

"The Athletic" xabariga ko'ra, Karlo Anchelotti joriy mavsum 3 ta asosiy sovrindan birortasini yuta olmasa, "Real" bosh murabbiyi lavozimini yo'qotadi.
Ma'lum bo'lishicha, o'tgan yozda italiyalik mutaxassis "qaymoqranglilar" rahbariyatidan tarkibni kuchaytirishni so'ragan, biroq rad javobini eshitgach, etiroz bildirmagan.
"Real" 2021/2022 yilgi mavsumda Anchelotti qo'l ostida Chempionlar Ligasi hamda La Ligada g'olib chiqdi va avgust oyida ular orasiga Yevropa Superkubogini qo'shib qo'ydi. Endi italiyalikning asosiy umidi faqat Chempionlar Ligasi bo'lib turibdi. "Real" chempionatda "Barselona"dan 9 ochko ortda qolmoqda, Kubok yarim finalida madridliklar o'z uyidagi birinchi o'yinda "ko'k-anorranglilar"ga yutqazgan, yanvarda esa "blankos" Ispaniya Superkubogi finalida "blaugrana"ga mag'lub bo'lgan edi.



