Azamat Abduraimov: "Shogirdlarimda gol urish ishtiyoqi yuqori bo'ldi"

Narzulla Saydullayev
13 avg 2013, 10:40
“Andijon” va “Orol” jamoalari o'rtasidagi uchrashuv maydon egalarining o'ta yirik hisobdagi g'alabasi bilan yakun topdi.
Tabiiyki, 7:1 hisobidagi g'alabadan keyin jamoamiz ustozi Azamat Abduraimovning kayfiyati chog' edi. Bosh murabbiy o'yin to'g'risida quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Bugun sun'iy qoplamali maydonda to'p surganimiz o'yin oson o'tmasligi ma'lum edi. Shu bois birinchi bo'limda o'yinimiz unchalik qovushmadi. Qolaversa, bugungi bahsda yosh va yangi o'yinchilarni sinab ko'rishga qaror qilganim uchun ayrim yetakchilarimizni zaxiradan qoldirgandim. Ammo ikkinchi taymda yigitlar o'z o'yinini namoyish etib raqib darvozasiga bir nechta gollar kiritishdi. Albatta, o'yindan va natijadan to'la qoniqish hosil qildim. Birinchi bosqichda raqiblar darvozasiga 4tadan ortiq gol urmagandik. Meni xursand qilgani, bugun shogirdlarimda ishtiyoq yuqori bo'ldi va o'ta yirik hisobda g'alaba qozondik. O'ylaymanki, keyingi uchrashuvda ham yigitlar mana shunday sermahsullikni davom ettirishadi.
Jamoamiz yetakchisi Bahrom Abdurahimovda jarohat borligi uchun maydonga tusha olmadi. Albatta uning yo'qligi bilindi. Bahrom hozir sog'ligini tiklamoqda va tez orada u safga qaytadi.

Sardor Soipov, Akrom Komilov va Davron Usmonov kabi yangi futbolchilar bugun debyut o'yinini o'tkazishdi. Dastlabki uchrashuvda ular yomon taassurot qoldirishmadi. Masalan, Sardorda birinchi taymda gol urish uchun yaxshi imkoniyat ham bo'lgandi. Lekin vaziyatdan unumli foydalana olmadi. Albatta, debyut uchrashuvdayoq yangi jamoa o'yinini moslashish oson emas. Ishonamanki, ular o'yindan-o'yinga yanada yaxshi to'p surishadi va jamoada o'z o'rnini topa olishadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: andijon-pfc.uz