Azamat Ashirmatov: “Andijondagi hakamlik bizni qoniqtirmadi”

1 okt 2013, 17:04
Kecha Andijon shahrida futbol bo'yicha faxriylar o'rtasida “Andijon” – “Qo'qon” o'yini bo'lib o'tdi. Oldin xabar berganimizdek, mazkur o'yin poyoniga etmasdan turib, tugagan.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Qo'qon” faxriylar jamoasining o'ynovchi murabbiyi Azamat Ashirmatov bilan suhbatlashdik.

- To'g'risini aytganda, Andijondagi bahsda hakamlikdan qoniqmadik – deydi Ashirmatov. Shu bois o'yin tugamasidan turib, maydondan chiqib ketdik. Uchrashuvni Akmaljon (Akmal Rahimov nazarda tutilyapti - muallif) boshqarib bordi. Qanotlarda unga kim ko'maklashganini ochig'i bilmayman. Tanimadim. Bizni o'yin davomida ko'proq aynan ushbu qanot hakamlari ajabtovur qarorlari bilan ajablantirdi. To'g'ri, bosh hakam ham xatolarga yo'l qo'ydi. Hammasidan ko'ra, laynsmenlardan jabr chekdik.

- Hakamlarni o'yinga kim tayinlaydi?

- O'FF. Lekin vodiydagi o'yinlarga andijonlik Alijon Marajabovni nazoratchi etib tayinlangan. O'yinlarni qaysi hakam boshqarib borishini aynan shu kishi hal qiladi. Vaholanki Marajabov “Andijon” faxriylar jamoasida ham ishlaydi. Ilgari bunday o'yinlarni birinchi liga yoki oliy liga o'yinini boshqarish uchun Toshkentdan kelgan hakamlar boshqarib, so'ngra uyiga ketishardi. Bu yil esa mahalliy hakamlar boshqarishi to'g'risida reglamentda yozilgan. Shu bois Qo'qon va Andijondagi o'yinlarni mahalliy hakamlar boshqardi.

- O'yin qanday o'tdi o'zi?

- Tan olish kerak, Andijon shu kuni ustunlik qildi, o'yin bo'yicha. Lekin hakamlar ko'magi bilan. Misol uchun ikkinchi bo'limning to'xtalishlariga bosh hakam 3 daqiqa qo'shib berdim dedi. Vaholanki o'yin 5 daqiqadan ham o'tib ketgandi. Aslida faxriylar o'rtasidagi o'yinlarning har bir bo'limi 30 daqiqadan iborat bo'ladi. Lekin bilasizmi shu kuni ikkinchi taymda 35 daqiqadan ham ko'p o'ynadik. Andijonliklar to'rtinchi golni urmaguniga qadar o'yin davom etdi. Bunga chidab tura olmadik. Futbolchilarimiz hakamlar brigadasiga etiroz bildira boshladi va shu tariqa maydonni tark etishga qaror qildik. Bor gap shu.

- Ushbu juftlik g'olibi, Toshkentda o'tadigan yarim final bosqichida ishtirok etadi. Poytaxtga endi qaysi jamoa boradi?

- Endi bu masala payshanba kuni O'FFda hal etiladi deyishdi. Uchrashuv video tasmasi bor. Mutaxassislar aynan o'sha diskni ko'rib chiqib, keyin bir xulosaga keladi.


Manba: championat.asia