

Biz bu borada saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov Tojikiston futbol federatsiyasi matbuot kotibi Faridun Salievning mulohazalarini tingladik.
"2026 yilgi jahon chempionatida men ikki jamoaga - o'z birodarlarimiz bo'lmish O'zbekiston va Eron terma jamoalariga muxlislik qildim. O'zbekiston o'zining debyut jahon chempionatida ochko jamg'ara olmagani, albatta, afsuslanarli. Biroq, jamoaning o'z tarixida ilk bor mundial yo'llanmasini qo'lga kiritganining o'zi - o'zbek futboli solnomasida abadiy qoladigan ulkan yutuqdir. Ishonchim komilki, ushbu tajriba terma jamoaning kelgusi rivoji va kelajakdagi yangi zafarlari uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
O'zbekiston terma jamoasining o'yinlari haqida gapiradigan bo'lsam, baribir raqiblarning darajasi (klassi) o'z so'zini aytganini takidlash joiz. O'zbekiston terma jamoasining Kolumbiyaga qarshi debyut uchrashuvini Tojikiston futbol federatsiyasidagi hamkasblarim bilan birgalikda O'zbekistonning Tojikistondagi elchixonasida tomosha qildik. Qo'shnilarimizga chin dildan muxlislik qilib, maydondagi har bir vaziyatda hayajon bilan qayg'urdik. Yakuniy natijaga qaramay, jamoa iroda ko'rsatdi, munosib o'yin namoyish etishga harakat qildi va jahon futbolining eng yuqori cho'qqisida bebaho tajriba to'pladi.
Jamoaning 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki yakunlanganidan so'ng, kimdir terma jamoani tanqid qilyapti, kimdir esa aksincha, maqtamoqda. Bu - futbolning ajralmas qismi. Ammo, mening fikrimcha, milliy terma jamoani har qanday vaziyatda - g'alabada ham, mag'lubiyatda ham qo'llab-quvvatlash kerak. Aynan mana shunday muxlislik daldasi jamoani oldinga harakat qilishga, muvaffaqiyatsizliklardan to'g'ri xulosa chiqarishga va yanada kuchliroq bo'lishga yordam beradi",- deydi Faridun Saliev.



