

Mazku bellashuvda tomonlar bittadan gol kiritgan holda murosa ko'chasini tanlashdi.
APL, 2-tur
17.08.2019
"Arsenal" - "Bernli"2:1
"Aston Villa" - "Bornmut" 1:2
"Brayton" - "Vest Xem" 1:1
"Sautgempton" - "Liverpul" 1:2
"Everton" - "Uotford" 1:0
"Norvich" - "Nyukasl" 3:1
"Manchester Siti" - "Tottenxem" 2:2
18.08.2019
"Sheffild Yunayted" - "Kristal Pelas" 1:0
"Chelsi" - "Lester" 1:1
19.08.2019
"Vulverxempton" - "Manchester Yunayted" 1:1

"Arsenal" o'z maydonida Shon Daych boshchiligidagi "Bernli"ni qabul qildi. Yangi kelgan Dani Seballosning ikkita golli pasini Lakazett va Obameyang ko'kka sovurmadi. Mehmonlar safida esa yagona javob to'pini Eshli Barns kiritdi. Shu tariqa, Unai Emeri shogirdlari ikkinchi turdan so'ng ochko yo'qotmagan ikkita jamoadan biriga aylanishdi.

Premer-ligaga qaytgan "Aston Villa" "Bornmut"ni mehmon qildi va bu safar ham mag'lubiyat alamini tortdi. Yozgi transfer oynasida juda ko'p pul sarflagan mezbonlar hozircha ochko jamg'ara olganlari yo'q.
Yozda bir necha nafar yangi o'yinchilarni sotib olib hujum chizig'ini sezilarli kuchaytirib olgan "Vest Xem" bu safar ham yuta olmadi. "Brayton" uyiga safar faqat bir ochkokeltirdi.
Chempionlik uchun "Man Siti" bilan asosiy raqobat qilishi kutilayotgan "Liverpul" "Sautgempton" maydonidan oson bo'lmagan g'alaba bilan qaytdi. Firmino va Manening gollari evaziga ikki to'p farqi bilan oldinga chiqib olgan "qizillar" oxirgi daqiqalarni xotirjam o'tkazishmadi. Sababi, jarohat olgan Alissonning o'rnida o'ynayotgan Adrian kutilmaganda to'pni raqibga berib qo'ydi va Denni Ings so'nggi daqiqalar havotirli o'tishiga sababchi bo'ldi. Shunga qaramay, Klopp shogirdlari g'alabani ushlab qolishdi va turnir jadvalida peshqadamlikni qo'lga olishdi.

O'z maydonida "Uotford"ni qabul qilgan "Everton" Bernardning goli evaziga g'alaba qozondi. Qizig'i, "irislar" ikkinchi turdan so'ng o'z darvozasidan gol olib chiqmagan yagona klub bo'lib turishibdi. Keyingi turda liverpulliklar "Aston Villa" uyiga safar uyushtirishadi. Ko'ramiz, ijobiy seriya saqlab qolinadimi yoki yo'q?

Birinchi turda "Liverpul"dan 1:4 hisobidagi mag'lubiyatni qabul qilib olgan bo'lsa-da, o'yin bo'yicha yomon taassurot qoldirmagan "Norvich" bu gal yaxshi o'yinni tabloda ham aks ettira oldi. "Nyukasl"ga qarshi uchrashuv Teemu Pukkiga ataldi. Finlyandiyalik 29 yoshli hujumchi xet-trik qayd etdi. Qizig'i, hozircha "Norvich" APLda to'rtta gol urdi va ularning hammasiga aynan Pukki mualliflik qildi.

Turning markaziy bellashuviga "Etixad stedium" mezbonlik qildi. Pochchettino boshchiligidagi "Tottenxem" "Manchester Siti" mehmoni bo'ldi va VAR tizimi sabab Londonga 1 ochko bilan ketdi. O'yinda to'liq ustunlik qilgan Gvardiola shogirdlari bu ustunlikni hisobda aks ettira olishmadi. So'nggi daqiqalarda Jezus gol urib g'alabani ilib ketgandek bo'lgandi, ammo VAR to'p braziliyalik hujumchiga kelguncha Laportning qo'liga tekkanini aniqladi. Qizig'i, VAR ikkinchi bor Gvardiolaga pand bermoqda. Har ikki safar ham "Man Siti"ning raqibi "Tottenxem" bo'ldi.

