Elit OCHL. "Paxtakor"ga qarshi o'yin oldidan "Al Ittihod" tarkibidagi yo'qotishlar ma'lum bo'ldi

Оқил Абдубарноев
20 noya 2026, 11:50
Osiyo Chempionlar ligasi Elit bosqichi 5-turida Toshkentning "Paxtakor" klubini qabul qiladigan Saudiya Arabistonining "Al Ittihod" jamoasi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Saudiya Arabistonining "Al Jazirah" nashri xabar berishicha, Jidda klubi xalqaro tanaffus chog'ida "Al-Ula"ga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib, 2:0 hisobida g'alaba qozongan. Jamoa bosh murabbiyi Yens Vissing mazkur bahsda ko'plab futbolchilarning jismoniy va funkcional holatini sinovdan o'tkazgan.

Uzoq vaqt jarohat sabab maydonga tushmagan himoyachi Ahmad Sharahili ushbu uchrashuvda bir bo'lim harakat qilgan. Uning "Paxtakor"ga qarshi bahsda ishtirok etishi murabbiyning qaroriga bog'liq.

Yana bir himoyachi Hasan Kadesh esa tiklanish jarayonini davom ettirmoqda. Uning Toshkent klubiga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuborishi aniq bo'lgan.

Shuningdek, xochsimon pay jarohatidan forig' bo'lib, yaqinda mashg'ulotlarga qaytgan malilik yarim himoyachi Mamadu Dumbiya "Al-Ula"ga qarshi bahsda ishtirok etmagan. Murabbiylar shtabi futbolchini bosqichma-bosqich o'yinlarga tayyorlashni rejalashtirmoqda.

O'z milliy terma jamoalari yig'inida ishtirok etgan Marvon as-Sahofiy, Foris Abdiy, Ahmad al-G'omidiy, Yusuf an-Nasiriy va Dion Lopining yaqin kunlarda "Al Ittihod" mashg'ulotlariga qo'shilishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, "Al Ittihod" Osiyo Chempionlar ligasining avvalgi turida BAAning "Al-Ayn" klubiga 1:4 hisobida mag'lub bo'lgan edi.

"Al Ittihod" – "Paxtakor" uchrashuvi 23 noyabr kuni Jidda shahrida bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar

Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Al Jazirah