

27 noyabr kuni Turkiya Superligasining 13-turidan o'rin olgan “Rizespor” – “Kasimpasha” uchrashuvi mezbonlarning 3:2 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. O'zbekistonlik futbolchi bahsni zaxira o'rindig'ida o'tkazdi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Rizespor” bosh murabbiyi Rejep Uchar Aliqulovning safga qaytganidan xursand ekanini bildirdi.
“Aliqulov 11 oydan keyin ilk bor zaxira o'rindig'idan joy oldi. Uning biz bilan birga ekani bizni xursand qildi”, – dedi Uchar.
Eslatib o'tamiz, Husniddin Aliqulov 2026 yil 19 yanvar kuni “Gyoztepe”ga qarshi uchrashuvda og'ir jarohat olgan edi. Tibbiy tekshiruvlar natijasida uning chap tizzasida oldingi xochsimon pay va menisklar yirtilgani, shuningdek, tizza qopqog'i va uni ushlab turuvchi pay shikastlangani aniqlangan.
O'shanda “Rizespor” futbolchining tiklanishi uchun 6–9 oy vaqt kerak bo'lishini ma'lum qilgan edi.
Turkiya klubi jarohatidan keyin ham o'zbekistonlik himoyachiga ishonch bildirib, uning shartnomasini 2026/27 yilgi mavsum yakuniga qadar uzaytirgan.
Aliqulovning zaxira o'rindig'iga qaytishi uning tiklanish jarayonidagi muhim qadam bo'ldi. Biroq futbolchi hali rasmiy uchrashuvda maydonga tushgani yo'q.



