O'z ochkolarimizni olish uchun maydonga tushamiz” - Sergey Chigodaev

25 noya 2026, 23:27
O'zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Chigodaev Jahon chempionatining navbatdagi turidagi raqib - Italiya U-17 jamoasiga qarshi bahs oldidan o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Sergey, g'alaba bilan yana bir bor tabriklaymiz. Ikkinchi o'yinda hujum chizig'i yuqori darajada harakat qildi. Har kuni ham oltita gol urilavermaydi, xet-trik ham har kuni qayd etilavermaydi, ayniqsa Arsen Venger futbolchimizni har kuni ham tabriklavermaydi. Aytingchi, statistikaga ko'ra, raqib darvozasiga 43 marta zarba berilib, oltita gol urildi. Murabbiy sifatida natijadan qay darajada mamnunsiz?

- Assalomu alaykum, avvalambor. G'alaba qozonish har doim yoqimli, ammo bizda hali ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlar bor. Ha, aytganingizdek, darvoza tomon 43 ta zarba yo'llandi, shundan oltitasi gol bo'ldi. Murabbiy uchun doim ishlash va tuzatish kerak bo'lgan jihatlar topiladi. Tabiiyki, vaziyatlardan foydalanish samaradorligi ustida ishlashimiz zarur. Shuningdek, himoyada ham muammolarimiz bor - hozir har bir o'yinda gol o'tkazyapmiz, bu kamchiliklarni ham bartaraf etishimiz kerak. Mashg'ulotlarda shu ustida ham ishlayapmiz.

- Vaziyatlardan foydalanish samaradorligini nimaning hisobiga oshira olamiz?

- Buning barchasi mashg'ulot jarayoni. Hamma narsa ustida ko'proq va ko'proq ishlash kerak.

- Yani yigitlar ruhiy jihatdan erkin, hech qanday bosim yo'q, shundaymi?

- Albatta, ayrim yigitlarda hayajon bor - Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishyapti. Tabiiyki, yigitlar yosh, bazilarida ruhiy barqarorlik yetishmaydi. Bu masala bo'yicha ham yigitlar bilan suhbatlashyapmiz, tushuntiryapmizki, erkin o'ynash lozim. Biroq ayrim futbolchilarda biroz hayajon sezilmoqda.

- Qarang, Suhrob Sadirjonov o'ng qanotdan oldinga yorib kirganda yanada samarali harakat qiladi. Ammo vaqti-vaqti bilan uni qarama-qarshi qanotda ham ko'ryapmiz. Bu murabbiylar ko'rsatmasi bilanmi yoki maydondagi vaziyatdan kelib chiqib o'zlari shunday harakat qilishadimi?

- Yo'q, tabiiyki, uni o'ngda ham, chapda ham o'ynatamiz. Albatta, u o'ng qanotda samaraliroq, chunki asosan himoyachilar ortiga yorib kirishni yaxshi ko'radi, tezkorligi yuqori - biz uning eng kuchli fazilatlaridan foydalanishimiz kerak. Chap qanotda ham, umuman olganda, yomon ko'rinmayapti. Bu raqibning bizni o'rganayotgani bilan ham bog'liq. Biz ham rotaciya qilishimiz, qanotlarni almashtirib turishimiz kerak. Bunda g'ayrioddiy narsa yo'q.

- Uni oxirigacha o'ynatib, uchta gol bilan cheklanmasdan to'rtinchi, beshinchi, balki oltinchi golni ham urishiga imkon berish istagi bo'lmadimi?

- Yo'q, zaxirada undan kam bo'lmagan yigitlarimiz bor, maydonga tushib o'yinni kuchaytirishdi. Tabiiyki, u ham biroz toliqdi. Qolaversa, bu yerda tiklanish uchun atigi ikki kun vaqt berilgan. Vaqt kamligi sababli yigitlarga ham dam beryapmiz.

- Nima uchun gollar haqida gap ochdim? Oldinda uchinchi hal qiluvchi tur bor va ehtimol, to'plar nisbatini hisoblashga to'g'ri kelar.

- Hammasi bo'lishi mumkin, ammo biz hozircha bunga e'tibor qaratmayapmiz. Hozir bor e'tiborimizni Italiyaga qarshi o'yinga qaratganmiz - o'z ochkolarimizni olish va keyin hech narsani hisoblamaslik uchun. O'z ochkolarimizni... Ochko emas, aynan g'alaba va ochkolar. Albatta, nasib etsa, har doim g'alaba uchun maydonga chiqishimiz kerak.

- Italiya terma jamoasi bizga nimasi bilan qiyinchilik tug'dirishi mumkin?

- Italiyaliklar o'tkazgan ikki o'yinni ko'rib chiqdik. Rostdan ham yuqori saviyadagi jamoa, bejizga Yevropa chempioni emas. Ularning kuchli tomonlari bor, lekin zaif jihatlari ham yo'q emas. Aynan mashg'ulot jarayonida o'sha zaif jihatlaridan foydalanish ustida ishlaymiz.

- Jarohat olgan futbolchilarimizning holati qanday?

- Hozircha Muhammad deyarli tayyor, mashg'ulotlarda qatnashyapti, kecha to'p bilan ishlashga urinib ko'rdi, bugun ham to'p bilan mashq qiladi. Nasib etsa, og'riq sezmasa, ertaga maydonga tusha oladi. Adisning ahvoli esa biroz murakkabroq, oyog'ida hali ham og'riq bor. Adis ham Dohada o'zini ko'rsata olishi uchun biz imkon qadar uzoqroqqa borishimiz kerak. Nasib etsa, keyingi o'yingacha safga qaytadi.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia