

Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Rustam Qobilov, viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig'i Shuhrat Ro'ziev va mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda jamoa a'zolari ishtirok etgan yig'ilishda Dinamo klubining 2023 yilgi mavsumni muvaffaqiyatli yakunlagani etirof etilib, 2023 yilgi mavsumda jamoadan samarqandlik muxlislarning umid katta ekani takidlandi.
Yig'ilishda so'nggi uch yil davomida Dinamo PFK bosh direktori lavozimida ishlab kelgan Uchqun Qobilov Pro licenziyasi uchun o'qishi sababli o'z arizasiga ko'ra, lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilindi. Uning o'rniga klub homiysi hamda viloyat rahbariyati taklifi bilan Dilshod Sharofutdinov Dinamo PFK bosh direktori sifatida rasman tanishtirildi.
38 yoshli mutaxassis o'z vaqtida Dinamo, Paxtakor, Navbahor klublari sharafini munosib himoya qilib, so'nggi yillarda jamoada yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
Yig'ilish yakunida viloyat rahbariyati va klub homiylari Dilshod Sharofutdinovga katta mas'uliyat yuklanganini ma'lum qilib, Samarqand futbolini birgalikda yangi darajaga olib chiqish, klub bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan hamjihatlikda yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko'rishni tashkil etish yo'lida omad tilab qolishdi.



