Otabek Narzullaev: “Dinamo”ning taklifi men uchun qiziqarli tuyuldi”

Narzulla Saydullayev
5 iyul 2018, 09:47
So'nggi yillarni “Sho'rtan” jamoasida o'tkazib kelayotgan Otabek Narzullaev kuni-kecha g'uzorliklar bilan xayrlashdi.

Tajribali futbolchi keyingi faoliyatini “Dinamo”da davom ettiradigan bo'ldi. Bu haqda Narzullaevning o'zi bilan suhbatlashganimizda, quyidagilarni ta'kidladi.

- “Sho'rtan” bilan xayrlashganim rost. Jamoani o'z ixtiyorim bilan tark etdim. Chunki “Dinamo”dan chorlov bo'ldi va bu men uchun qiziqarli tuyuldi. Samarqandliklar ustozi Davron aka Fayziev bilan munosabatlarimiz yaxshi. U kishi menga ishonch bildirib, jamoasida ko'rishni istayotganini bildirdi. Qolavaersa “Dinamo”dagi sharoitlar ijobiy tomonga o'zgargan. Jamoaning oldiga aniq vazifa qo'yilgan. Yani mavsumning qolgan qismida Superliga yo'llanmasi uchun kurashamiz. To'g'ri, bu borada imkoniyatlarimiz u qadar zo'r emas. Lekin har bir uchrashuvda g'alaba uchun chiqamiz.

- “Sho'rtan”ni oldiga yil boshida kuchlilar safiga chiqish vazifasi qo'yilgandi. Ammo shunga monand sharoit yaratib berilmagach, natijalar ham o'xshamadi. Yashirishni keragi yo'q, ma'lum muddat oylik maoshlarni olmasdan yurdik. Yaqinda moliyaviy masalalar ijobiy tomonga hal bo'la boshladi. Rahbariyat yaqin orada men bilan ham to'liq hisob-kitob qilishlarini bildirdi. G'uzor jamoasidagi faoliyatimdan nolimayman. U yerda o'zimni har doim erkin his qilganman. Hech qanday muammoga duch kelmadim. Shuning uchun ular bilan do'stona ravishda xayrlashib, nasib qilsa keyinchalik ham birga hamkorlik qilishimiz mumkinligini bildirdim.

- Imidjimni o'zgartirganimning boisi – yaqinda o'z maydonimizda qaysidir o'yindan oldin yigitlar bilan o'zaro bahslashdik. Yani o'sha o'yinda gol uraman va “Sho'rtan” g'alaba qozonadi deb vada bergandim. Aks xolda sochimni butunlay oldirib yuborishga rozi ekanligimni bildirdim. Voqealar rivoji men uchun salbiy ko'rinish oldi. Shu bois sochimni butunlay oldirib yuborishga majbur bo'ldim (kuladi) – deydi Otabek Narzullaev.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia