

Yani, FIFA kunlari doirasida turli o'yinlarga guvoh bo'lamiz. Jumladan, O'zbekiston milliy terma jamoasi ham avval Turkmaniston, keyinroq esa Eron terma jamoalariga qarshi maydonda saf tortishadi.
Futbol muxlislari esa baribir ko'proq klublar o'rtasidagi bahslarni sog'inishadi. Xo'sh, FIFA kunlaridan so'ng, noyabr oyi yakuniga qadar e'tibor molik, markaziy o'yin maqomi beriladigan qanday uchrashuvlar muxlislarni kutmoqda? Quyida shular haqida so'z boradi.
25 noyabr, 17:30. “Manchester Siti” - “Liverpul”
So'nggi yillarda ikki jamoa o'rtasidagi bahs APLning derbilari maqomidan ham oshib ketdi. “Manchester derbi”si yoki “London derbi”sidan ko'ra, Gvardiola va Klopp bahsi muxlislarni har tomonlama o'ziga jalb qila olyapti. Mazkur uchrashuv afishasi har tomonlama yuqori.
Chempionatda manchesterliklar 28 ochko bilan 1-o'rinda ketishmoqda, liverpulliklar esa jadvalda 27 ochko bilan 2-o'rinda. Shuningdek, “Arsenal” hisobida 27, “Tottenhem” hisobida 26 ochko bor. Gvardiola shogirdlarining mag'lubiyati jamoa 1-o'rindan 4-o'ringa tushib qolish xavfini oshirsa, “Liverpul”ning mag'lubiyati jamoani 5-o'ringa tushirib yuborishi mumkin (ayni vaqtda 5-pog'onadagi “Aston Villa” hisobida 25 ochko bor).
25 noyabr, 20:00. “Nyukasl” - “Chelsi”
Londonliklarning so'nggi vaqtlarda ko'rsatayotgan o'yini qay darajada zo'rligini APLni kuzatmaydigan futbol ixlosmandlari ham bilib ulgurishdi. Avvaliga “Tottenhem”ni yirik hisobda mag'lub etgan jamoa, keyinroq “Man Siti” bilan super o'yin namoyish etib, 4:4 o'ynadi. “Nyukasl”da ham vaziyat yomonmas. Nafaqat APL, balki YCHLda ham kurash olib borayotgan jamoaning imkoniyatlari yomonmas.
Ushbu o'yin yuqorida anonsini keltirgan uchrashuv yakunlanishi bilan boshlanadi. Hurmatli muxlis, 25 noyabr sanasida 17:30dan 22:30 gacha e'tiboringizni APLga qarating. Haqiqiy futboldan bahri olishingizga ishonamiz.
26 noyabrdan 27 noyabrga o'tar kechasi, 00:45. “Yuventus” - “Inter”
Shanba kuni APLdan zavq olgan muxlis yakshanba oqshomida Italiya futboliga oshno bo'ladi. Ayni vaqtda turnir jadvalida ketma-ket - 1 va 2-o'rinlarda ketayotgan, oradagi farq 2 ochkoni tashkil qilib turgan holda ikki jamoada ham ishtiyoq yuqori. Negaki, agar “Inter” g'olib bo'lsa taqibchisidan 5 ochkoga ildamlab ketadi, Turin klubining g'alabasi ikki Milan jamoasi ham ortda qoldirishga asos bo'ladi.
Bizni Italiyada “olovli oqshom” kutmoqda, ishqilib, ushbu o'yin “italyancha futbol” bo'lib ketmasin.
27 noyabr, 19:00. “Nasaf” - “Al-Faysali”
Osiyo Chempionlar ligasi, “B” guruhida o'rin olgan ikki jamoa o'rtasidagi bahs ko'p narsaga oydinlik kiritib berishi mumkin. Qarshiliklar g'alaba qozonishsa guruhda 10 ochkoga ega bo'lishadi, “Al-Faysali”ning g'alabasi esa ularni 6 ochko bilan bir pog'ona yuqoriga o'tkazishi mumkin.
Qarshidagi “Markaziy” stadion shu kuni qiziq bahsga mezbonlik qiladi.
28 noyabr, 21:00. “Navbahor” - “Al-Hilol”
OCHL guruh bosqichiga qur'a tashlanganda barchani bir savol o'ylantirgandi: Neymar O'zbekistonga keladimi? Afsuski, bu savolga yo'q deb javob bera olamiz hozir. Sababi braziliyalik futbolchi jarohat olgan va shu sabab Namangandagi uchrashuvni o'tkazib yuboradi.
Guruhdagi vaziyat ham ajoyib. Ikki jamoada 10 ochkodan mavjud, ushbu o'yindagi g'olib katta ehtimol bilan guruhda peshqadam bo'lgan holda pley-offga yo'l oladi. Namanganlik muxlislar o'sha kuni suyuklilarini ajoyib tarzda qo'llab-quvvatlashlariga ishonamiz, shuningdek, maydonda boshqa jamoa yulduzlari ham o'yinga bezak berishadi.
28 noyabrdan 29 noyabrga o'tar kechasi, 01:00. PSJ - “Nyukasl”, “Milan” - “Borussiya Dortmund”
Yevropa Chempionlar ligasi “F” guruhidan o'rin olgan ikki uchrashuv ham har tomonlama muhim ahamiyatga ega. Boisi, guruhdagi vaziyat juda ajoyib:

Barcha jamoada imkoniyat bor pley-offga yo'llanma olishga. O'sha oqshom qaysi uchrashuvni tanlashni o'zingiz hal qilasiz, bir-biridan qiziq uchrashuvlar bizni kutmoqda.
Qadrli muxlis, siz qaysi uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqdasiz? Izohlarda yozib qoldirishingiz mumkin.
S.O



