Ro'ziqul Berdiev: "Agar "Mashal" bizga qarshi o'yinini har qanday raqibga ko'rsatganida bu ahvolga tushmasdi"

Aslanov Jasurbek
21 noya 2026, 22:12
Superliga 28-turdan o'rin olgan "Nasaf" – "Mashal" uchrashuvidan so'ng "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bugungi raqibimiz "Mashal" himoyaga ko'proq e'tibor qaratib bizga qiyinchilik tug'dirdi. Bu kutilgan holat edi, chunki bundan ortig'iga raqibimiz tayyor emasdi. Qachonki raqib 90 daqiqa himoyalanar ekan, vaziyat yuzaga kelishini poylaysan va bu oson bo'lmaydi. Bizda shunday vaziyat bo'ldi va gol urib hisobni ochdik. O'ylaymanki, bu biz uchun muhim g'alaba bo'ldi. Agar "Mashal" bizga qarshi o'yinini har qanday raqibga ko'rsatganida bu ahvolga tushmasdi.

- "Mashal" Proligaga tushib ketdi. Ularning murabbiyi bu ketishda klub yopilib ketishi ham mumkin degan gapni aytdi. Agar "Mashal" yopilsa, o'zbek futboli nimalarni yo'qotadi?
- "Mashal" o'zbek futboli uchun ko'p narsa bergan deb ayta olaman. Bir qator yoshlarni chiqarib keyinchalik shu yoshlar terma jamoaga qadar o'sishga erishdi. Yurtimizda futbol rivojiga katta e'tibor berilmoqda va bunday holatda har qanday klubning yopilib ketishi katta zarar olib keladi. "Mashal"ning hozirgi ahvoli qanday, ayniqsa akademiyasida nima gap to'g'risi bu haqda ma'lumotga ega emasman.

- "Nasaf" va "Mashal"ning o'zaro o'yinlari qachon bunchalik jiddiy tus olgan. Bizga 1997 yil "Mashal" to'liq Qarshiga ko'chirilgandi deb aytishgan. Bu borada fikringiz qanday?
- Har qanday viloyatda viloyatning ikki jamoasi o'zaro to'qnash kelsa bu narsa futbolchilarga qo'shimcha kuch, motivaciya beradi. 1997 yilni eslayman: "Mashal" to'liq Qarshiga ko'chib kelmagandi. Jamoaning 6-7 futbolchisi chaqirilgandi. O'shanda o'zim ham 5-6 futbolchi bilan "Yangier"dan "Nasaf"ga kelganman. Viloyat rahbari tashabbusi bilan viloyat markazida kuchli jamoa tuzish maqsadi bo'lgan. Keyinchalik "Mashal"ga ham e'tibor juda yuqori bo'ldi. E'tibor yuqoriligi sabab o'zaro o'yinlar voha derbisi maqomini oldi.

- Shala bugungi bahsda faolligi bilan ajralib turdi. U keyinchalik ham klubda faoliyatini davom ettiradimi?
- Shala mehnatkash futbolchi va murabbiy sifatida uning jamoamizda qolishini xohlayman. Bilishimcha, futbolchining o'zida ham "Nasaf"da qolish istagi bor. Menimcha, yil yakunida u bilan kelishib olamiz.

- Mavsum oxirlab bormoqda, bunday pallada yetakchi futbolchilarga "sovchilar" chiqa boshlaydi. "Nasaf" rahbariyati yetakchilarni ushlab qolishga qanchalik tayyor?
- Bu haqda hali rahbariyat bilan gaplashmadik. Lekin bu ham muhim masalalardan biri. Albatta, futbolchilarni ham tushunamiz: ular qisqa faoliyat davomida ko'proq pul topishni xohlaydi. Ularning ham oilasi bor. Ammo o'ylaymanki, futbolchilarimiz jamoaga sodiq. Klubimiz rahbariyati esa yetakchilarni ushlab qolishga harakat qiladi.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia