

Bunyodkorning sobiq yarim himoyachisi erkin agent maqomida Amirliklar klubi safiga borib qo'shilgan va yangi jamoasi bilan bir yarim yillik shartnoma imzolagandi. Ma'lumot uchun, Sharja klubiga 1966 yilda asos solingan bo'lib, bu klub uy o'yinlarini Sharjah Stadium arenasida o'tkazadi.
Klub 5 marta BAA chempioni bo'lgan. Sakkiz bor BAA prezidenti kubogi sohibiga aylangan. Bir marta BAA Superkubogida g'olib chiqqan. Shukurovdan tashqari chililik Sezar Pinares, braziliyaliklar Velliton va Vagner Vieyra legioner sifatida Sharja sharafini himoya qilishadi.
Otabekning jamoasi 12ta klub ishtirok etgan BAA chempionatinining so'nggi mavsumini 6-o'rinda yakunladi. Sharja 22 uchrashuvda 8 g'alaba, 5 durang va 9ta mag'lubiyat qayd etdi, 29 ochko jamg'argan holda, 5-o'rindagi Al-Ahlidan ikki ochko ko'p, 7-pog'onadagi Al-Jaziradan bir ochko kam to'pladi. Bu bilan Sharja o'tgan yilgi natijasini yaxshilashga erishdi. Biz Otabek Shukurov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo'ldik.
- Otabek, bu sizning BAA klubiga ko'chib o'tganingizdan keyingi ilk intervyungiz bo'ladi. Shu bois, keling, suhbatimiz avvalida Sharja jamoasiga ko'chib o'tishingiz haqida ma'lumot bersangiz. Transfer qanday amalga oshdi?
- Xabaringiz bor, o'sha payt Bunyodkor bilan shartnomam yakuniga etgan va erkin agentga aylangandim. Mavsumni boshqa klub safida boshlash uchun bir nechta takliflarim bor edi. Bunyodkor direktori, murabbiylar va yaqinlarim bilan maslahatlashgan holda Sharja variantini tanladim. Takliflar orasida eng maqbuli aynan Amirliklar klubi bo'lib chiqdi.
- Sharjaning taklifi qolgan klublar chorlovidan nimasi bilan afzal ko'rindi?
- O'sha paytdagi eng to'g'ri qarorni qabul qildim, deb o'ylayman. Hamma takliflarni obdon o'rganib chiqqandan keyingina Sharjaga rozilik berdim.
- Sir bo'lmasa, yana qaysi klublardan takliflar olgandingiz?
- Rossiya, Qatar va Janubiy Koreya jamoalaridan aniq takliflar bor edi. Bir necha yildan beri BAA chempionatida o'ynayotgan Aziz Haydarov bilan uzoq gaplashganimdan so'ng bir to'xtamga keldim. Aziz aka menga BAAada futbol reklamasi kuchliroq ekani va bu yerda o'zimni ko'rsata olsam, kuchliroq chempionatlarga yo'l olishim osonroq kechishini aytdilar. Ular bilan terma jamoada ham o'ynash nasib qilgan. Boy tajribaga egalar. Qisqasi, o'sha paytda qabul qilgan qarorimdan aslo afsuslanmayman.
- Odatda, futbolchi sifatida o'sishni istaganlar Yevropa, xususan, Rossiya klublaridan tushadigan taklifni qabul qilishadi. Bazilar pul ko'proq to'lanadigan arab jamoalarini afzal bilishadi...
- To'g'ri, bu fikrga men ham qo'shilaman. Shaxsan o'zimga Rossiya klubidan tushgan taklif qiziqroq tuyulgandi. Yashirmayman, Rossiya chempionatida o'ynashni xohlagandim. Lekin o'sha paytdagi vaziyatda Sharjani tanladim. 22 yoshimda legioner maqomiga ega bo'ldim. BAA chempionatida uzoq qolib ketish istagim yo'q. Aziz Haydarov aytganidek, bu mamlakatda futbol reklamasi yuqori darajada ekan. Nasib qilsa, hali kuchliroq chempionatlarda o'ynashga ulguraman. Asosiy maqsadim ham shu. Sharja o'zimni sinab ko'rish uchun yaxshi variant edi va amalda shunday ham bo'ldi.
- BAA chempionatidan olgan taassurotlaringiz qanday?
- Ochig'i, bunday kutib olishadi, deb o'ylamagandim. Futbolchi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Futboldan boshqa narsa haqida o'ylamaysiz. Alohida uy va mashina berishgan. Oilam ham o'zim bilan birga. Hech qanday kamchilik sezganim yo'q.
- Avval BAA klublari va terma jamoalari bilan ko'p bor to'qnash kelgansiz. Mana, endi o'zingiz ularning chempionatida o'ynab, ichki muhit bilan yaqindan tanishdingiz. Arab futboli nimasi bilan sizga maqul keldi?
