Ermatov JCH o'yinlarini boshqarish bo'yicha rekord o'rnatdi!

Narzulla Saydullayev
6 iyul 2014, 09:45
JCH-2014 chorak finali doirasidagi Gollandiya – Kosta-Rika (0:0, pen. bo'yicha 4:3) uchrashuvini boshqargan hamyurtimiz Ravshan Ermatov jahon chempionati o'yinlarida hakamlik qilish bo'yicha rekord o'rnatdi.
Bugun tunda o'tkazilgan o'yin 36 yashar Ermatov uchun JCHlardagi to'qqizinchi uchrashuv bo'ldi. Braziliyada davom etayotgan mundialda hamyutimiz hozircha 4 ta o'yinni boshqarishga ulgurdi. To'rt yil avval JARda bo'lib o'tgan jahon chempionatida esa Ermatov 5 ta uchrashuvda hakamlik qilgandi.

Bundan avvalgi rekord (8 ta o'yin) bir yo'la uch nafar referi – Joel Kinyu (Fransiya, JCH-1994), Benito Archundiya (Meksika, JCH-2010) va Xorxe Larrionda (Urugvay, CHM-2010)ga tegishli edi.

Umid qilamizki, Ravshan Ermatov va uning brigadasi hali hech bo'lmaganda, JCH-2014ning final uchrashuvini boshqaradi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: olamsport.com