavlevich mamlakatimizda bo'lib turibdi.

Mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, hududlarda bolalar va o'smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan birinchi galda bolalar murabbiylarining malakasini oshirishga alohida ahamiyat qaratilyapti.

Futbol maktablarida Yevropaning futboli rivojlangan mamlakatlari o'quv-metodikasi asosida ish olib borish, bolalar bilan mashg'ulotlarni yangi uslubda, Yevropa andozalariga mos ravishda o'tkazish va shu yo'l orqali yuqori saviyali futbolchilarni tayyorlashga eng asosiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.

Viloyatlar to'rtta hududga bo'lingan holda, har bir hudud uchun bir nafardan xorijlik mutaxassis jalb qilinishi haqida avval xabar berib o'tgandik.

Mana shu maqsadda, serbiyalik 56 yoshli mutaxassis Zavisha Miloslavlevich poytaxtimizga tashrif buyurdi. U O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish bo'yicha o'zining dasturini taqdim etdi.


O'FF rahbariyati tomonidan bu dastur o'rganib chiqilib, maqul deb topilsa, Zavisha Miloslavlevich bilan shartnoma imzolanadi.

U 3-hudud hisoblangan vodiyda Andijon, Farg'ona, Namangan viloyatlarida ish olib boradi. Zavisha Miloslavlevich hududlardagi bolalar futboli murabbiylari bilan uchrashish, u yerdagi holatni o'rganish maqsadida, viloyatlarda bo'lishi ham rejalashtirilgan. Serbiyalik mutaxassis bugun Andijon shahriga jo'nab ketadi.

Boshqa hududlar uchun ham Yevropadan bolalar futboli bo'yicha mutaxassislarni jalb qilish maqsadida hozirda muzokaralar davom etyapti.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: the-uff.com