- Futbolchilarning jismoniy holati biznikiga qaraganda yaxshiroq. Texnikasi ham yuqori, bemalol 2-3 futbolchini aldab o'tishi mumkin. Raqib jarima maydonchasi atrofida ikki kishi bo'lib ham hujumni golga aylantira olishadi. Ana shu jihatlari menga maqul keldi. O'zimizning futbolchilarda esa jamoaviy o'yin yaxshi yo'lga qo'yilgan. Ozgina tezroq harakat qilib, qisqa to'p uzatishlar bilan aniqroq o'ynalsa, shu jihatda arablardan ustunlikka erisha olamiz.
- Mashg'ulotlar jarayoni va unga yondashish borasida qanday tafovutlar ko'zga tashlandi?
- Arab klublarida asosan xorijlik murabbiylar ishlashadi, aynan ular hamda legioner futbolchilar hamma narsani hal qilishadi. Sharja misolida oladigan bo'lsam, bosh murabbiyimiz mahalliy mutaxassis. Lekin uning yordamchilaridan tortib, to massajchilargacha braziliyalik. Ana shu jihatdan ham mashg'ulotlar biznikidan farq qiladi. Har kungi mashg'ulot oldidan avval trenajyor zalida mashq bajariladi. Keyin legionerlarga qarab ham mashg'ulotlarda ko'p narsa o'rgansa bo'ladi.
- Klub rahbariyatining mavsum yakunlari bo'yicha xulosasi qanday bo'ldi? Sharjaning ishtiroki ijobiy baholandimi?
- Bilishimcha, Sharja so'nggi 3-4 yildan beri BAA chempionatida 10-o'rindan ko'tarila olmayotgan ekan. Men borgan paytda ham jamoa aynan 10-pog'onadan joy olib turgandi. Yakunda esa chempionatni 6-o'rinda yakunladik. Kuchli beshlikdan joy olishimiz uchun bitta g'alaba kamlik qildi. Etti ochkolik farq bilan chempionlikni qo'lga kiritgan Al-Aynga chempionatdagi yagona mag'lubiyatini aynan biz taqdim etdik. O'ylaymanki, kelasi mavsum jamoamiz yana ham yuqoriroq, hatto sovrinli o'rinlar uchun ham kurasha oladi. Klub rahbarlari ham kuchli uchlikdan joy olib, OCHL yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasini ko'zlashmoqda. Buning uchun barcha imkoniyatlar bor. Asosiy vazifa - klubning avvalgi chempionlikka erishgan yillaridagi shonini tiklash.
- Demak, tarkibda o'zgarishlar bo'ladi, shundaymi? Yoki hozirgi futbolchilar bilan ham bu masalani hal qilish mumkinmi?
- Tarkib kuchaytirilishi aniq. Menimcha, braziliyalik legionerlardan kamida ikki nafariga javob beriladi. Ularning o'rniga kuchliroqlari olib kelinadi. Tatildan keyin borganimizdan keyin bu masalalarga oydinlik kiritiladi.
- Tatil qachongacha berilgan va jamoa qaysi sanada to'planadi?
- Rejaga ko'ra, 20-25 iyun kunlari oralig'ida Sharjaga yetib borishimiz kerak. Avvaliga klubning o'zida tibbiy ko'rikdan o'tiladi. Keyin chempionatga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rish maqsadida Yevropada o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil etiladi. Adashmasam, birinchi yig'inimiz 12-14 kun mobaynida Germaniyada bo'lib o'tadi. Shundan so'ng bu mashg'ulotlar Gollandiyaga ko'chadi. Mendagi bor ma'lumotlar hozircha shu. Balki murabbiylar tomonidan yana o'zgarishlar kiritilar.
- Sharja bilan yana bir yillik shartnomangiz bor. Yangi mavsumni ham BAA chempionatida boshlaysiz, deb hisoblasak bo'ladimi?
- Hamma narsa bo'lishi mumkin. Oldindan bir narsa deyish qiyin. Klub ixtiyoriga yetib borganimdan keyin bu masalaga oydinlik kiritiladi.
- Takliflar bormi?
- Yo'q, desam yolg'on bo'lar (kuladi). Lekin katta ehtimol bilan Sharjada qolsam kerak. Shu o'rinda bir narsani aytishim lozimki, BAA chempionatida legionerlar uchun yangi qoida kiritildi. 3+1 ko'rinishidagi osiyolik limiti olib tashlandi. Bu osiyolik futbolchi bo'lmasligi kerak, degani emas. Shunchaki, agar klublar xohlasa, 4 nafar xorijlik futbolchi bilan shartnoma imzolayveradi.
- Jamoadagi tarkib bilan bog'liq muammolar sizga ko'proq ayon. Shu manoda, qaysi poziciyalarni kuchaytirish kerak, deb o'ylaysiz?
- Hujumkorlikni oshirish maqsadga muvofiq. Jamoaviy o'yinni yanada kuchaytirish lozim. Yaxshi himoyachiga ham muhtojmiz. Agar bu muammolar hal etilsa, Sharja bemalol chempionlik uchun kurashsa bo'ladi.
- Klubda kim bilan yaqinroq do'stlashib oldingiz?
