

Saudiya Arabistonining “Al Jazirah” nashri xabar berishicha, ar-Riyod klubi to'rt nafar futbolchisini O'zbekistonga olib kelmagan.
Jamoa sardori Salim ad-Davsariy Bangkok safaridan qaytgach, jismoniy holatini yaxshilashi uchun qo'shimcha vaqtga muhtoj. Saudiya Arabistoni terma jamoasining so'nggi yig'inida jarohat olgan Muhammad Mahzariy va Sulton Mandash, shuningdek, fransiyalik Saymon Buabre ham “Neftchi”ga qarshi bahsda ishtirok etmaydi.
O'z navbatida, jarohatidan forig' bo'lgan Hamad al-Yomiy joriy mavsumda ilk bor jamoa qaydnomasiga kiritildi. Biroq uning Farg'onadagi uchrashuvda maydonga tushishi jismoniy tayyorgarligiga bog'liq.
Shuningdek, Simone Indzagi “Neftchi”ga qarshi bahsda niderlandiyalik Krisensio Sammervill va braziliyalik Gabriel Martinelli xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Sammervill Osiyo Chempionlar ligasidagi uch o'yinlik diskvalifikaciya muddatini o'tadi. Martinelli esa son orqa mushagidagi jarohatidan to'liq forig' bo'ldi. Braziliyalik futbolchi jarohat sabab Saudiya Arabistoni chempionatida “Al-Fath”, OCHLda esa “Al-Shamol” va “Shabob Al-Ahli”ga qarshi uchrashuvlarni o'tkazib yuborgan edi.
Bugun “Al-Hilol” Farg'ona shahridagi “Istiqlol” stadionida soat 18:15 da yakuniy mashg'ulotini o'tkazadi. Soat 19:15 da esa Simone Indzagi va jamoa futbolchilaridan biri ishtirokida matbuot anjumani tashkil etiladi.
“Neftchi” – “Al-Hilol” uchrashuvi ertaga, 23 noyabr kuni soat 18:45 da boshlanadi.



