"Andijon"ning 50 yoshiga sovg'a yoxud O'FF rahbarlari Andijonda bo'ldilar!

Nadirkhuja Yuldashev
18 noya 2014, 13:11
Hozirgina Andijon viloyatida katta majlis o'z yakuniga etdi.
Mirabror Usmonov boshchiligidagi katta delegaciyadan Narimon Jalolov, Sardor Rahmatullaev, Farhod Magometov, Muxtor Hoshimov, Oybek Kasimov, Murod Aliev, Shavkat Jalilov va Shavkat Imomov o'rin olishdi.

Andijonga borishdan asosiy maqsad, viloyatda sport turlariga jiddiy e'tibor qaratish, viloyat futbol jamoasining infrastrukturasini kuchaytirish, MOQ tomonidan belgilab olingan istiqbolli sport turlariga bo'lgan e'tiborni oshirish bo'ldi.

Viloyat hokimiyatining majlislar zalida bo'lib o'tgan katta yig'ilishda, viloyat hokimi Shuhratbek Qo'shoqboevich Abdurahmonov ham ishtirok etdi. 

Mirabror Usmonov viloyatda boks, kurash, dzyudo, o'q otish, qilichbozlik, engil va og'ir atletikani rivojlantirish lozimligini ta'kidlab o'tdi.

Majlisda Andijon sportiga o'zining munosib ulushini qo'shgan murabbiy va sportchilar ham ishtirok etdilar. 

Xabaringiz bor, joriy yil klub faoliyatini boshlaganiga roppa-rosa 50 yil to'ldi. Garchand, jamoa oliy ligadan tushib ketgan bo'lsa-da, to'yga to'yona deganlaridek, Mirabror Zufarovich andijonliklarga 2015 yilgi mavsumda ham oliy ligada ishtirok etishlarini aytib o'tdi. Shu bilan birga Mirabror Zufarovich, endi Olimpiada o'yinlariga licenziyani qo'lga kiritgan har bir sportchi alohida rag'batlantirilishi, Olimpiada o'yinlarining sovrindorlari esa London olimpiadasiga solishtirganda ikki barobar ko'p miqdorda mukofot olishlarini aytib o'tdi. 

O'z navbatida viloyat hokimi so'nggi ikki yilda klubga tushirilgan pullar to'g'ri yo'lda foydalanilmagani, bundan keyin e'tiborliroq bo'lish lozimligini ta'kidlab, endi katta maoshlar belgilanmasligi, aksincha, zabt etilgan o'ringa qarab qo'shimcha bonuslar berilishini aytib o'tdi. 

Eslatib o'tamiz, bundan bir necha hafta muqaddam klubga Shuhrat O'rinboev vice-prezident etib tayinlangan edi.


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia