

Matbuot anjumanida "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev va uchrashuvning "Eng yaxshi futbolchisi" Abbos G'ulomov ishtirok etdi.
- Og'ir o'yinni o'tkazdik. Kecha raqib haqida iliq fikrlarni aytgandim, tartibli futbol namoyish etishini bilardik. Shunday bo'ldi ham. Bazi vaziyatlarda qarshi hujumga chiqdik, bazi hollarda chiqa olmadik. Lekin umuman olganda o'yinni yaxshi o'tkazdik. Qimmatli uch ochkoni qo'lga kiritdik va bundan xursandmiz.
Abbos G'ulomov: - Bu biz uchun juda muhim o'yin edi. Chunki guruhdan chiqishni maqsad qilganmiz. Bizni faqat g'alaba qoniqtirardi, Xudoga shukur yutib oldik. O'z maqsadimizga erishganimizdan xursandmiz.
- Ro'ziqul Sadullaevich, bugungi g'alaba bilan tabriklaymiz. "Nasaf" avvallari birinchi bo'limdayoq g'alabani naqd qilardi. Lekin oxirgi paytlarda asosiy kuchni ikkinchi bo'limga tashlayapsiz. Buning sababi nimada?
- To'g'ri ta'kidladingiz, rostan ham shunday bo'lyapti. Quvaytda ham shunday bo'lgandi. Har bir o'yinga chiqishdan oldin g'alabani o'ylaysiz. Jamoalar hozir birinchi taymda charchoq yo'qligi tufayli ancha yaxshi himoyalanyapti. Bu bizning atayin taktikamiz emas, muhimi 90 daqiqa ichida yutib olsak bo'lgani, qaysi daqiqada gol urishimiz u qadar muhim emas. Bu haqda yigitlarga ham aytamiz, umuman hushyorlikni yo'qotmanglar, oxirigacha kurashish kerak deymiz. Oxirgi to'rtta o'yinda aynan ikkinchi bo'limdagi harakatlarimiz tufayli ijobiy natija qayd etdik. Bugun ikkinchi taymda tashabbusni raqibga berib qo'ydik, buni ham tan olish kerak. Raqib jamoa biz bilan bahsga qadar o'n kun o'yin o'tkazmadi. Ular ancha tetik edi. Biz hisobni ushlab qolishga harakat qildik, shu bois tashabbusni raqibga berib qo'ydik.
- Savolim Abbos G'ulomovga. Abbos, siz bungacha boshqa klublarda ham o'ynagansiz. Nimani yo'qotgandingiz-u, "Nasaf"ga kelib nimani topdim deb o'ylaysiz?
- Birinchi o'rinda yaxshi murabbiyga duch keldim. Shuni bildimki, "Nasaf" qanday holatda bo'lmasin doim yuqori o'rinlar uchun kurashishining asosiy sababi murabbiyda ekan. Ro'ziqul Sadullaevich maqsad bilan ishlaydigan va futbolchilarga nisbatan juda talabchan murabbiy.
- Oxirgi daqiqadagi vaziyatni esga olsak. Raqib o'yinchisi to'pni oyoqda darvozabonga oshirib berdi. Bunga munosabatingiz?
A.G'ulomov: - Vaziyatga yaqinroq edim va menga ham shunday ko'rindi. Lekin qarorni hakamlar chiqaradi. Muhimi, g'alaba qozondik.
R.Berdiev: - Mening nazarimda ham shunday bo'ldi. Afsuski, OCHL 2 turnirida VAR ishlamayapti. Shunday vaziyatlarda VAR juda kerak bo'lyapti. Hakamlarning o'sha vaziyatga e'tibor bermagani biz uchun ham qiziq, balki ularning o'z qarashi bordir.
- OCHL 2da VAR yo'qligini OFK qanday izohlagan?
- Buni biz bilmaymiz. Bilganimiz shunaki, bu musobaqada VAR yo'q. OFK bizga bu borada tushuntirish bermagan. Buni ulardan so'ragan maqul.
- Abduvohid Ne'matovning xorijga ketishi haqida xabarlar chiqdi.
- Agar kuchli jamoadan taklif bo'lsa men qarshilik ko'rsatmayman. Abduvohid legioner bo'lishga loyiq darvozabon. U "Nasaf" uchun ko'p xizmat qildi, jamoa yutuqlariga katta hissa qo'shdi. Lekin unga qaysi klubdan taklif tushganini bilmayman. Bu borada sizlar ko'proq narsa bilasizlar.



