

Ektor Kuper boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi kechadan boshlab yig'inga kirishgani haqida xabar bergandik. Kecha yopiq tarzda o'tkazilgan mashg'ulotda ishtirok etgan Sherzod A'zamov bugun terma jamoa lagerini tark etdi. A'zamovning bel qismidan olgan jarohati uning mashg'ulotlarda ishtirok etishiga yo'l qo'ymadi.
Shuningdek, Kuper jalb etgan tarkibdan o'rin olgan "Lokomotiv"ning o'ng qanot himoyachisi Shuhrat Muhammadiev ham terma jamoa bilan birga emas. "Buxoro"ga qarshi bahsda jarohat tufayli maydonni tark etgan futbolchi ayni paytda muolaja o'tkazish bilan band. Shu boisdan ham uning o'rniga terma jamoaga "Qo'qon-1912" himoyachisi Murod Xolmuhammedov chaqirildi va futbolchi kechadan buyon mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda. Birinchi mashg'ulotni o'tkazib yuborgan "Paxtakor" a'zosi Akmal Shorahmedov ham bugundan e'tiboran terma jamoa bilan shug'ullanishni boshladi.
Sherzod A'zamov va Shuhrat Muhammadiev Suriya va Eron terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazib yuborishadi.
MTJdan chaqiruv olgan legionerlar esa Suriya terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik o'yiniga bir hafta qolganida o'z klublari ixtiyoridan MTJ lageriga kelib qo'shilishadi.
Shuni qayd etib o'tish kerakki, jarohatlari tufayli legioner maqomidagi ikki yarim himoyachi Vagiz Galiulin hamda Fozil Musaev Kuper boshchiligidagi terma jamoamizning ilk yig'inini o'tkazib yuborishmoqda.