- Arab futbolchilari o'zimiz kabi mehmondo'st bo'lishadi, deb sira o'ylamagandim. Jamoamizda juda yaxshi muhit yuzaga kelgan. Nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar bilan ham do'stona muloqotdamiz. Bir-birimizni mehmonga taklif qilib turamiz. Butun jamoa restoranda jam bo'lib o'tiramiz. Bu jamoani yana ham jipslashtiradi.
- O'zbekona lutf ila o'z qo'lingiz bilan osh tayyorlab berdingizmi?
- Ha, braziliyalik jamoadoshlarimni uyga taklif qilib, ularga to'y oshini tayyorlab berdim. Osh pishirilish jarayonini ko'riboq ular hayratda qolishdi.
- BAA chempionatida sizdan tashqari Igor Sergeev va Aziz Haydarov ham o'ynashdi. Ular bilan maydondan tashqarida ham ko'rishib turdinglarmi?
- To'g'risini aytsam, Sergeev bilan ko'rishish nasib qilmadi. Lekin Aziz aka bilan muntazam aloqada bo'lib turdik. Bilmagan narsalarimni so'rayman.
- Sizda Osiyo chempioni bo'lib qaytgan terma jamoa tarkibida o'ynash imkoniyati bor edi. Lekin bu ish amalga oshmay qoldi. O'sha paytda bunga nima to'sqinlik qilgandi?
- Haqiqatan ham, Osiyo chempionatiga borishni juda xohlagandim. Chunki bir necha yil davomida Ravshan Haydarov va chempion bo'lgan bolalar bilan birga ishlagandik. Biz aynan shu yoshda Osiyoning kuchli jamoasimiz. Lekin bundan avvalgi turli yosh toifasidagi qita chempionatlarida o'z maqsadimizga erisha olmay kelayotgandik. Bu biz uchun so'nggi imkoniyat ham edi. Tarkibda juda ko'p iqtidorli futbolchilar yig'ilgandi. Shu bois ham Xitoydan ijobiy natija bilan qaytishimizni kutgandim. Lekin jamoamni o'zgartirganimdan so'ng barchasi klubning qaroriga bog'liq bo'lib qoldi. Federatsiyamiz meni Osiyo chempionatiga qo'yib yuborishlarini so'rab, rasmiy maktub ham jo'natdi. O'zim esa klub rahbarlari va murabbiylari bilan 2-3 marta gaplashib ko'rdim. Lekin men jamoaga qo'shilgan paytimda Sharja chempionatning so'nggi pog'onalarida borayotgan, klub oldiga esa jiddiy vazifalar qo'yilgandi. Shu sababli ham menga ruxsat berishmadi. Boshqa arab mamlakatlarida bo'lgani kabi, Amirliklarda ham legionerlar maydonda katta hajmdagi ishni bajarishadi. Bejizga xorijlik murabbiy va futbolchilarga katta pul sarflanmaydi. Nachora, bu taqdir.
- Oldinda Jakartada o'tkaziladigan Osiyo o'yinlari ham bor. Aynan qita chempioni bo'lgan tarkibning aksariyat futbolchilari ushbu musobaqada ishtirok etishadi. Tabiiyki, sizda ham bunday imkoniyat bo'ladi. Shunday emasmi?
- Hozir shu narsani gaplashyapmiz. O'FA Sharja klubiga xat jo'natar ekan. O'sha payt BAAda ham chempionat boshlanadi. FIFA kunlariga to'g'ri kelmaganligi uchun Osiyo o'yinlariga borishim muammo tug'dirishi mumkin.
- Til masalasida qiynalmayapsizmi?
- Birinchi borgan paytimda tarjimon yordamida muloqotga kirishdim. Shu jihatdan ozgina qiyinchilik bo'ldi. Uch oy o'tganidan keyin o'zim mustaqil gaplasha boshladim. Shu uch oy davomida tarjimonim menga ingliz tilini o'rgatdi. Bu jarayon hamon davom etyapti. Ingliz tilini mukammal o'rganishni maqsadgan qilganman. Chunki BAA klubi men uchun so'nggi manzil emas. Yevropaning kuchli chempionatlarida o'ynashni maqsad qilganman.
- Rossiyada uzoq kutilgan mundial boshlandi. Qaysi termaga muxlislik qilasiz va chempionlik yo'lida kimning imkoniyatlarini yuqoriroq baholaysiz?
- Fransiya va Argentinaga muxlislik qilaman. Lekin Germaniyaning chempionlik uchun imkoniyatlarini yuqoriroq baholayman. Tartib-intizomni birinchi o'ringa qo'ygan olmonlarning har qanday tarkibi ham kuchli bo'ladi.
- Argentinaga Messi sabab muxlislik qilasizmi?
- Faqat Messi uchun emas, shunchaki, yoshlikdan Argentinaning o'yinlari yoqadi. Klublardan Manchester Yunaytedga muxlislik qilaman. Shuningdek, Barselona va Real ishtirokidagi o'yinlariga ham befarq emasman.
Manba. "Interfutbol" gazetasi



