Ixtiyor Karimov: "Maqsadimiz Superligaga chiqish"

Iskandarov Abdulaziz
10 noya 2026, 10:03
Proliga 26-turdan o'rin olgan "Sho'rtan" – "BuxDU" uchrashuvidan so'ng "Sho'rtan" bosh murabbiyi Ixtiyor Karimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Mavsum oxirlariga kelib o'yinlarni o'tkazish psixologik tomondan qiyin bo'ldi. Bugun ham qiyin bahsni o'tkazdik. Shunga qaramay yigitlarga rahmat, ijobiy natijani qo'lga kiritdik. 3:0 hisobi o'yin qanday kechganini aytib turibdi. Ikki davrali chempionat tugadi, bu bilan barchani tabriklayman. Lekin biz uchun hali mavsum tugagani yo'q. Endi o'tish o'yinlarida ishtirok etamiz. Ijobiy natija tomon harakat qilishda davom etamiz. Oldimizga vazifa qo'yilgan, shu vazifani bajarish ustida ish olib boramiz.

- Chiroylilik jihatdan qaysi golni etirof etasiz: ikkinchi golnimi, uchinchi golnimi?

- Men uchun har uchala golimiz chiroyli bo'ldi. Birinchi gol jamoamizga engillik berdi. Ikkinchi gol bosimni olib tashladi. Uchinchi gol erkinlik sabab yuzaga keldi. Shuning uchun barcha gollar men uchun muhim.

- O'tish o'yinlariga "Sho'rtan" qanchalik tayyor?

- Maqsadimiz Superligaga chiqish, shuning uchun astoydil tayyorgarlik ko'ryapmiz. Raqib tanlamaymiz, kim raqibimiz bo'lmasin, hurmat qilgan holda o'z o'yinimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.

- "Aral"muddatidan oldin vazifani hal etdi. Mavsum boshlarida "Sho'rtan" ham "Aral" bilan yonma-yon borayotgandi. Sizningcha, "Aral"dagi qaysi jihatlar "Sho'rtan"ga kamlik qildi?

- Men olti-ettita uchrashuvdan beri jamoani boshqarib kelayotgan bo'lsam, balki o'yinga tayyorlash borasida ozgina kam ishlandimi. Qaysidir bahslarda o'z imkoniyatlarimizdan to'liq foydalana olmadik. Biz uyda va mehmonda ikki xil o'yin namoyish etdik. "Aral" esa mavsumni bir tekis o'tkazib, shuning uchun chempion bo'ldi.

- "Sho'rtan" avvalgi mavsum ham Superligada ishtirok etib, keyin tushib ketgandi. Bu holat klubga dars bo'lgan bo'lsa kerak?

- Bu savolga ancha chuqur javob berishga to'g'ri keladi. Shuni aytishim mumkin, "Sho'rtan"ning o'z tarixi bor. Biz nafaqat ichki chempionat, balki Osiyo Kuboklarida ham qatnashganmiz. Agar Superligaga chiqsak shunchaki qatnashmoqchi emasmiz. Jamoa oldiga baribir maqsad qo'yiladi va shunga qarab intilamiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia