N.YU: "Kecha, bugun, ertaga" - O'zbekiston - BAA 1:1

Nadirkhuja Yuldashev
6 mar 2014, 10:33
Ko'rdik, BAA kuchli, ammo doim ham bizdan ochko oladigan darajadagi kuchli emas. Bizga faqatgina yaxshi tayyorgarlik va kerakli o'rtoqlik o'yinlari yetishmayapti.

MTJning yig'ilgan kunidan boshlab bir kun bo'lsada mashg'ulotlarni qo'yib yubormadim. Kimning kayfiyati qanday, yigitlar o'rtasidagi munosabat, murabbiy va futbolchilarning o'zaro tushunishi. Hammasi a'lo. Bugun esa hamma gina qudrat chetga surilgan, barcha BAA ustidan g'alaba qozonishga tayyordek edi, ammo... Ishoning yaqin yaqingacha ham bunday emasdi. "Kecha, bugun, ertaga" - O'zbekiston - BAA 1:1.


YO'QOLGAN AVLOD
Afsuski mana shu muammolar jon-jonimizga tegib ketdi. O'yin oldi matbuot anjumanida BAA terma jamoasining bosh murabbiyi aniq va tiniq dastur asosida ish olib borilayotganligi, buning uchun BAA FF Pro liga bilan hamkorlikda yosh futbolchilarni MTJ safiga tayyorlash va yaxshi o'yinlar orqali FIFA reytingida o'z o'rnini ko'tarish borasida ish olib ko'rilayotganligini takidladi. Bizdachi? Bizning oliy ligamizda MTJga tortadigan o'yinchi qoldimi? Oltin avlodimiz bo'lgan Ahmad Ubaydullaev shogirdlari qani? 1994 yilda tug'ilgan o'smirlarchi? BAAda bitta emas sakkizta futbolchi MTJning asosiy tarkibidan joy olib turgan bir paytda, bizda...

Mahdi Aliga "Sizga ko'proq qaysi terma jamoamiz kuchli ko'ringan, BAA OTJning raqibi bo'lgan O'zbekiston OTJmi yoki o'sha tarkibni yo'qotib qo'ygan O'zbekiston MTJ?". Murabbiy O'FF, aniqrog'i Markaz faoliyatiga ikki baho qo'yishga iymandi. Bu uning vakolitida emasligini aytib, yoshlarga imkon berish kerakligini bildirib, meni savolimni qo'llab quvvatlagandek bo'ldi.

FAHRIYLARDAN VOZ KECHA OLMAYMIZ...
Chunki biz o'rtada bir avlodni yo'qotdik, Meksikadagilarni ham yo'qotib bo'lganmiz, ammo bu hozircha bilinmayapti. Buni 3 yildan keyin tushunib etamiz. 1989 yilgi yoshlarimiz bugun 25 yoshga to'ldilar, 25 yoshda Ahmedov "Anji"da javlon urayotgan edi. Agar biz bu avlodni saqlay olganimizda, bugun ikkilanmasdan faxriylarning xizmatidan voz kechib yuborishimiz mumkin edi. Ammo Geynrixni almashtirish kerak bo'lgan Shixov, Karpenko o'rniga o'ng qanotda pas berishi kerak bo'lgan Karimov, o'rtadagi Mamadaliev, chap qanotda Jasur Hasanov. Himoyadagi Akmal Xolmurodov, G'ulom O'runov qani? “Dinamo”da demang, ular Moskva yoki Kievning “Dinamo”sida emaslar, o'zimizning Samarqandning “Dinamo”sidalar. Bugungi tarkibni to'liqligicha 1993larga bo'shatib bera olmaymiz. Osiyo Kubogida Kagava, Halfan kabi futbolchilar bizga raqiblik qiladi. Ummonda inqirozga yuz tutgan terma jamoamiz ularga qarshilik ko'rsata olmaydi.



ANZUR QANI?
Markazning ishi klublarga xat yozish emas. "Chanchun Yatay" har xil bahonalar bilan Ismoilovni qo'yib yuborishni istamadi. Kamiga kasalxonaga olib kirib, uni kasal holda ko'rsatib olingan suratini yuborishdi. Tabiiyki RAMKAga solib, osib qo'yish uchun emas. Bu bilan “Chanchun Yatay” o'z ishini qoyillatdi. Jamoa chempionatdagi uch ochkoni qo'lga kiritish uchun ayyorlik qilishni uddasidan chiqdi. Molodec! Lekin bu bahona ekanligini juda yaxshi bildik, buni Anzurni o'zi ham "sotdi". Shunday ekan ko'zzi chirt yumid Xitoyga chipta olib, futbolchini mashg'ulot ustida tutib olish mumkin edi-ku!? O'zi aytib turibdiku, kecha Koreya klubiga qarshi maydonga tushdim deb. Eron ham o'zi uchun qulay vaqtga o'yinni to'g'irlab olganda, rad javobini bera olmagan edik. Biz esa FIFA reytingidagi muhim ochkoni qo'ldan boy berdik.

MAYSAGA KIM JAVOB BERADI?
Balki Angliyada maysani qumga ekarlar, ammo bizda turpoqqa ekish kerak. Angliyadan kelgan mutaxassislar mana ikkinchi marotabadirki, o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishmadi. Bir yil davomida futbol o'ynamalaring deyishdi, o'ynamadik. Quyosh yo'q deyishdi, sun'iy quyosh olib berdik. Bu orada "Lokomotiv" va "Paxtakor" Xitoy va Gollandiyadan yarim yil ichida jahon talablariga 100% javob beradigan maysaga ega bo'lib chempionatni yakunladirlar hamki, "Bunyodkor" stadionidagi chim ildiz otmadi. Aynan mana shu maysaning sifatsizligi deb Livanga keragidan ancha kam gol urdik, Qatar bilan o'yinda qiynaldik va JCHdan mosuvo bo'ldik. Bugun esa bir necha kunlik mehnatni rasvosi chiqdi. To'g'ri BAA ham shu maydonda o'ynadi, ammo birinchi bo'limdagi hujumlarimiz sonidan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, birinchi bo'limda maysaga, ikkinchi bo'limda BAAga imkoniyatni boy berdik. 

SPORT TV QANI?
Shanba, 1 mart kuni Madina Ametovani, kecha to'yma-to'y yurgan ikkita yosh operator bilan syomkaga chiqqanligini inobatga olmasa, "Sport TV"dan bironta xodim MTJning holidan xabar olmadi. Sport TVda tahliliy ko'rsatuvlarni yo'qligi ham futbolimizning orqaga ketishiga olib kelyapti. Futboli rivojlangan davlatlar TVga bo'y sunib ishlaydigan bir paytda... Sayt va gazetada chiqadigan fikrni uzog'i bilan 30-40 ming nafar o'quvchi o'qiydi, Sport TVni esa millionlar tomosha qiladi. TVga chiqib ketishdan qo'rqadiganlar qancha? 3 kun avval Sport TV xodimlaridan biri, saytimiz tomonidan tushirilgan tasvirni berishimizni iltimos qilganiga nima deysiz? Sayt bo'lib biz amalga oshirmoqchi bo'lgan ishni, nima uchun TV kanalimiz qilmaydi? Kecha o'yinni sharhlaganlar, bir marotaba bo'lsada MTJ yig'iniga kelib kerakli axborotlarni oldilarmi? Matbuot anjumanlarida berilayotgan savollarni eshitsangiz, kulasiz. Kim darvozani qo'rqilaydi, Suyunovmi yoki Nesterov? Mashg'ulotga kel, ko'rasan kim asosiy posbon ekanligini.

YANGI FUTBOLKA...
Terma jamoamiz yangi futbolkalarni olganligini o'yin boshlaganida bilibmiz. Pashshadan fil yasashni qachon o'rganamiz? Har yili Yevropa klublari yangi mavsumda kiyadigan liboslarni ko'z-ko'z qiladilar. Bitta manekenga kiydirib, taqdimot o'tkazib yuborsa bo'ladi-ku? Cho'ntakbop qilgan holda muxlislarga sotsin, pul ishlasin. Afsuki ulardan bittasini Haydarov BAAlik do'stiga berib yubordi. Buning uchun jamoamiz mamuri gap eshitmasa bo'ldi edi.

FUTBOLCHI VA MURABBIYLARNI SHAHSIYATIGA TEGMAYLIK
Jeparov yetib keldi... Paytida saltolariga mas bo'lmadikmi? Geynrix qaridi, u artist... Paytida fintlarini olqishlamadikmi? MTJ yo'lida ishlagan penaltilaridan mazza qilmadikmi? Qosimov ... Menimcha, futbolga bo'lgan bu munosabatimiz bilan, hamma hammasini qo'shib hisoblaganizda, Mourinyonga Guss Xiddink yordamchi bo'lsa ham JCHga chiqa olmaymiz. Avval atrofni besh qilib qo'yish kerak, atrofni. Undan keyin maydon ichidagilar natijaga erishmasinlar, mana meni o'zim birinchilardan bo'lib ularni tanqid qilaman. Meni ham MTJ bilan JCHga borgim keladi, bu dunyoda qancha yashayman, yolg'iz xudodan, kim biladi, balki men... Armon bo'lmasin JCH... Shuning uchun shahsiyatga tegadigan haqoratlarni yozmaylik...
Ishonasizmi yo'qmi, birinchi marotaba murabbiy va futbolchilarning mehnatlariga rosmanasiga achindim. Yig'in davomida rosmanasiga ishlandi. Avvallari Qosimov o'yinga qaysi tarkibni tushurishini birinchi mashg'ulotdan keyinoq aytib berar edim. Bu borada o'zi ham hayratga tushgan payti bo'lgan. Chunki o'sha paytlar asosiy tarkib alohida, zaxira futbolchilari esa alohida Maqsudov bilan shug'ullanar edilar. BAAga qarshi o'yin oldidan men chalg'ib ketdim. Har kuni har xil tarkib. Maqsudov goh Ahmedov bilan, goh Musaev bilan ishladi. Aniq tarkibni aytib bo'lmadi. Bu holat futbolchilarning o'ziga ham maqul keldi. Chunki zaxira futbolchisi deb bashorat qilgan o'yinchim, kecha asosiy tarkibda maydonga tushdi. Demak, endi hamma uchun munosabat birdek. Bu uslub davom etsa ancha yaxshi, asosiy tarkibni esa o'rtoqlik uchrashuvi orqali aniqlab olishimiz lozim.



O'yindan keying matbuot anjumanida bejizga savol bermadim. “Nima uchun markaz va stadion mamuriyatining xatolari tufayli murabbiy va futbolchilarimiz tana dashnomlarni eshitishlari kerak, Markaz bilan jiddiy tarzda gaplashsa bo'lmaydimi?”... Javob esa qisqa bo'ldi, “toma-toma ko'l bo'lur”. Haqiqatdan ham mayda bo'lib ko'rinayotgan kichik yaralar, yiringlab ketyapti.
PFLda Magometovning atrofidagilarni tozalash kerak bo'lganidek, Markazda Asqar akani atrofidagilarni yangilash kerak. Tolibjonovni ko'pchilik yomon ko'rishini yashirib o'tirmayman. Ammo u kishini til bilmasligidan, atrofidagi tilshunoslarimiz foydalanishyapti. Forma borasida aniq axborotga ega emasman-ku, ammo o'rtoqlik uchrashuvlari va safar uyushtirish bilan uning atrofidagilar shug'ullanadi. Lekin ularni siz va biz tanimaymiz, bilganimiz Tolibjonov. Balki Tolibjonovni yonini olayotganligim uchun meni tanqid qilarsiz, ammo men ham ahmoq emasman, o'z obro'imni sohta maqtovga almashadigan. Men ham o'z mehnatimga achinaman. Men ham yuqorida aytib o'tganimdek JCHga chiqsak deyman, saytim reklamadan boyib ketishi uchun emas, xalqimiz JCHni ko'rishini istaganimdan.
Qosimov boshqarar ekan, O'zbekistonni yutqazishini istayman deydiganlar ham ko'p. Vattanga shaxs uchun, emas vatanligi uchun ishqibozlik qilish kerak.

PFL

Gapirmadim... O'zi endi kindyerdan qutuldi. BAA bilan solishtirsak, bilganim BAA chempionati bizdan o'tib kyetib bo'ldi. Bizni Oliy ligamizda Aziz Haydarov saviyasidagi futbolchi bormi? Yo'q. BAAda esa bor, oddiy savolga, oddiy javob. BAA biznikilarga o'xshab, pulini to'latib qalang'i qasang'ilarni o'ynatishga yo'l qo'ymaydi.

ECHIMI BORDIR?

Nega yo'q bo'lmasin? Bor albatta. Ko'zzi chirt yumib, Markazga, tanlov va aniq dasturga ega bo'lgan yoshlarni jalb etish kerak. Bizning paytimiz allaqachon keldi. Biz yoshlar, katttalar kabi Xirosimadagi g'alabamiz bilan faxrlanmaymiz, Hindistonda erishgan yutug'imiz bilan sarmast bo'lmaymiz, biz yoshlar hali hech bir natijaga erishmaganmiz va biz bu bilan O'zbekiston MTJsi bilan erishish, keyinchalik bugungi qahramonlarimiz kabi, keyingi yosh avlodga maqtanish uchun ham ishlaymiz.

O'RTOQLIK UCHRASHUVLARINI QANDAY O'TKAZISH KERAK?
Quruq qog'ozga ingliz tilida ikki enlik xatni yozish bilan FIFA ro'yxatidagi terma jamoalarni o'rtoqlik uchrashuviga taklif etib bo'lmaydi. Qanday qilish kerak deysizmi?
Avval siz butun dunyoda o'z auditoriyasiga ega bo'lgan TV kompaniyalar bilan uchrashasiz. Masalan, “Evrosport TV” bilan. Savol berasiz, agar biz Ispaniya bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazsak necha pul berasan, Chili bilan o'ynasak qancha berasan. Keyin ananaviy tarzda jahon chempionatlari va yetakchi jamoalarning o'rtoqlik uchrashuvlarida o'z mahsulotlarini reklama qiladigan kompaniyalar bilan maydon atrofidagi banner uchun narx navoni o'rganasiz. Shuni o'zidayoq qo'lingizda aniq summa paydo bo'ladi. Chili 300 000 AQSH dollariga kelaman deyapti, TV va reklama hamkorliklari orqali siz mazkur o'yindan 200 000 ishlayapsiz deylik. Hali chipta savdosi bor, faqat zarar emas, bunday o'yinlardan foyda ham qilish mumkin, ammo buning uchun loyiha va dastur kerak xolos. Bizda esa qanday, “Chili necha pul so'rayapti, 300 ming, ha qimmat ekan, rad javobini bering”... Aslini olganda bu o'yin ortida necha mingga teng foyda yotganini esa ko'rmaymiz.


P.S: “Koment”ni his hayajonga berilmasdan qoldirishingizni so'rayman.

Nodirxo'ja Yuldashev

Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia