Azizjon G'aniev: "Balcom BMW Cup" musobaqasidan yaxshi taassurotlar qoldi"

Narzulla Saydullayev
15 avg 2015, 14:38
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi kuni kecha Yaponiyadan qaytib keldi. Jasur Abduraimov boshchiligidagi jamoamiz Xirosima shahrida tashkil etilgan "Balcom BMW Cup" musobaqasida ishtirok etib yakunda chempion bo'ldi.

Terma jamoamiz yarim himoyachisi Azizjon G'aniev musobaqa taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

"Xirosima shahrida bizni ajoyib tarzda kutib olishdi. Musobaqa tashkilotchilari barcha sharoitni yaratib qo'yishgan ekan. Hech qanday kamchilik kuzatilmadi. Dastlabki o'yinni Polshaga qarshi o'tkazdik. Bu uchrashuvda qiyinchilikka duch keldik. Yevropa jamoasi jismoniy tomonlama juda kuchli hisoblanadi. Penaltilar seriyasida bizning omadimiz keldi.

Keyingi bahs Yaponiyaga qarshi o'tdi. Bu bahs biz uchun ajoyib o'tdi. Yigitlar juda yaxshi harakat qilishdi. Ikkinchi bo'lim boshida urilgan gol evaziga yaponlarni taslim qildik. O'sha bahsda tashkilotchilar meni o'yinning eng yaxshi futbolchisi deb topishdi. Bundan to'g'risi juda xursand bo'ldim.

Oxirgi o'yinda Xirosima yoshlar terma jamoasi bilan o'ynadik. Bu uchrashuvda 3:1 hisobida zafar quchdik va musobaqada chempion bo'ldik.

Jasur Abduraimov boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan ishlash menga yoqdi. Ular futbolchilar bilan tezda til topishib ketishdi. Maqsadimiz Bangladeshda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati saralashida muvaffaqiyatli qatnashib qita chempionatiga yo'llanma olish", - deydi Azizjon G'aniev.


Gulshan Sadullaeva yozib oldi



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia