

Ko'pchilik ushbu ikki klub bir-biri bilan azaldan raqib ekanini biladi. Biz finaldan oldin buning sabablari haqida ma'lumot berishga qaror qildik.
Argentina Superligasida o'ynayotgan 26ta klubning 12tasi poytaxt, Buenos-Ayresda joylashgan. Ammo hech qaysi bahs Boka Xuniors va River Pleyt o'rtasidagi o'yinga teng kelmaydi.
Superklasiko deb nomlanuvchi o'yinga teng keladigan bahsni butun dunyoda topish ham amri mahol, ammo Boka va River nima uchun bir-birini bunchalik yomon ko'radi? Bu jamoalar o'rtasidagi raqobat taxminan 100 yil oldin boshlangan.
Hozirda bu klublar kattagina shaharda qo'shni emas, ammo bu jamoalar shaharning bitta tumanida, La Boka portida asos solingan. Bu yerda asosan ishchilar istiqomat qilishardi.
River 1901 yilda La Rosales va Santa Rosa klublari qo'shilishidan paydo bo'lgan, Boka esa to'rt yildan so'ng tashkil etilgan.

Boka Xuniors 1908
Ular bir necha bor o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazishgan, ilk rasmiy o'yin 1913 yilning 14 avgust sanasida bo'lib o'tgan. Boka dastlab Avelyanedadagi Rasing stadionida o'ynardi, ammo uchrashuvda River g'alaba qozongan - 2:1.
Bu jamoalar o'rtasidagi raqobat 1931 yilda avj olgan. Boka yangi davrning ilk chempioni bo'lgan, River esa Sportivodan Karlos Peuselyani 10 000 peso evaziga sotib olgan, shu tariqa millionerlar (Los Millonarios) degan laqabni olgan. River yangi stadion, El Monumentalga ko'chib o'tgan. Ushbu stadion shaharning anchagina rivojlangan dahasi Belgranoda joylashgandi.
River yuqori tabaqa, Boka esa ishchilar tabaqasi jamoasiga aylanib qolgandi. Argentinadagi moliyaviy inqirozdan so'ng, bu ikki klub o'rtasidagi munosabat juda ham keskinlashib ketdi.

River Pleyt 1908
Zamonaviy futbol bu klublardan brendlar paydo qildi. Muxlislar raqibini o'lgudek yomon ko'radi. Boka va River Argentinada taxt uchun kurashishdan hech qachon charchashmaydi.
Qizig'i 2013 yilda hukumat ushbu klub fanatlariga safardagi o'yinlarga borishni taqiqlab qo'ydi. Yani Boka muxlislari River stadioniga borishmaydi va aksincha.
Argentina prezidenti Mauricio Makri bu narsani Libertadores kubogi finalida bekor qilishni taklif qilgan bo'lsa ham klublar mehmon jamoa muxlislarini stadionga kiritmaslikka qaror qilishdi.
Ammo bu ikki qismdan iborat bo'lgan spektaklga hech qanday ta’sir o'tkazmaydi. Birinchi qism, bugun tunda La Bombonera stadionida bo'lib o'tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 01:00da boshlanadi.
Bu esa navbatdagi tarixning yozilishi bo'ladi.

Men juda ko'p futbolni ko'rganman, ammo Superklasikodagi voqealarni so'z bilan tariflab berish mumkin emas. Bu o'zga olam, har bir inson buni hayoti davomida bir marta bo'lsa ham his qilib ko'rishi kerak. Aks holda hech qachon bu ajoyib o'yin qanday hissiyotlar taqdim etishi mumkinligini bila olmaysiz, - degandi Boka Xuniors safida o'ynagan afsonaviy Diego Armando Maradona.




