LaLiga. Madridliklarning omadi chopmadi, "Barselona" esa Messisiz ham gol urdi (9-tur sharhi)

Aslanov Jasurbek
23 okt 2018, 11:49
O'tgan hafta oxiri va joriy hafta boshida LaLiganing 9-tur o'yinlari bo'lib o'tdi.

Ushbu turning eng markaziy o'yinlari haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.


"Selta" - "Alaves" 0:1

9-turni "Selta" hamda "Alaves" o'rtasidagi uchrashuv ochib berdi. O'zini yaxshi tomondan ko'rsatayotgan Baskoniya klubi joriy mavsum katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. "Alaves" Vigo klubiga qarshi bahsda Tomas Pinaning goli evaziga g'alaba qozondi. Jamoa ushbu muvaffaqiyatdan so'ng turnir jadvalida 2-o'ringa chiqib oldi.


"Real" - "Levante" 1:2

Ushbu uchrashuvda "Qirollik klubi" rekord o'rnatdi. Aniqrog'i antirekord. Jamoa o'zining 116 yillik tarixida birinchi marta 465 daqiqa davomida gol ura olmadi. Ushbu raqamlar ortib ketishi mumkin edi, ammo Marselo daqiqalarni to'xtatib qoldi.

O'yin "Qirollik klubi" uchun omadsiz boshlandi. 7 va 13-daqiqalarda "Levante" futbolchilari Morales va Rojer Marti urgan gollar "qaymoqranglilar"ni shoshirib qo'ydi. Madrid klubi birinchi bo'limni golsiz yakunladi. Ikkinchi bo'lim o'rtalarida Marselo hisobni qisqartirdi, ammo "Real" shu bilan to'xtadi. Ko'plab hujumlar, burchak va jarima zarbalari natija bermadi. "Qurbaqalar" ajoyib kayfiyatda uyga qaytishdi, madridliklar esa Xulen Lopetegi o'rniga mutaxassis izlashni boshlab yuborishdi.


"Vilyarreal" - "Atletiko" 1:1

Asta-sekin formasini tiklab olayotgan "matraschilar" bu turda yana ochko yo'qotishdi. Bahs teng kurashlar ostida o'tdi. Uchrashuvda hisob 51-daqiqada "Atletiko" himoyachisi Filipe Luis tomonidan ochildi. 15-daqiqadan so'ng Mario Gaspar o'rtadagi muvozanatni tikladi. "Atletiko" ushbu bahsda g'alaba qozonishga harchand urinmasin, buni uddalay olmadi. Joriy tur oldidan 4-o'rinda bo'lgan "matraschilar" bir pog'ona pastlashdi.


"Barselona" - "Sevilya" 4:2

Ushbu o'yin Kataloniya klubining ko'plab muxlislarini xafa qildi desak adashmaymiz. "Barselona" bahsni juda yaxshi boshladi. 2-daqiqadayoq Koutino Messining uzatmasini golga aylantirdi. Roppa-rosa 10 daqiqadan keyin argentinalik forvardning o'zi sevimli uslubida raqib darvozasini ishg'ol qildi. "Barselona" muxlislarini xafa qilgan vaziyat 16-daqiqa sodir bo'ldi. Messi raqib jamoaning ikki futbolchisi orasidan o'tishga urinib, erga noqulay yiqildi va qo'lini sindirib oldi. 26-daqiqada forvard o'rnini Usmon Dembele egalladi. Kataloniyaliklar Messisiz ham gol urishga muvaffaqa bo'lishdi. Ivan Rakitich va Luis Suares jamoaning 3 va 4-gollariga mualliflik qildi. Pablo Machin shogirdlari faqat 2ta gol bilan javob qaytardi. Ushbu bahsdan so'ng "Barselona" turnir jadvalida yana yetakchiga aylanib oldi.



9-tur natijalari


LaLiga turnir jadvali


To'purarlar reytingi

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Championat.asia