
Avvaliga Sanjar Tursunovning “Al-Haraytiyat” klubi principial o'yinda “Al-Arabi”ga qarshi maydonga chiqib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mazkur g'alaba sabab mezbonlar turnir jadvalida oldinga o'tib oldi, Tursunov jamoasi esa xavfli zonaga qaytib kirdi.
Mazkur jamoalarning 1-davra o'yinida g'olibni aniqlashning imkoni bo'lmagandi - 1:1. Agar “Al-Haraytiyat” zafar quchganida, ligada jon saqlab qolish uchun katta qadam tashlangan bo'lardi.
Temurxo'ja Abduxoliqov to'p suradigan “As-Sayliya” klubi ham jadvalda yonma-yon borayotgan klubdan engildi. Oqibatda “Umm Salal” futbolchilari kuchli to'rtlikka kirib oldi. “As-Sayliya” esa Chempionlar Ligasiga yo'llanma berishi mumkin bo'lgan so'nggi pog'onadan 1 ta pastga tushdi.
“As-Sayliya” so'nggi 10 ta o'yindan faqatgina 1 tasida zafar qucha oldi. Bu qoniqarli ko'rsatkich emas. Abduxoliqovga ham, jamoasiga ham mavsumning avvali yaxshiroq kelgandi. Yakun arafasida esa omad keragidan ko'p uzoqqa kyetib qolgandek. “Umm Salal”ga qarshi 1-davra o'yinida “As-Sayliya” 3:2 hisobida g'olib chiqqandi.

19-turda “As-Sayliya”ga biroz oson bo'ladi: raqib - “Al-Hor”. Sanjar Tursunov jamoasida esa navbatdagi qiyin o'yin - “Al-Ahli”.
Championat.asia statistikasi
Sanjar Tursunov ham, Temurxo'ja Abduxoliqov ham Qatar Yulduzlar Ligasida muntazam o'ynamoqda. Shunga qaramay, milliy terma jamoa uchun vaqtincha mas'ul bo'lgan Timur Kapadze Senegal va Marokashga qarshi o'yinlar uchun Tursunovni tarkibga kiritmadi. Abduxoliqov esa terma tarkibidan joy oldi. Ayni vaqtda Tursunov uchun asosiysi - jamoasining ligada jon saqlab qolishi. Kelgusi taqdiri qanday kechishi esa hozircha noma'lum.