Premer-liga debyutanti "Sheffild Yunayted" o'z maydonida "Kristal Pelas"ni qabul qildi. Darvoza daxlsizligi taminlangan bahsda Lundstremning goli mezbonlarga minimal hisobdagi g'alabani keltirdi.
Frenk Lempard boshchiligidagi "Chelsi" Brendon Rodjers murabbiyligidagi "Lester"ni qabul qildi. Birinchi bo'lim to'lig'icha "aristokratlar"ning ustunligida o'tdi, ammo katta ustunlikka qaramay mezbonlar Meyson Mauntning birgina goli bilan bo'limni tugatishdi. Ikkinchi 45 daqiqalikda esa "tulkilar" o'zlariga kelishdi. Muxlislar tamomila boshqacha ikkita bo'limga guvoh bo'lishdi. "Chelsi" joriy mavsum ucha rasmiy o'yin o'tkazdi va ularning hammasi o'xshash tarzda o'tdi. Yani, "ko'klar" birinchi bo'limni yuqori kayfiyatda o'tkazib, ustunlikni o'z qo'llarida ushlab turishdi. Ammo, ikkinchi bo'limga boshqa jamoa tushib kelgandek tasavvur paydo bo'ldi. Lempard yuqori tempni 90 daqiqa ushlab qolishni uddalay olsa jamoa ketma-ket g'alabalarga erishadi.

Va nihoyat, turni "Moline stedium"da o'tkazilgan "Vulverxempton" - "Manchester Yunayted" bahsi yakunlab berdi. Sulsher shogirdlari dastlabki 45 daqiqalikni juda yaxshi o'tkazishdi. Ajoyib kombinaciyadan so'ng Antoni Marsyal ikkinchi o'yinda ham gol urdi. Antoni bo'lim oxirlarida yana bitta gol urishi ham mumkin edi. Ammo, himoyachining xatosidan so'ng to'pni olib qo'ygan francuz shu qadar tez yugurib ketdi-ki, to'p uning ortida qolib ketdi. Ikkinchi bo'limda esa Ruben Neveshning jarima maydonchasi chizig'i ustidan tepgan ideal zarbasini De Xea ham qaytara olmadi. "Qizil iblislar" g'alabani ilib ketishlari mumkin edi. Biroq, Pol Pogba o'zi ishlagan penaltini golga aylantira olmadi. Rui Patrisiu to'pni qaytardi va jamoasiga bir ochko olib berdi.

APL, 2-turdan keyin to'purarlar ro'yxati
Teemu Pukki ("Norvich"), Rahim Sterling ("Manchester Siti") - 4tadan gol.
Eshli Barns ("Bernli") - 3ta gol
APL, 2-turdan keyin assistentlar ro'yxati
Kevin De Bryuyne ("Manchester Siti") - 3ta golli pas
Todd Kantvell ("Norvich"), Dani Seballos ("Arsenal"), Riyad Marez ("Manchester Siti"), Pol Pogba ("Manchester Yunayted"), Erik Piters ("Bernli") - 2tadan.
APL, 2-turdan keyin eng ko'p gol urgan jamoalar
"Manchester Siti" - 7ta gol
"Liverpul" - 6ta
"Manchester Yunayted", "Tottenxem" - 5tadan
APL, 2g'turdan keyingi turnir jadvali

APL 3-turda to'qnash keladigan jamoalar
23.08.2019
23:55. "Aston Villa" - "Everton"
24.08.2019
16:30. "Norvich" - "Chelsi"
19:00. "Brayton" - "Sautgempton"
19:00. "Manchester Yunayted" - "Kristal Pelas"
19:00. "Uotford" - "Vest Xem"
19:00. "Sheffild Yunayted" - "Lester"
21:30. "Liverpul" - "Arsenal"
25.08.2019
18:00. "Bornmut" - "Manchester Siti"
20:30. "Tottenxem" - "Nyukasl"
20:30. "Vulverxempton" - "Bernli"
Angliya Premer-ligasi turnir jadvali >>>>> APL



