Ertaga O'zbekiston U-19 yoshlari "Paxtakor" o'rinbosarlari bilan nazorat uchrashuvi o'tkazadi

19 iyul 2013, 09:03
Aleksey Evstafeev bosh murabbiyligidagi 1995 va undan keyingi yillarda tug'ilgan futbolchilardan tashkil topgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-19) 16 iyul kuni Toshkent shahrida o'zining navbatdagi o'quv-mashg'ulot yig'inini boshlagan edi.
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev mazkur yig'inga jami 25 nafar futbolchini jalb etgan. Mashg'ulotlar Toshkentdagi Chig'atoy hamda JAR stadionlarida o'tkazilmoqda. Terma jamoa yig'ini 21 iyul kunigacha davom etadi.

Ertaga ushbu terma jamoa bitta nazorat uchrashuvini o'tkazadi. Terma jamoamizga sparing-raqib "Paxtakor" yoshlari bo'ladi.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi shu yilning 4-12 oktbyar kunlari 2014 yili Myanmada bo'lib o'tadigan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati saralash bahslarida ishtirok etadi. O'zbekiston yoshlari saralash bahslarining A guruhida Qatar, Turkmaniston, Hindiston va Nepal yoshlar terma jamoalariga qarshi bahs olib boradilar. A guruhi bahslariga esa, Qatar mezbonlik qiladi.

Manba: championat.asia