Hamidjon Aktamov: "Buxoroga faqat g'alaba uchun tashrif buyurgandik"

Tolibjon Qosimov
17 may 2015, 10:28
"Buxoro" - "Qizilqum" jamoalari uchrashuvidan so'ng, matbuot anjumaniga mehmonlar Ijrochi direktori Hamidjon Aktamov tashrif buyurdi.
- Bu yilgi mavsumning safardagi dastlabki g'alabasini qo'lga kiritganimizdan juda xursandmiz, - dedi Hamidjon G'ulomovich. - O'yinda garchi mezbonlar hisobni ochgan bo'lsa-da, yakunda yigitlar uchrashuv hakam hushtagi chalingunga qadar davom ettishini isbotlay olishdi.  Ikkinchi bo'limda tarkibda amalga oshirgan o'zgarishlarimiz o'z samarasini berdi. Butun o'yin davomida bizni uyushqoqlik bilan qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga katta rahmat!  Buxoroda stadionning o'zidan turib navoiylik olti yuz nafarga yaqin muxlis kuzatib bordi. Ularning hurmati uchun ham bugun g'alaba qozonmasak bo'lmasdi. Buxoroga faqat g'alaba uchun tashrif buyurgandik. Ishonchni oqlashgani uchun yigitlarga katta rahmat!

"Buxoro" ham kuchli jamoa. Biz raqibni puxta o'rganganimiz va ularga qarshi munosib taktika  tanlay olganimiz evaziga muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik. Buxoroliklarga keyingi o'yinlarda omad tilayman.

Keyingi paytda xorijlik mutaxassis izlayotganimiz haqida gap-so'zlar paydo bo'lganiga kelsak, hozircha bu haqda gapirish ortiqcha. Yuriy Lukin ajoyib inson, tajribali mutaxassis. Biz u bilan ishlashda davom etamiz. Hali  Navoiyda kuchli va raqobatbardosh jamoani shakllantirish yo'lida qiladigan ishlarimiz  talaygina. Muhimi, bizni munosib qo'llab-quvvatlayotgan Navoiy viloyati hokimligi, homiylarimiz va ko'psonli ishqibozlarimiz ishonchini oqlash uchun bor kuch hamda imkoniyatimizni ishga solamiz.

"Qizilqum" PFK Matbuot xizmati.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia